Bola huquqlari bo‘yicha yana bir mustahkam huquqiy asos
Bola huquqlari bo‘yicha yana bir mustahkam huquqiy asos

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi obdon muhokama qilinib, qabul qilindi.

Qonun loyihasida Bolalar ombudsmanining faoliyati, huquqlari, majburiyatlari, vazifalari hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi kabi muhim normalar mustahkamlangani e’tiborga molik.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya qilinishi holati haqida ma’ruza taqdim etishi ham mazkur hujjatda aks etgan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilning ma’ruzasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining majlislarida ko‘rib chiqish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Vakilning ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan qarorlar qabul qilingan taqdirda, mazkur qarorlar Bola huquqlari bo‘yicha vakilga yuboriladi.

Ya’ni, xalq uyi minbarida xalq vakillari bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga oid masalani ko‘rib chiqishadi. Buni mamlakatimizda bola huquqlariga berilayotgan e’tiborning uzviy va amaliy ifodasi sifatida baholash mumkin.

Yana bir masala. Qonun loyihasiga ko‘ra, Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘zining faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tegishli davlat organlariga takliflar kiritishga haqli ekani mustahkamlanmoqda. Eng muhimi, Bola huquqlari bo‘yicha vakil qonunchilik hujjatlari loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga doir masalalar bo‘yicha qonunchilik hujjatlari loyihalari majburiy tartibda Bola huquqlari bo‘yicha vakil bilan kelishilishi eng muhim yangiliklardan biridir. Ushbu qoidadan ham ko‘rinib turibdiki, qonunchilik hujjatlarida bola huquqlari qay darajada aks etishi bundan keyingi kun tartibidagi asosiy jihatlardan biri bo‘ladi.

Shu bilan birga, Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslarga bola huquqlariga rioya etilishi to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirish e’lon qilishi, bola huquqlariga rioya etilishi haqidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlar, sabablar va ularga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida esa taqdimnoma kiritilishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasidagi muhim jihatlardan yana biri, Bola huquqlari bo‘yicha vakil bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan ta’lim, tarbiya, tibbiyot muassasalariga, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga, tergov hibsxonalari va tarbiya koloniyalariga muntazam kirib turish orqali bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishi mustahkamlanmoqda.

Taklif etilayotgan hujjatda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi o‘z aksini topmoqda. Xususan, parlament nazoratining subyektlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi, surishtiruv, tergov organlari, prokuratura va Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi kabilar bilan hamkorligi belgilab qo‘yilmoqda.

Umuman olganda, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bola huquqlarini himoya qilishda mustahkam huquqiy asos bo‘ladi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish