O‘zbekiston XDP fraksiyasi muhokamasi: Plastik kartaning egasi bank emas
O‘zbekiston XDP fraksiyasi muhokamasi: Plastik kartaning egasi bank emas

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda bank-moliya, pul-kredit yo‘nalishlarida avvalgi davr bilan taqqoslaganda misli ko‘rilmagan o‘zgarish, yangilanishlar ro‘y berdi. Odamlarning banklarga, naqdsiz pulga, plastik kartalarga ishonchi mustahkamlana boshladi.

Bank xizmatlari turlari ko‘payib, ulardan foydalanish, ayniqsa, kredit olish tizimi soddalashdi. Maishiy texnikadan tortib kiyim-kechak, oziq-ovqatlarni ham “hozir olib, keyin to‘lash” imkoniyati mavjud. Zamonaviy tezkor bank xizmatlarining ko‘payishi yurtdoshlarimizga qulaylik yaratyapti, albatta. Olingan pul mablag‘lari o‘z vaqtida to‘lanmas ekan, bank yoki nobank tashkilotlari bilan mijozlar o‘rtasida muammoli holatlar yuzaga keladi.

 

Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining kengaytirilgan majlisida fuqarolarning bank plastik kartalaridagi mablag‘larini qonunga muvofiq himoyalash masalasi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Adliya vazirligi, Markaziy bank, tijorat banklar va boshqa tashkilotlarning mas’ul xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda banklar va fuqarolar o‘rtasida vujudga kelayotgan muammolarning yechimi to‘g‘risida fikr hamda takliflar bildirildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov sohada amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarni e’tirof etgan holda, so‘nggi paytlarda kredit yoki mikrokredit olgan fuqarolarning bank kartalaridan, ularning kafillarining kartalaridan ruxsatsiz pul mablag‘larini yechish holatlari ko‘payganiga urg‘u berdi. Bu amaldagi qonunchilik talablari buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Bank xizmatlari jozibadorligini oshirish bu tizimdagilarning eng muhim vazifasi ekani ta’kidlandi. Amaliyotda, aksincha, odamlar kredit olishdan qo‘rqib qolgani, buning sababi qarzdan ko‘ra, uning yuki qariyb ikki barobar oshib ketayotgani ekani qayd etildi. Oqibatda odamlar bitta avtomobil sotib olsa, ikkitasining puliga teng miqdorda foiz to‘lashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Foizlarning yuqoriligi, qarzni qaytarishda agressiv siyosatning yuritilishi mijozlarni cho‘chitib, kredit olishdan qochirmoqda. Fuqarolarning huquqi, insonlarning qadr-qimmati nuqtai nazaridan Markaziy bank oldida qilinishi zarur bo‘lgan qator ishlar borligi alohida ta’kidlandi.

Banklar va mijoz o‘rtasidagi munosabatlarga oid masala O‘zbekiston XDPning hududiy tashkilotlari va deputatlik birlashmalari tomonidan qator hududlarda o‘rganib chiqilgan, bu haqda umumiy ma’lumot berildi.

 

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Fuqarolik kodeksining 783-moddasiga binoan mijozning ko‘rsatmasisiz pul mablag‘larini yechishga faqat sud qarori bilan yoki fuqarolik kodeksida, boshqa qonunlarda belgilangan yoxud bank va mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi. Boshqa vaqtda karta egasining ruxsatisiz pul yechib olinishi noqonuniy harakat sanaladi.

Ammo bir jihati shundaki, kodeksda jismoniy va yuridik shaxs ajratilmagan. Yuridik shaxsning hisob varag‘i bor va undan pul yechilish tartibi ko‘rsatilgan. Shuningdek, jismoniy shaxs biror bir qarzdorlik, masalan, aliment, jarima to‘lasa, uning kun kechirishi uchun ma’lum mablag‘ qoldiriladi. Biroq kredit bilan bog‘liq holatda barcha mablag‘i yechib olinyapti. U bemor, pensiya oluvchi yoki nogironligi bor shaxs bo‘lishi mumkin. Shu sababli insonning kun kechirishi uchun mablag‘ qoldirish masalasini shartnomaga, kerak bo‘lsa, qonunga kiritish zarur.

 

Bahodir MIRZAYEV,

Markaziy bank Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari:

— To‘g‘ri masalani ko‘tardingiz. Hatto sud ijrochilari ham muhtoj bo‘lgan shaxslarning ma’lum bir daromadiga tegina olmas ekan. Bunday tartib bank tizimida bormi, deb o‘rganganimda boshqa mamlakatlarda mavjudligini ko‘rdim. Mana shundan kelib chiqib, ehtiyojmand kishilarning hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni ularning hisobida qoldirish, ya’ni kredit qarzdorligini undirishda ana shunday vaziyatlar bilan bog‘liq ma’lum bir chegara qo‘yish taklifini kiritmoqchimiz.

 

O‘tkir NAZAROV,

Adliya vazirligining Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i:

— Qarzni kechiktirish masalasida banklar mijozni tushunishni inkor etadi, eshitmaydi. Bu – hayot. Har xil holat bo‘lishi mumkin. Ya’ni daromadi keskin tushib ketishi, kasal bo‘lib qolishi yoki boshqa biror masala ro‘y berishi mumkin. Mijozlarni ko‘paytirish, ularning ishonchini oqlash uchun balki banklar ba’zi holatlarda istisno sifatida qarzdorlikni undirishni kechiktirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. To‘g‘ri, hammaga birdek emas, individual tarzda imkoniyat berish kerak, deb o‘ylayman.

Yana bir tomoni, aksariyat holatlarda fuqaro shartnomani umuman o‘qimaydi. Buni kredit hujjatlarini rasmiylashtirayotgan bank xodimi ham yaxshilab tushuntirmaydi. Oqibatda o‘z huquqlarini bilmaganidek, majburiyatlaridan ham bexabar ravishda fuqaro hujjatga qo‘l qo‘yadi. Shu sababli yurtdoshlarimizga shartnomani o‘qishni o‘rgatishimiz kerak.

 

Anvarxon TEMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— 2021 yili 18 foizlik ipoteka krediti ajratish masalasi tatbiq qilindi. Lekin fuqarolar murojaat qilsa, hamisha resurs yo‘qligi aytiladi. Bu doimgi muammoga aylangan.

Yana bir masala. Tadbirkorga imtiyoz berilyapti, lekin ehtiyojmand kishilar uy-joy olmoqchi bo‘lsa, banklarda mablag‘ yo‘qligi aytilmoqda. Bu davlat banklariga tegishli. Tijorat banklarining foiz stavkasi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Markaziy bank bu masalalar bo‘yicha qanday izoh beradi?

 

Bahodir MIRZAYEV,

Markaziy bank Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari:

— Imtiyozli kreditlarning tijorat manbai banklarga tegishli emas. Ular hukumat, maxsus fondlar yoki boshqa manbalardan ajratiladi. Demak, ma’lum mablag‘ bo‘lsa, bankdan kredit beriladi. Agar manbai yopilsa, bankda ham imtiyozli kredit berish imkoniyati bo‘lmaydi.

Masalan, ta’lim kreditlari berish ayni paytda to‘xtatilgan. Chunki ularning manbai tijorat banklarining omonatlari yoki o‘zining puli emas. Moliya vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha. Agar moliyalashtirish to‘xtatilsa, bank tomonidan ham chiqish, afsuski, to‘xtaydi.

Tijorat banklarida kredit foizlarining juda yuqoriligiga kelsak, bu haqiqat va bu bilan kurashish kerak. Ayni paytda Markaziy bankning tegishli departamenti inflatsiyani tushirish orqali foizlarni kamaytirish choralarini topishga harakat qilyapti.

 

Sherzod RAHMONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Bilamizki, kredit olish vaqtida fuqaro kafil topa olmasa, sug‘urta polisidan foydalanish tartibi joriy qilingan. Bugungi kunda qancha jismoniy shaxs ushbu tizimdan foydalandi, umuman, tizim qanday ishlamoqda?

 

Bahodir MIRZAYEV,

Markaziy bank Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari:

— Sug‘urta polisi olganlar haqida qo‘limda aniq ma’lumot yo‘q va buning uchun uzr so‘rayman. Lekin tizimda muammolar kam emas.

Masalan, amaliyotda duch keldik. Sug‘urta kompaniyalari “bu mijoz shartnomadagi mana bu shartni bajarmagani sababli unga pul to‘lab bermayman” degan vajlarni ko‘rsatadi. O‘rganilganda esa mijoz o‘sha shartni hatto o‘qimagan bo‘ladi. Ba’zida esa mijozlar, ya’ni qarzdor “men olgan kreditni to‘lamasam ham bo‘laveradi, sug‘urta kompaniyasi qarzimni qoplab beradi” degan tushuncha bilan kredit oladi.

To‘g‘ri, sug‘urta kompaniyasi uning qarzini to‘lab beradi. Lekin sug‘urta kompaniyasiga o‘tgan kreditni baribir fuqarodan undirib oladi. Afsuski, moliyaviy savodxonlik yetishmasligi sababli, ayrim shaxslar sug‘urta polisini sotib oldim va men qarzimni to‘lamasam ham bo‘ladi, hammasidan qutulaman, deb xato o‘ylaydi. Qonunga ko‘ra esa qarzni baribir to‘lab berishi shart.

 

Yelena BABENKO,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Qarz oluvchi bilan sug‘urta tashkiloti o‘rtasida qarz oluvchining bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechib olish yuzasidan shartnoma tuzilmagan va bunday huquqning nobank tashkilotlariga berilishi qonunchilikda ko‘zda tutilmagan. Tijorat banklari tomonidan fuqarolarning bank kartalaridagi pul mablag‘larini ushbu bank kartalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlamagan holda hisobdan chiqarilishiga (shuningdek, bunday imkoniyatni sug‘urta tashkilotlari uchun yaratilishiga) yo‘l qo‘yilganligi faktlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga olib kelmoqda. Yana bir jiddiy masala fuqarolar nomidagi bir nechta kartadan kredit qarzdorligi uchun pul yechib olinayotgani bilan bog‘liqdir.

Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda raqamli banklar rivojlanib, mobil ilovalar orqali kredit olish imkoniyatlari kengaymoqda. Rasmiylashtirish jarayonlarida odatda qarz oluvchi fuqarodan tashqari yana bir necha yaqinining mobil raqami ham so‘raladi. Mijoz ularni kiritgach, o‘sha insonlar o‘zi xabardor bo‘lmagan holda bevosita kafilga aylanmoqda. Qarz olgan shaxs kreditni o‘z vaqtida qaytarmasa, uning tanishiga bank tomonidan murojaatlar qilina boshlaydi. O‘sha odam o‘zi xabardor bo‘lmagan masala uchun qayta-qayta bezovta qilinadi.

Fraksiyamiz a’zolari mazkur holatlar nafaqat partiya elektorati manfaatlariga zidligini qayd etadi, balki barcha fuqarolarning huquqlari buzilishiga olib kelmoqda, deb hisoblaydi. Masalaga qonuniy baho berish zarur.

Majlisda banklar va ularning xizmatidan foydalanuvchi fuqarolar o‘rtasida vujudga kelayotgan muammolar, ularning yechimi yuzasidan mutaxassislar hamda O‘zbekiston XDP deputatlari, faollari takliflari tinglandi.

Qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, ko‘tarilgan masalalarni hal qilish uchun hamkor tashkilotlar bilan chuqur o‘rganishlar olib borish, zarurat bo‘lsa, deputatlarimiz tomonidan qonun tashabbuskorligini amalga oshirib, amaldagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish masalasini ham ko‘rib chiqishga kelishib olindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

O‘zbekiston XDP Axborot xizmati rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 17.01.2023, №2

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish