Adolatparvarlik, bag‘rikenglik qomusi
Adolatparvarlik, bag‘rikenglik qomusi

 

Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining birinchi Konstitutsiyasi qabul qilingani mamlakatimiz hayotidagi muhim tarixiy voqeadir. O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan sanadan e’tiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat sifatida qaror topgan bo‘lsa, Konstitutsiya qabul qilinishi bilan mustaqillikning huquqiy tamal toshi o‘rnatilgan.

Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining namunasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarining mustahkam huquqiy kafolati sifatida demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida asosiy poydevor bo‘lib kelmoqda.

Insoniyat rivojlanar ekan, yagona, asosiy qonunga ehtiyoj paydo bo‘lgan. Ko‘pchilik dunyodagi ilk Konstitutsiya AQShda ishlab chiqilgan, deb hisoblaydi. Konstitutsiyaning ibtidosi aslida qadimgi Afina huquqiy hujjatlari bo‘lsa ajab emas. «Konstitutsiya» so‘zi lotinchada constitutio – tuzum, tuzilish ma’nosini anglatadi. Bundan qariyb to‘rt ming yil avval qadimgi Bobilda yaratilgan Xammurapi qonunlarida ham Konstitutsiyaga xos ko‘pgina jihatlar o‘z aksini topgan.

Bugungi kunda turli davlatlarda amalda bo‘lgan Konstitutsiyalarning ham o‘ziga xos jihatlari mavjud. Masalan, Hindiston Konstitutsiyasi 1950 yilda qabul qilingan. U hajmi bo‘yicha dunyodagi eng katta Asosiy qonundir. U qabul qilingandan buyon 500 dan oshiqroq o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilgan, 80 ta yangi modda qo‘shilgan, qariyb 20 ta modda bekor qilingan.

Qiyoslash uchun quyidagi ma’lumotga e’tibor bering: AQSH Konstitutsiyasi hajman kichik bo‘lishiga qaramay, qabul qilingandan buyon o‘tgan ikki asrdan oshiqroq vaqt mobaynida boryo‘g‘i 27 ta o‘zgartirish kiritilgan. Shuning 10 tasi «Inson huquqlari haqida bill» deb nomlanadi. AQSH Konstitutsiyasining ilk matnida asosiy e’tibor federal davlat tuzilishiga qaratilgan bo‘lib, inson huquqlariga oid normalar deyarli yo‘q edi. Amerika Qo‘shma Shtatlari demokratik davlat sifatida ma’lum va mashhur bo‘lsa-da, uning Konstitutsiyasida «demokratiya» so‘zi qo‘llanmagan.

Yaponiya Konstitutsiyasining uch asosiy tamoyili bor: xalq suvereniteti, insonning asosiy huquqlarini hurmat qilish, patsifizm (millatning suveren huquqi sifatida urushdan voz kechish).

 

Tarixiy voqea

Joriy yilning o‘tgan davrida xalqimiz ikkita yirik ijtimoiy-siyosiy voqeaning ishtirokchisi ham bo‘ldi, bu muhim demokratik jarayonlardan biri 30 apreldagi umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganidir.

Bunday muhim voqeliklar, o‘z navbatida, jamiyatimizning siyosiy yetukligini, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor amalda tasdiqladi. Binobarin, mamlakatimizning yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy zaminida milliy taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish, shiddatli va keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish davr talabiga aylandi.

Yangi Konstitutsiya bilan inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi pog‘onaga ko‘tarishga, ya’ni xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratildi.

Konstitutsiya davlatning qonuniy asoslarini belgilab berish bilan bir qatorda, uning kelajagi uchun ham asos yaratadi. Shu sababli ham Konstitutsiyaning 1-moddasi “O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” shaklida e’tirof etildi.

Konstitutsiyani yangilash islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan “inson – jamiyat – davlat”, degan konsepsiyasini Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, hayotimizda bosh qadriyatga aylantirdi.

Konstitutsiyamiz tarixan sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hujjatdir. Asosiy qonunimiz eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan.

Shu bilan birga, yangilangan Konstitutsiyada xalqimizning asrlar davomida shakllangan milliy tafakkuri, adolatparvarligi, haqiqatgo‘yligi, bag‘rikengligi kabi oliy qadriyatlari o‘z aksini topgan.

 

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 6.12.2023, №48

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish