Konstitutsiyamiz – inson manfaatlari uchun xizmat qiladi
Konstitutsiyamiz – inson manfaatlari uchun xizmat qiladi

 

O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’tirof etilgani xalqimiz uchun manfaatli bo‘ldi. Nega degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Avvalo, bu davlat har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olishini anglatadi. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dusturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Oddiy xalq tilida aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalari ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi ta’lim olib, farovonlikka erishish imkoniyati yaratiladi.

Shular qatorida konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekanligining o‘zi, amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning tub mohiyatida inson qadri turganidan dalolat beradi.

Umuman, har bir davlat o‘z fuqarolari bilan munosabat o‘rnatar ekan, alohida huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi. Ya’ni davlat ham, fuqaro ham o‘ziga xos huquq hamda majburiyatlar egasidir. Davlat fuqarolar tinch, xavfsiz yashashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish kabi majburiyatga ega bo‘lsa, fuqarolar birinchi navbatda, qonunlarga bo‘ysunishi, jamiyatdagi qoidalar va talablarga rioya qilishi, hayoti davomida duch keladigan majburiyatlarni bajarishi kabi mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olishi lozim bo‘ladi.

Joriy yilda xalqimiz tomonidan qabul qilingan O‘bekiston Respublikasining yangi tahriridagi Konstitutsiyasida inson huquqlari masalasiga ham alohida ustuvorlik berilgan. Shu ma’noda ikkinchi bo‘lim inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari masalasiga bag‘ishlangan. Ya’ni, Qomusimizning 21-moddasida “Har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas. Inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart”, deb mustahkamlab qo‘yildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda masalan Germaniya Konstitutsiyasida aytiladiki, “Quyida sanab o‘tiladigan asosiy huquqlar qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati uchun bevosita amal qiladigan huquq sifatida majburiydir”, deyilgan. Bu yerda quyida deganda, fuqarolarning asosiy shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy huquqlarini nazarda tutiladi.

Ta’kidlash lozimki, inson huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi, degan normaning mustahkamlanishi ham amalda muhim ahamiyat kasb etdi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsiplariga asoslangan. Ya’ni, bunda jazolash yoki boshqa ta’sir ko‘rsatishning chegarasi insoniylikka borib taqaladi. Aniq qilib aytganda, Konstitutsiya va qonunlarning asosiy maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilishdan iboratdir. Ya’ni, qonunlar kimgadir ortiqcha majburiyat yoki xarajat yuklashi mumkin emas.

Eslatib o‘tishni lozim deb bildim, o‘tgan pandemiya sharoitida ba’zi tadbirkorlar qiyinchiliklarga duch keldi, davlat esa mazkur holatga baho bergan holda ularga tegishli imtiyozlar berdi, ortiqcha huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmadi. Albatta, bu insonparvarlik prinsipining amaldagi ijrosi desak, aslo xato qilmagan bo‘lamiz.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Konstitutsiyaga kiritilgan inson huquq va erkinliklarini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi normalar so‘nggi yillarda ilgari surilgan inson qadrini e’zozlash tamoyillariga to‘laligicha mos keladi.

 

O‘rol O‘RAZBOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish