Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik yanada takomillashtirilmoqda
Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik yanada takomillashtirilmoqda

 

Sihat-salomatlik — inson hayoti uchun eng kerakli ne’mat. Oxirgi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasi kun sayin rivojlanib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Prezidentimiz tomonidan qator farmon va qarorlar qabul qilinib, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Pirovardida shifo istagan ko‘ngillarga yo‘l topilyapti, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilyapti, tizimda byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

Amalga oshirilayotgan ushbu xayrli ishlar millatni sog‘lomlashtirish g‘oyasining asosini tashkil qiladi. Tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish, fuqarolarni sifatli hamda arzon dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida qabul qilingan qaror va farmonlar ushbu sohaga dolzarb masala sifatida qaralayotganidan dalolat beradi.

Binobarin, bugungi kunda aholini sifatli, samarali, xavfsiz va arzon dori-darmonlar bilan ta’minlash sog‘liqni saqlash tizimining eng muhim vazifalaridan biriga aylangan. Sog‘liqni saqlash tizimida elektron retsept tizimini joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarishni tubdan takomillashtirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiiste’mol qilinishining oldini olish, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilayotir.

Xususan, aholini hamda sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shu bilan birga, mamlakatimizda dori vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlari tatbiq etilyapti. Natijada O‘zbekistonning farmatsevtika bozorida o‘sish dinamikasi yiliga 8-10 foizni tashkil etib, MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoridan o‘rin egallamoqda.

Sohada olib borilayotgan islohotlar va erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda amaliyotda dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini takomillashtirish, ortiqcha hujjatlarni qabul qilishni qisqartirish hamda bu bilan qator byurokratik to‘siqlarni olib tashlashga ehtiyoj borligini ko‘rsatmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida sohaga doir muhim yangiliklar o‘z ifodasini topgan.

Bugungi kunda tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestriga Mahalliy dori vositalari 3268, MDH davlatlari dori vositalari 1619, Xorijiy davlatlar dori vositalari 5515, In vivo tashxis vositalari 24, Tibbiy texnika 2634, Tibbiy buyumlar 2131, In vitro tashxis vositalari 795, jami 16348 nomdagi, 76 mamlakatning 1451 korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan farmatsevtika mahsulotlari kiritilgan.

Ushbu dori vositalarining retsept asosida yoki retseptsiz berilishi asosan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida Sog‘liqni saqlash vazirligining vakolatli organi bo‘lgan Farmatsevtika mahsulotlarini xavfsizlik markazi tomonidan belgilanadi va shakllantirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan holda, muntazam yangilanib boriladi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda dori vositalarini ishlab chiqarayotgan 40 ta korxona – GMP - xalqaro standart talablariga javob beradi. 2024 yilning 1 yanvaridan respublikada faqat shu talabga javob beradigan farm korxonalar ish olib boriladi. Shunday ekan, dori ishlab chiqarishda ishlatiladigan substansiyalarning qayta-qayta tekshirilib tasdiqlanishiga hojat qolmaydi.

Mazkur qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ya’ni, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi hamda dori moddalari (substansiyalar)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga oid normani bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki bugungi kunda dori vositalarini ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan xalqaro standartlar (GMP) va sifat nazoratiga qo‘yilgan talablar doirasida substansiyalarni nazorat qilishning alternativ mexanizmlari joriy etilgan.

Ushbu qonun loyihasi quyi palataning 2023 yil 26 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan edi. Muhokamalar davomida xalq vakillari loyihani zarurati va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratgan holda, uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha bir qator takliflar bergan edi.

O‘tgan davrda qo‘mitamiz tomonidan mazkur qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan bir qator ishchi guruh yig‘ilishlari, davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazildi. Ularda soha mutaxasisilari jalb etilib, qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi va deputatlar bergan taklif va tavsiyalar asosida qonun loyihasi takomillashtirildi. Xususan, amaliyotdan kelib chiqib, qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi qonun loyihasida o‘z aksini topmoqda.

Shu nuqtayi nazardan aytganda, qonun loyihasining qabul qilinishi orqali aholining dori vositalari bilan ta’minlanganlik darajasi oshirish, dori vositalarini ishlab chiqarishda ortiqcha tartib-taomillarni bekor qilish va dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratiladi. Asosiysi, mahalliy dori vositalarini sifatli ishlab chiqilishi va aholiga tez, arzon narxlarda yetkazib berilishi ta’minlanadi.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish