Murojaatga e’tiborsiz qarashga hech kimning haqqi yo‘q
Murojaatga e’tiborsiz qarashga hech kimning haqqi yo‘q

 

O‘zbekistonda keyingi yillarda fuqarolar murojaatiga munosabat tamoman o‘zgardi. Bir paytlar muammosi bor kishilar ko‘p hollarda qo‘lida qog‘ozi bilan idorama-idora sarson yurgan, muammosini kimga aytishni bilmagan. Mas’ul rahbarning yig‘ilishdan chiqishiyu xizmat safaridan kelishini kunlab kutishgan. Hozir vaziyat boshqacha. Bunga erishish oson bo‘lgani yo‘q.

Uzoq vaqt yopiq turgan eshiklar ochildi. Rahbarlar xonasiga qamalib olmay, aholi orasida ko‘proq yuryapti. Hatto bir paytlar odamlar tanimagan, faqat ismini eshitgan, poytaxtda o‘tirgan vazirlaru katta-katta idoralarning rahbarlari ham joylarga chiqib, olis hududlarga borib, sayyor qabullar o‘tkazyapti. Odamlarning hayot darajasini, joylardagi haqiqiy ahvolni o‘z ko‘zi bilan ko‘ryapti. Parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovchilari bilan tez-tez uchrashyapti, muammolarni tinglayapti, takliflar, murojaatlarni o‘rgan yapti.

Aksariyat deputatlar joylardagi real vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, odamlar bilan yuzlashmoqda. Shuning uchun saylovchi murojaatida ko‘tarilgan masalaning ipidan ignasigacha biladi, qog‘ozdagi ma’lumot bilan uni aldab ham bo‘lmaydi. Saylovchilarga quloq tutish, ular bilan yelkama-yelka turishda gap ko‘p.

Mavzuga hamohang tarzda Partiyamizning mahalliy Kengashlariga bo‘layotgan murojaatlar, deputatlarning saylovchilar bilan muloqotlari, muammolar tahliliga, ularning yechimiga qaratilgan amaliy harakatlar natijadorligiga e’tibor qaratamiz.

 

10 mingdan ortiq fuqaroning qanday muammosi bor?

Ma’lumki, Xalq demokratik partiyasi tizimida murojaatlar bilan ishlashda katta tajriba to‘plangan. Xususan, partiya Jamoatchilik qabulxonasida bir necha yillardan beri qanchadan-qancha saylovchilarning, elektorat vakillarining murojaatlari ijobiy hal etildi. Ayniqsa, sayyor qabullar, ko‘chma Jamoatchilik qabulxonalari orqali partiya faollari va deputatlar chekka qishloqlarga ham borib, uyma-uy yurib, saylovchilar murojaatlarini tinglashyapti. Eng muhimi, murojaatlar eshitilyapti, e’tiborsiz qolmayapti.

Bizga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida partiyamiz tashkilotlari va deputatlarga 10215 ta murojaat tushgan. Shundan 1732 tasi kommunal soha, ya’ni yo‘l, gaz, suv, elektr energiyasiga taalluqli. Uy-joy va yer olish masalasida 523 nafar saylovchi murojaat qilgan bo‘lsa, 1176 nafar kishi ishga joylashishda yordam so‘rab kelgan. Ushbu raqamlarning o‘ziyoq bugun hududlarda aholini nimalar o‘ylantirayotgani, odamlarning ko‘proq nimaga ehtiyoji borligini ko‘rsatib turibdi.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida parlament quyi palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolariga 2095 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 1167 tasiga ijobiy yechim topildi, 775 ta murojaat ko‘rib chiqish uchun tegishliligi bo‘yicha mutasaddi tashkilot va idoralarga yuborildi, qolgan 153 tasi ko‘rib chiqish jarayonida.

 

Dilbar MAMADJANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Murojaat qilish fuqarolarning muhim siyosiy huquqlaridan biridir. E’tibor bilan ko‘rib chiqsak, ularda nafaqat muammolar, balki odamlarimizning kayfiyati, shart-sharoiti, olib borilayotgan islohotlarga munosabati ham aks etadi. Demak, murojaatga e’tiborsiz qarashga hech kimning haqqi yo‘q.

Agarda taqqoslaydigan bo‘lsak, bugungi kundagi murojaatlar bundan 5-6 yil oldin qilingan murojaatlardan keskin farq qiladi. Avvallari odamlar ko‘proq shaxsiy muammolarini hal qilish uchun yordam so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa, hozir unday emas. Ayni vaqtda murojaatlar asosan jamoaviy, ya’ni mahalla aholisi uchun infratuzilmani yaxshilash, ta’lim va sog‘liqni saqlash maskanlarini qayta qurish yoki kapital ta’mirlash masalalarida bo‘lmoqda. Demak, odamlarda yashab turgan qishlog‘i, mahallasi, o‘z hududiga daxldorlik kuchaygan.

Shu o‘rinda yana bir gap. Mamlakatimizda murojaatlarni hal etish yuzasidan turli loyihalarni joriy qilish, mahalliy muammolarni aholi tashabbuskorligi asosida bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan «Tashabbusli budjet», «Mening yo‘lim» loyihalari asosida muammolar soni kamayayotgani kuzatilyapti.

Yaqinda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumani «Yuqori Vodil» mahalla fuqarlar yig‘ini aholisi hamda 3-sonli o‘rta umumta’lim maktabi jamoasi maktabga qo‘shimcha bino qurish masalasida, «Obod», «Yuqori Vodil», mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi tadbirkorlikni rivojlantirishlari uchun hududga kanalizatsiya tarmog‘ini tortish masalasida murojaat qilishdi. Mazkur murojaatlarni belgilangan tartibda yuqori turuvchi vazirliklarga yubordik, albatta, shuning o‘zi bilan cheklanmay, murojaatlarga yechim topish yo‘llarini qidiramiz.

«Novkent» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxs D.O‘rinov 3 oydan buyon klasterdan oylik ish haqini ololmaganligi yuzasidan murojaat qildi va fuqaroning oylik ish haqi undirib berildi.

Hududda faqat deputatlar emas, tuman hokimi boshchiligida sektor rahbarlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, faollar har bir mahalladagi muammolarni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlarni olib borishmoqda.

Keyingi paytlarda deputatlar o‘z okruglariga tez-tez boradigan bo‘ldi, muhit ham, munosabat ham o‘zgardi. Hozir deputatlar xalqning oldiga borishdan, dardini eshitishdan cho‘chimaydi, qochmaydi. Chunki muammolarni o‘rganish, hal etish yuzasidan vakolat yetarli. Faqat har bir murojaatga katta muammodek qarasak va o‘rnida hal etilishiga erishsak bo‘ldi. Shunda odamlar ham hayotdan rozi bo‘lib yashaydi. Bu yangi va xalqchil qonunlarning yaratilishi uchun ham zamin yaratadi, albatta.

 

Eng ko‘p murojaat kommunal sohadan bo‘lyapti

Maxmud YESENGELDIYEV,

O‘zXDP Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi raisi o‘rinbosari:

– Albatta, har bir murojaat ortida inson manfaatlari bo‘ladi. Bir idora eshigini taqillatib, o‘z muammolarini aytayotgan odamlar og‘irini yengil qilishimiz, har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashishimiz talab etiladi. Bugun xalq bilan hamnafas bo‘lish, uning quvonch va shodliklariga sherik bo‘lish, qiynalgan damlarida amaliy yordam ko‘rsatish uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solishimiz kerak.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika, tuman va shahar kengashlari qoshida tashkil etilgan Jamoatchilik qabulxonalariga shu yilning o‘tgan 11 oyi davomida 732 ta murojaat kelib tushdi. Shundan hozirgacha 713 tasi ijobiy hal qilindi. Tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, 200 nafardan ortiq elektoratimiz vakillari moddiy yordam so‘rab kelgan bo‘lsa, 161 nafar saylovchilar kommunal soha bilan bog‘liq masalada murojaat qilishgan. Uy-joy va yer olish masalasida 33 ta, ish bilan ta’minlashda yordam so‘rab 57 ta, ish haqi, nafaqa va pensiyalarni o‘z vaqtida ololmayotgan fuqarolardan 13 ta, ijtimoiy masalalar va sog‘liqni saqlash masalalarida 72 ta, bank va kredit masalalarida 57 ta murojaat kelib tushdi.

Masalan, Nukus shahri «Jiydeli baysыn» MFY «Qыyat qala» ko‘chasida yashovchi fuqaro G‘.Bekbergenov ko‘chani asfaltlab berish masalasida Oliy Majlis Senati a’zosi Guliston Annaqilichevaga murojaat qilgan. Senator ushbu masalada Nukus shahar hokimligiga so‘rov bilan chiqqan. Natijada «Qыyat qala» ko‘chasini asfalt qilish masalasi joriy yilgi «Obod mahalla» dasturiga kiritilib, shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan to‘liq asfalt qilinib, masala ijobiy hal etilgan.

Qo‘ng‘irot tumani «Qo‘ng‘irot» OFY hududida yashovchi fuqarolar hududdagi ovullarni toza ichimlik suvi ta’minlash masalasida amaliy yordam berishni so‘rab, xalq deputatlari Qo‘ng‘irot tuman Kengashi deputati Olim Orinbayevga murojaat qilgan. Deputat masala yuzasidan tuman hokimligiga deputatlik so‘rovi bilan chiqdi. Natijada ovullarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi tegishli dasturga kiritilib, joriy yilda 1 mlrd 156 mln so‘mlik, 200 diametrlik ichimlik suv tarmog‘i qurildi.

Albatta, bular deputatlarimiz murojaatlarga jiddiy e’tibor berayotgani, ularni ijobiy yechishda jonbozlik ko‘rsatayotganiga misol, xolos. Eng muhimi, bu orqali qanchadan-qancha aholini o‘ylantirgan muammolar hal etildi, odamlarning og‘iri yengil bo‘ldi. Albatta, murojaatlarni hal qilish masalasida hali qiladigan ishlarimiz ko‘p, deputatlarimiz zimmasida katta mas’uliyat turibdi.

 

Murojaatlarni qog‘ozda yopib bo‘lmaydi

Zulfiya TO‘YYEVA,

O‘zXDP Buxoro viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari:

– Albatta, fuqaro murojaatlariga e’tibor – birinchi galdagi vazifa. Negaki, har bir masala ortida inson taqdiri yotadi. Shunday hollar bo‘ladiki, qog‘ozda murojaat hal etilgani qayd qilinadi. Lekin biz hududlarga borganimizda yana murojaat qilishadi, murojaatchilar ishi hal etilganidan xabari yo‘q bo‘ladi. Qanday qilib? Chunki, ba’zida fuqarolar bilan uchrashmasdan, muammo yechilmasdan murojaatlar qog‘ozda yopib yuborilgan bo‘ladi. Endi o‘ylab ko‘raylik, bundan kimga foyda, kimni aldayapmiz? Masalani nazoratdan chiqarish emas, uni yechish, odamlarning og‘irini yengil qilish asosiy masala bo‘lishi kerak.

Hech kim birovning eshigini shunchaki taqillatmaydi. Inson qachonki, muammoga duch kelsa, uni hal etish uchun o‘zi ham chorasiz bo‘lsagina davlat idorasi yoki jamoat tashkilotiga boradi. Yanada oddiyroq qilib aytganda, pichoq suyakka qadalganda.

Odamlar muhtojlikdan, qaysidir joyda huquqlari poymol qilinganidan najot so‘rab, katta umid bilan murojaat qiladi. Buning ortida ko‘p hollarda inson taqdiri turadi yoki bo‘lmasa hududdagi yuzlab, minglab insonlarni qiynayotgan muammo turadi. Shuning uchun muammolarga, murojaatlarga barmoq orasidan qarashga hech kimning haqqi yo‘q. Murojaatlar ko‘payishini har bir mutasaddiga berilgan baho, deb qabul qilsakkina ijobiy natijalarga erishiladi, deb o‘ylayman.

Deputatlar bilan gaplashganimizda okruglarda saylovchilar bilan uchrashuvlarda, hududlarda sayyor qabullar o‘tkazilganda aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgan masalalar ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. Murojaatlarni hal qilishda ayrim to‘siqlarga duch kelinayotgani aytildi.

 

Anvarxon NABIYEV,

xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari:

– Mutasaddi tashkilotlarga murojaat xati bilan chiqilganda kelgan javob xatlari kishini taajjublantiradi. Aksariyat hollarda biz so‘ragan aniq masala bir chetda qolib, unga bevosita aloqasi yo‘q ma’lumotlar yoki «shablon» javob jo‘natiladi. Mazkur tashkilotlarning mutasaddi tashkilotlari joylarda odamlar duch kelayotgan muammolardan yaxshi xabardor emasmi, deb o‘ylab qolasan kishi. Ko‘p hollarda javob xati ham nomiga yozilganga o‘xshaydi.

Deputat murojaati ortida ko‘plab insonlarning manfaati turadi. Ammo ayrim mutasaddilar hali-hamon bu muhim masalaga bepisand qaramoqda. Ayrim tashkilotlar mutasaddilari bu haqdagi tanqidiy fikrlardan o‘zlariga xulosa chiqarmagan, xalqimiz oldida hisobdor ekanini to‘g‘ri anglamagan ko‘rinadi. Muammoga yuzaki yondashish, murojaatga nomiga javob yozish bilan hurmat topib, odamlarni rozi qilib bo‘lmaydi.

* * *

Ma’lumki, deputat yoki senator so‘roviga belgilangan vaqtda javob bermaganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 193-moddasi bilan javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qati nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan parlament so‘rovini, deputat, senator so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni qasddan taqdim etish – mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Haqiqatan ham, deputat saylovchi murojaati, taklif-mulohazalari, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovi bilan chiqadi. Mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bunday so‘rovlarga javob berishga ham qonun, ham vijdon oldida majburdir.

Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi 2024 yilda bu borada qatiy siyosat yuritishni maqsad qildi. Deputatlar so‘rovlariga e’tiborsizlik, javob bermaslik holatlari bo‘yicha talabchanlikni oshirish, bu borada qonuniy chora qo‘llanilishiga erishish, mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining mas’uliyatini kuchaytirish diqqat markazida bo‘ladi.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 13.12.2023, №49

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish