Fraksiyamiz e’tiroz bildirgan loyiha Yalpida orqaga qaytdi
Fraksiyamiz e’tiroz bildirgan loyiha Yalpida orqaga qaytdi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun kiritilgan edi. Biroq deputatlar mazkur loyihani kun tartibidan chiqarib yubordi. Bir kun avval O‘zbekiston XDP fraksiyasi majlisida e’tirozli joyni loyihadan chiqarib tashlash sharti bilan qo‘llagan edi.

Loyihada davlat yordami (imtiyozlar, subsidiyalar) bo‘yicha loyihalarni Raqobat qo‘mitasi bilan maslahatlashishni majburiy qilish, ayrim sanksiyalarni yumshatish taklif etilgandi.

Loyiha taqdimotida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farruh Qoraboyev “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilingandan keyin ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zarurati paydo bo‘lganini ta’kidladi.

Jumladan, ayrim o‘zgarishlar davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash bilan bog‘liq bo‘lib, shu asosida yil boshidan buyon qo‘mita tomonidan 377 ta me’yoriy-huquqiy hujjat loyihasi ko‘rib chiqilgan. Ularning 38 foizida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi umumiy yoki individual me’yorlar aniqlangani bildirildi. Shu bois, davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash mexanizmini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat tadbirkorlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, mutlaq huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslari hamda yer osti boyliklaridan foydalanish huquqlarini ta’minlash shaklida yordam ko‘rsatishi mumkin.

Loyiha tashabbuskorlari esa nafaqat tovar va moliya bozorlaridagi raqobat masalalari bo‘yicha loyihalar, balki davlat yordamini nazarda tutuvchi loyihalarni ham qo‘mita bilan muvofiqlashtirishni majburiy qilish taklifini ilgari surdi.

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bu me’yorga qarshi chiqdi. Ya’ni, endilikda Prezidentning tegishli farmonida qo‘mita davlat yordamining ta’sirini baholab, xulosa berishi belgilab qo‘yilganini ta’kidladi.

“Prezident farmonida davlat organlari davlat yordami berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini raqobat muhitiga ularning ta’sirini baholashdan o‘tkazish kerakligi belgilangan. Ya’ni, ta’sirini baholash uchun xulosa olinishi nazarda tutilgan. Sizlarning fikringizga ko‘ra, davlat rahbari kimgadir imkoniyat va imtiyoz beradigan bo‘lsa yoki biz bir qonunni qabul qilsak, sizlar bilan majburiy tartibda kelishishimiz kerakmi? Yoki hukumat kelishadimi? Sizlar ham hukumat tarkibida emasmisizlar? Parlament qonunni (qabul qilmoqchi) yoki Prezident farmon (qabul) qilmoqchi, sizlar bilan kelishib olishi kerakmi? Sizlar majburiy kelishasizlar. Yo‘q, desangiz, yo‘qmish. Bor desanglar, bormish… Buni bu joyga qo‘shishinglar kerak emas. Bu borada maxsus institut bor. Ana shu asosida ishlayveringlar. Qonunga majburiy kelishishni qo‘shishning nima keragi bor?”, — dedi u.

Shu bilan birga, qonunning 13-moddasiga o‘zgartirish kiritish taklif etilgandi. Unga ko‘ra, asosiy faoliyati tabiiy monopoliya sharoitida tovar ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyekt bunday faoliyatni amalga oshirsa, tovar yoki monopoliya bozorida ustun mavqe, deb e’tirof etiladi.

Farrux Qoraboyevga ko‘ra, narxlar asossiz oshirilgan yoki tariflar noto‘g‘ri belgilangan, tadbirkorlar hamda iste’molchilarning huquq va manfaatlari poymol qilingan taqdirda mazkur tadbirkorlik subyektlariga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari qo‘llaniladi.

Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Sharofiddin Nazarov Prezident qarorida tabiiy monopoliyalarni ustun mavqega ega bo‘lgan korxonalar maqomiga o‘tkazish to‘g‘risidagi band mavjud emasligini ta’kidladi. Ushbu masala partiya fraksiyasi yig‘ilishida ham qizg‘in muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taklif etilayotgan tartib amalda hech narsani o‘zgartirmaydi.

Bildirilgan e’tirozlardan kelib chiqib, spiker Nurdinjon Ismoilov mazkur qonun loyihasini kun tartibidan olib tashlash, hujjatni yakunlash va birinchi o‘qishda qayta ko‘rib chiqish uchun qo‘mitaga qaytarishni taklif qildi. Ko‘pchilik ovoz bilan loyiha kun tartibidan chiqarildi.

 

«O‘zbekiston ovozi», 13.12.2023, №49

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish