Yoshlar o‘zlari haqida
Yoshlar o‘zlari haqida

 

2048 yilga borib mamlakatimizda mehnatga layoqatli aholi soni eng yuqori ko‘rsatkichga yetadi. Bu olib borilgan sotsiologik so‘rov natijalari asosida berilgan xabar. Unga ko‘ra, 15-20 yildan so‘ng O‘zbekiston noyob demografik dividentni boshdan kechiradi. Tabiiyki, bunda ishga layoqatli aholining asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi.

Mutaxassislarning xavotiri shundaki, bunday demografik o‘zgarish ijtimoiy vaziyatni barqarorlashtirishda turli muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Ishsizlik darajasi bilan birga, salohiyatli kadrlar migratsiyasi ortib ketishi, fuqarolarning turmush darajasi pasayishi taxmin qilinmoqda. Ertaga muammolar kelib chiqmasligi uchun bugundan choralar ko‘rilishi muhim.

Xalq demokratik partiyasi a’zolari, faollari hamda bir guruh yoshlar ayni shu masalada o‘z fikrlarini bildirdi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, ularni o‘ylantirayotgan masalalar yechimiga oid mulohaza hamda takliflarini ilgari surdi.

 

Ijtimoiy tarmoqqa tobe yoshlar bilan ishlash og‘ir

Abror QURBONOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

– 20 millionga yaqin yoshlar bor deb hisoblasak, ularning 4,4 millioni iqtisodiy faol, ya’ni rasmiy sektorda ish bilan band. 4 million 600 nafari esa ishsiz, ammo iqtisodiy faol. Ya’ni, o‘zini-o‘zi band qilgan. Qolgan qismi faol bo‘lmaganlar sirasiga kirib qolyapti.

Afsuski, qars bir qo‘ldan chiqmaydi. Davlat uzatgan qo‘lni tutmayotgan yoshlar ham oz emas. Ular o‘qitilyapti, kasb-hunarga o‘rgatilyapti. Lekin ishlashga kelganda, taklif etilayotgan oylik maosh ularni qoniqtirmaydi. Darrov katta miqdorda oylik olishni istashadi. Vaholanki, yer yuzining deyarli barcha nuqtasida ishiga qarab, haq to‘lanadi. Kamroq oylik bilan ish boshlasa, o‘zini ko‘rsata olsa, unga tez orada yaxshi maosh berilishi ham haqiqat-ku.

Achinarlisi, yurtimizdagi yoshlarning katta qismi ijtimoiy tarmoqlarning kuchli domiga tushib qolgan. Hattoki hokim va yoshlar uchrashuvlarida ham faol bo‘lmagan qatlamdagi yigit-qizlarni jalb qilish qiyin. Jamiyatdan uzilib qolgan ijtimoiy tarmoq asirlari virtual olamda yashaydi. Aynan ana shunday yoshlar bilan juda og‘ir bo‘lyapti.

Bunday vaziyatda nafaqat o‘qituvchi yoki mahalla, avvalo, ota-onaga mas’uliyat tushadi. Farzandining nima bilan bandligini nazorat qilish, tergash, nasihat bilan to‘g‘ri yo‘lni tushuntirish zarur. Chunki tashqaridagi odamdan ko‘ra, o‘z yaqini, ayniqsa, ota-ona tarafidan berilgan tanqid og‘ir botmaydi, xolis qabul qilinadi, bolani agressivlashtirmaydi.

 

Ma’muriy buyruqbozlikdan voz kechaylik

Shohruh O‘KTAMOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bosh maslahatchisi:

– Jamiyatga kirib kelayotgan yigit-qizlarning hali siyosiy immuniteti shakllanmagan. Kundalik, maishiy va ijtimoiy munosabatlarda qandaydir ma’muriy buyruqbozliklarga duch keladi. Bu yoshlarda agressiv kayfiyatni shakllantira boshlaydi. Jamiyatda ana shunday holatlar birlashib, marginallashuv, ya’ni ijtimoiy zo‘riqishlarni hosil qilyapti. Oqibatda ayrim yoshlarda ishonchsizlik ham paydo bo‘lmoqda.

To‘g‘ri, islohotlar bor va ular quyi tizimgacha yetib borgan. Yoshlarga beriladigan 20 dan ortiq turdagi yordamlarning har biri uchun 5 tadan mezon belgilangan. Moddiy yordamni olishda o‘sha mezonga mos tushishini isbotlash jarayonida ham yigit-qizlar yana agressiyaga yo‘liqadi. Ya’ni, qunt degan tushuncha biroz shakllanmay qolyapti.

Shu sababli yoshlarda siyosiy immunitetni shakllantirish va hayot bosqichlaridan sabr bilan o‘tishini ta’minlashdan iborat. Yoshlar bazasi shakllantirildi, ko‘rib turibmizki, bu juda katta baza. Har bir turdagi yoshlar bilan gorizontal, vertikal ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ularni to‘g‘ri yo‘naltirish – dolzarb masala. Agar ijtimoiy munosabatlarni o‘rnatishda uchrayotgan turli zo‘riqishlarning oldini ololsak, maqsadimizga erishamiz. Eng muhimi, ma’muriy buyruqbozlikka to‘la chek qo‘yish zarur.

 

Ichki migratsiya uchun ham imtiyozlar kerak

Muhsiddin NIZOMIDDINOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi sektor mudiri,

Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:

– Me’yoriy hujjatlarga asosan bugungi kunda mamlakatni vaqtincha ishlash uchun tark etayotgan fuqarolar uchun 1000 AQSH dollari ekvivalentida iste’mol krediti beriladi. Mehnat migrantlariga xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash uchun bir bank kuni davomida tez rasmiylashtirilgan holda 2 mln so‘m miqdorida bir yil muddatga kredit beriladi. Chet elga vaqtincha ishlash uchun ketayotgani sababli ularga imtiyozli chiptalar berish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilingan. Unda tashqi migratsiyaga oid ko‘plab masalalar qamrab olingan. Misol uchun, yo‘l haqi, patent va sug‘urta uchun 10 million so‘mgacha kredit ajratiladi. Tashqi migrantlar uchun taqdim etilayotgan bunday imkoniyatlar ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Ammo ichki migratsiyada ham yechimini kutayotgan masalalar bisyor.

Bugungi kunda mamlakatimizda ichki migratsiya ham mavjud. Lekin ularning mehnat huquqlari kuchli himoyalanmagani yoshlar bilan olib borgan muloqotlarimizda ma’lum bo‘lmoqda. Misol uchun, Toshkent shahar va Toshkent viloyatiga ishlash uchun kelgan yoshlar ish vaqti tugaganidan keyin ko‘chada erkin yurishga qiynalmoqda. Aytaylik, ular ham dam olishi yoki kechki soatlarda savdo nuqtalariga yoki boshqa ishlar uchun ko‘chaga chiqishi mumkin. Ana shunday vaziyatlarda ichki ishlar xodimlari tomonidan ko‘chada bemaqsad yuribdi, degan bahonalar bilan IIB idoralariga olib ketish va yoshlarni jarimaga tortish holatlari kuzatilmoqda ekan. Jarima to‘lamagan yoshlar 7 sutkadan 15 sutkagacha qamoqqa olinmoqda.

Masalan, yaqinda o‘zimda ham shunga o‘xshash voqea kuzatildi. Soat 18:30 da to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir orqali namoyish etiladigan ko‘rsatuvga bordik va uyga odatdagidan ancha kech qaytdim. Soat 22 lar atrofida ko‘chada IIB xodimi to‘xtatib, mendan hujjatlarimni talab qildi. Ishdan qaytayotganimni tushuntirdim.

Bugungi kunda ichki migratsiyani tartibga solib, ichki migrant sifatida ishlayotgan yoshlarning huquqlarini muhofaza qilish kerak, deb hisoblaymiz. Masalan, maxsus platforma qilib, yoshlarning barcha ma’lumotlari kiritilsa, norasmiy ravishda ishlasa, ish beruvchi tomonidan ro‘yxati tasdiqlansa, yagona ma’lumotlar bazasida saqlansa.

Chunki pul topish uchun poytaxtga kelgan yigit-qiz ro‘yxatdan o‘tib qo‘yish uchun vaqt ham, mablag‘ ham sarflashni istamaydi. Bunda mas’uliyat ish beruvchiga tushadi. Ana shunda yashirin iqtisodiyotning ham oldini olish imkoni yuzaga keladi. Yoshlardagi chet elga ketish kabi xayollariga barham beriladi, deb o‘ylayman.

 

Budjetdan tashqari mablag‘lar ba’zi muammolarga yechim

Nodir JUMAYEV,

xalq deputatlari Kogon tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi:

– 2 yil davomida mahallada hokim yordamchisi bo‘lib ishladim. Yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda yigit-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning faolligini oshirishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirildi. Guvohi bo‘ldikki, muammolar ham bor.

“Yoshlar daftari”dagi yigit-qizlarga 25 turdagi yordamlar ko‘rsatilishi belgilangan. Afsuski, bir-birini takrorlaydigan tizim ham mavjud. Masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoshlar yetakchisi tavsiyasiga asosan beriladigan subsidiya turi hokim yordamchisida ham bor. Bu esa budjet mablag‘larining noto‘g‘ri sarflanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

2024 yildan hududdagi har bir birinchi rahbarga yoshlar biriktirildi va ularga kasb-hunar o‘rgatishi, bandligini ta’minlashi bo‘yicha vazifalar yuklatildi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun mablag‘ga ehtiyoj tug‘iladi. Masala borib, yana budjet puliga taqaladi.

Shu bo‘yicha taklifim bor edi. Har bir idora va tashkilotda budjetdan tashqari jamg‘armalari yoki fondlari bor. Maxsus hisob raqamlaridagi mablag‘ evaziga rahbarga biriktirilgan yoshlarning masalalarini hal qilish imkoni bor. Bu orqali budjet pullarining tejalishiga hamda budjetdan tashqari mablag‘lar samaraliroq, foydaliroq sarflanishiga erishiladi, deb o‘ylayman.

 

Bitiruvchidan staj so‘ramang

Nurislom OLAMOV,

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Siyosatshunoslik yo‘nalishi uchinchi bosqich talabasi:

– Yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish avvalo ularning o‘qishi yoki ishlashi bilan bog‘liq ba’zi byurokratik to‘siqlarni bartaraf qilishdan boshlanadi, deb o‘ylayman.

Misol uchun, 4 yil davomida o‘qib, oliy ma’lumot egasi bo‘lgan bitiruvchidan ishga kirishda staj so‘raladi. Axir uning o‘zi endi oliy ta’lim muassasasini tamomlagan bo‘lsa, qayerda stajga ega bo‘ladi? Yana bir tomoni, kadrlar zaxirasini shakllantirishda ixtiyoriy yo‘nalishni tanlash imkoniyati berilishi lozim, menimcha. Ana shunda har bir mutaxassis o‘z iqtidorini to‘g‘ri va to‘liq namoyish qila olish imkoniga ega bo‘ladi. Natijada har bir kadr o‘z joyida o‘tirishi ta’minlanadi.

 

Qizlaringizga ko‘proq e’tibor bering

Kumushbibi KARIMOVA,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 1-bosqich talabasi:

– Hozirgi kunda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirishda ko‘plab imtiyozlar belgilangan. Bu ularning bilimli, kasb-hunarli va albatta ishli bo‘lishiga xizmat qiladi. Biroq bu imkoniyatlarning barchasi ham o‘z egalariga yetib boryaptimi, degan savol bor. Afsuski, amaliyotda imtiyozlar aynan shunga muhtoj xotin-qizlar uchun emas, o‘ziga to‘q oila farzandlariga ham berilmoqda. Agar har bir oila individual tartibda o‘rganilsa, imtiyoz o‘z egasiga yetib borgan bo‘lar edi.

Erta turmushning oldini olish choralarini ham kuchaytirish, bu borada ota-onalarga tushuntirish kerak. Chunki ayrim hududlarda maktab davridanoq qizlar unashtirib qo‘yilar ekan. Qashqadaryolik kursdoshlarimning aytishicha, bir sinf da 15 nafar qiz o‘qisa, maktabni bitirguniga qadar ularning kamida 12 nafari unashtirilar ekan. Bu o‘z-o‘zidan o‘qishga, kasb-hunar egasi bo‘lishga qiziqishni ham, intilishni ham so‘ndiradi. O‘quvchiligidanoq qizlarning xayoli faqat oila qurish bo‘lib qoladi. Ularning ijtimoiy faolligi kamayadi, huquqlari buziladi. Shuning uchun bu borada keskin va qat’iy qonuniy choralar ko‘rilishi kerak, deb hisoblayman.

 

Bugungi kunda mamlakatimizda ichki migratsiya ham mavjud. Lekin ularning mehnat huquqlari kuchli himoyalanmagani yoshlar bilan olib borgan muloqotlarimizda ma’lum bo‘lmoqda. Misol uchun, Toshkent shahar va Toshkent viloyatiga ishlash uchun kelgan yoshlar ish vaqti tugaganidan keyin ko‘chada erkin yurishga qiynalmoqda. Aytaylik, ular ham dam olishi yoki kechki soatlarda savdo nuqtalariga yoki boshqa ishlar uchun ko‘chaga chiqishi mumkin. Ana shunday vaziyatlarda Ichki ishlar xodimlari tomonidan ko‘chada bemaqsad yuribdi, degan bahonalar bilan IIB idoralariga olib ketish va yoshlarni jarimaga tortish holatlari kuzatilmoqda ekan.

 

«O‘zbekiston ovozi», 17.01.2023, 2

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Men OʻzXDPni tanladim Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Yoshlar qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish