Milliy armiyamiz — osoyishta hayotimizning mustahkam kafolati
Milliy armiyamiz — osoyishta hayotimizning mustahkam kafolati

 

Tinchlik barcha sohalar rivoji, xalq turmushi farovonligi va yurt taraqqiyoti uchun poydevordir. Shu bois, butun dunyoda tinchlik doimo eng ulug‘ ne’mat sifatida qadrlanadi. Uni asrash va Vatanni himoya qilish chinakam mard insonning sharafli burchi hisoblanadi. Mamlakatimizda ham bu boradagi ezgu qadriyatlar bardavomligini ta’minlash doimiy e’tiborda. O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatini yuritishda tinchlik va taraqqiyotga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qolaversa, kunni tunga ulab yurt sarhadlarini qo‘riqlab, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlab kelayotgan Vatan himoyachilarini sharaflash, ularning mas’uliyatli kasbini ulug‘lash jamiyatimizdagi islohotlarning muhim yo‘nalishiga aylangan, Yurtimizda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlanishi tinchligimiz va osoyishtaligimiz posbonlariga bo‘lgan yuksak ehtirom nishonasidir.

Bu yil Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 32 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatimiz bo‘ylab bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Aytish kerakki, o‘tgan yillar mobaynida Qurolli kuchlar tizimida ulkan islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilinib, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko‘rib chiqildi. Qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamiz zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlandi.

Tariximizda ilk bor o‘z mohiyatiga ko‘ra noyob tizim — harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish imkonini berdi. Mudofaa sanoatida mahalliylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Natijada sohaning moddiy-texnik bazasi yangilandi. Harbiy xizmatchilarning kasbiy bilim va mahorati oshirilib, moddiy ta’minoti yangi darajaga ko‘tarildi. Shuningdek, har tomonlama bilimli, mahoratli, jasur va dovyurak, irodali Vatan himoyachilarini tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Harbiy xizmatchilarning nazariy bilimini muntazam oshirish, zamonaviy texnika, qurol-yarog‘lardan yuqori saviyada foydalana olishini ta’minlash maqsadida ta’lim standartlari rivojlangan davlatlardagi kabi yuqori darajaga ko‘tarildi. Amaliy mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda respublikamiz Qurolli Kuchlari tizimidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda bilimdon, xalqiga, Vataniga xizmat qilishga sodiq yoshlarni tarbiyalash bo‘yicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy fikrlaydigan, davlatimiz manfaatlari va suverenitetini fidokorona himoya qilishga tayyor bo‘lgan jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk yosh avlodni tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya tarkibida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi.

Ushbu ta’lim dargohlarida bo‘lajak harbiylar yoshligidanoq saralanib, ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida, jismonan barkamol etib tarbiyalanmoqda. O‘quvchilarda keng dunyoqarash, intellektual salohiyat, ijodiy va tahliliy fikrlash rivojlantirilib, tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha mustahkam bilim berilmoqda. Harbiy ishdagi boshlang‘ich bilimlar o‘qitilyapti. Ularga butun jahon talablari asosida ta’lim olish imkoniyati yaratilmoqda.

E’tirof etish kerakki, mazkur jarayonlar yurtimizda milliy professional armiyamizni shakllantirish uchun qo‘yilgan muhim qadamlardan biridir. Zero, dunyoning har qanday zamonaviy qurol-yarog‘i va texnikasi intellektual salohiyatga ega, bilimli va ma’nan barkamol kadrlar tomonidan boshqariladi. Shu bois, bugun mamlakatimiz mudofaa tizimida kadrlar milliy zaxirasi professional mutaxassislar bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, oliy harbiy ta’lim tizimida ham bir qator islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti negizida xorijning ilg‘or texnologiyalari va zamonaviy o‘quv vositalarini o‘zida mujassam etgan Qurolli Kuchlar Akademiyasi, Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti tashkil etildi.

Boshlang‘ich harbiy ta’limni o‘zlashtirgan yoshlar mazkur harbiy oliy ta’lim muassasalarida, shuningdek, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida professional bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Mehnat faoliyati davomida esa jahonning rivojlangan mamlakatlarida malaka oshirib, eng so‘nggi harbiy axborot texnologiyalari va qurol-aslahalaridan amaliyotda keng foydalanyapti. Chinakam harbiycha hayotga moslashib, o‘z yurti va xalqiga sadoqat bilan xizmat qilmoqda.

Milliy armiyamizning tashkiliy tuzilmalari takomillashtirilishi natijasida qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy qudrati va salohiyati yanada oshirildi. Harbiylarimiz xalqaro harbiy o‘quv-mashg‘ulotlar, armiya va sport musobaqalarida faxrli o‘rinlarni egallamoqda. Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylandi. Xalqimiz va harbiylarimizning hamjihatligi tobora mustahkamlanmoqda. Yurtdoshlarimiz orasida farzandini harbiy sohaga o‘qitish ishtiyoqi tobora oshyapti. Armiya saflarida yigitlik burchini o‘tash hozirgi yoshlarning katta maqsadlaridan biriga aylandi.

Mintaqamizda ochiqlik va milliy manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillariga asoslangan holda, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarning yuqori darajadagi harbiy delegatsiya rahbarlari bilan harbiy sohada yaqin sheriklik aloqalari o‘rnatildi, qo‘shma memorandumlar imzolandi. Shuningdek, harbiy dala o‘quv maydonlarida amaliy qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari birgalikda o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanib, harbiy shaharchalar obodonlashtirilmoqda. Ularda zamonaviy infratuzilmalar barpo etish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Xususan, harbiy shaharchalar hududida mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Harbiy shaharchalar zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi. Moddiy ta’minot xizmatlari sohasiga autsorsing tizimi joriy etildi. O‘tgan yillar davomida harbiy xizmatchilar oilasini xonadonlar bilan ta’minlash uchun ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun qo‘shimcha ravishda ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishlari uchun davlat grantlari ajratildi.

Mazkur islohotlar bugungi kunda ham davom ettirilib, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligi va tayyorgarligi hamda o‘quv moddiy texnik bazasini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Yangi O‘zbekistonning 2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasiga ko‘ra, zamonaviy jang va harbiy san’atni hamda xorijiy armiyalarning ilg‘or tajribasini o‘rganish asosida qo‘shinlar jangovar shayligini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, mazkur strategiyaga muvofiq, O‘zbekiston mudofaasini boshqarish Milliy markazi zamonaviy aloqa va axborotlashtirish vositalari bilan jihozlandi. Mamlakat harbiy xavfsizligini ta’minlash va mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilayotir. Shu yil 2 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida mudofaa qurilishi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shinlarning jangovar shayligi va qobiliyatini yanada oshirish, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, mavjud qurol-yarog‘ namunalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, harbiy xizmatchilar, oila a’zolari va Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Bu bejizga emas. Chunki globallashuv va keskin raqobat davrida dunyoning turli burchagida, jumladan, mintaqamizda yuz berayotgan qurolli mojaro va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar bizdan doimo ogoh va hushyor bo‘lishni talab etadi. Ana shunday g‘oyat mas’uliyatli vaziyatda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash hamda himoya qilishda Qurolli Kuchlarimiz, xavfsizlik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlarni yanada samarali tashkil etish har qachongidan ham muhim. Aynan shuning uchun ham “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida Qurolli Kuchlarning raqamli salohiyatini oshirish va axborot xavfsizligini ta’minlash, harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmasini oshirish muhim ishlardan biri etib belgilangan.

Umuman aytganda, bunday o‘zgarishlar tufayli milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanmoqda. Bundan tashqari, harbiylarimiz mamlakat ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, minglab umumta’lim maktablari harbiy qismlarga biriktirildi. Ayniqsa, qo‘shinlardagi “Vatanparvar” targ‘ibot-tashviqot guruhlari o‘z saflariga yoshlarni jalb etgan holda ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalar, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy va ma’naviy yordam berilmoqda. Eng asosiysi, “Armiya va xalq — bir tanu bir jondir” degan ulug‘ g‘oyani amalda ta’minlash borasida tizimli ishlar tufayli milliy armiyamiz yurt tinchligi va xalq osoyishtaligi uchun xizmat qilmoqda.

 

Oybarchin ABDULLAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish