Faqat muhtojlar uchun
Faqat muhtojlar uchun

 

Ba’zilar ijtimoiy himoya haqida juda tor o‘ylaydi. Ijtimoiy himoya, avvalo, huquqlar va imkoniyatlar tengligi masalasi, har bir inson insondek muomalaga loyiq degani hamdir.

Mamlakatimizda 2023 yilda ko‘p yaxshi hujjatlar qabul qilindi. Xususan, aholini ijtimoiy himoya qilish yo‘nalishida ham bir qator o‘zgarishlar bo‘ldi, tizimning qonunchilik asoslari yangilandi, yanada mustahkamlandi.

Xalq demokratik partiyasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qiladi. Demak, tizimdagi keng ko‘lamli islohotlar bevosita partiyamiz elektorati manfaatlari bilan bog‘liq. Shuning uchun eng muhimlariga to‘xtalishni joiz topdik.

 

Yilnomani varaqlaganda

– O‘tgan yili ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘lar 134 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu 2016 yilga nisbatan 5,6 barobarga ko‘p degani.

– Sentabr oyidan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali xususiy sektorda band bo‘lgan ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini proaktiv shaklda tayinlash va to‘lash yo‘lga qo‘yildi.

– O‘tgan yilning yanvar-iyul oylarida 9,1 ming nafardan ko‘p ayollarga jami 18,2 mlrd. so‘mlik homiladorlik va tug‘ish nafaqasi tayinlandi.

– Respublika bo‘yicha og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 78 mingga yaqin ishsiz xotin-qizlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ularni ichki mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish choralari ko‘rildi.

– 2023 yilda pensiya va oyliklar ikki marta — aprel-may oylarida va dekabrda oshirildi. Har ikkala safar ham oshish darajasi 7 foizni (jami 14 foizni) tashkil etdi.

– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIMga nisbatan 2 baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Mazkur yo‘nalishda yana ko‘plab ma’lumot va raqamlar keltirish mumkin. Sir emas, yillar davomida kam ta’minlangan oilalarga nafaqalarni belgilashda aniq mezonlar yo‘qligi, ajratilgan mablag‘larning real ehtiyojga nisbatan kamligi kabi muammolar ijtimoiy adolatga erishish imkonini bermay kelayotgan edi. Ochig‘i, shu paytga qadar qaysi oila qanday asosga ko‘ra nafaqa olishi kerak, degan dolzarb savolga qoniqarli javobning o‘zi yo‘q edi. Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larning aynan muhtoj fuqarolarga yetib borishida ham qator tushunmovchiliklar yuzaga kelganini hammamiz yaxshi bilamiz.

Bugun esa vaziyat tamomila yaxshi tomonga o‘zgardi. Ijtimoiy himoya bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ham butunlay yangi tizim yaratildi. Xususan, oilalarga nafaqa belgilash asoslari aniq qilib qo‘yildi. Tizimda ochiqlik, tenglik, adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish vazifasi belgilandi.

 

O‘zbekiston – ijtimoiy davlat

O‘tgan yildagi o‘zgarishlardan zo‘rlaridan biri Konstitutsiyamizning yangi tahrirda qabul qilingani, unda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilgani bo‘ldi.

Konstitutsiyamizda O‘zbekiston tarixda ilk bor ijtimoiy davlat, deb e’lon qilindi. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani konstitutsiyaviy norma darajasida mustahkamlandi. Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar qariyb 3 barobar ko‘paydi. Xususan, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, har kimning uy-joyli bo‘lish huquqiga oid qator majburiyatlar kiritildi.

 

Milliy agentlik tuzildi

O‘tgan yili iyun oyida «Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish, amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.

 

“Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarida

«Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2023 yil 15 oktabrdan boshlab, dastlab 28 ta tuman va shaharda eksperiment tariqasida Ijtimoiy himoya milliy agentligining «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi va ijtimoiy xodimlar guruhi ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ular og‘ir ahvolga tushib qolgan va shunday holga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarga bevosita mahalla darajasida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatadi.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ehtiyojlari va imkoniyatlarini baholash orqali ularga individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejalarini ishlab chiqadi. Aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar to‘g‘risida, shuningdek, aholining mazkur xizmatlarni olishga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha tushuntirish beradi.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy xodimlar guruhlari tashkil etiladi. Bu guruhlar har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlaydi. O‘rganish natijasida ularning ijtimoiy pasportlarini shakllantiradi.

– “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining tashkil etilishi O‘zbekistonda inson va uning manfaatlari har narsadan ustunligi, aholining ijtimoiy himoyasiga e’tiborning yana bir isboti, deyish mumkin, – deydi xalq deputatlari Kosonsoy tuman Kengashidagi O‘zXDP deputati, ikkinchi guruh nogironi Javlon Abdullayev. – Yaqinda bizning viloyatimizda ham birinchilardan bo‘lib Kosonsoy tumanida shunday markaz ish boshladi. Hozir bu yerda mutaxassis vazifasida faoliyat yurityapman. Markazimiz zamonaviy binoda joylashgan, bu yerda mahallalarga majmuaviy xizmat ko‘rsatuvchi 24 nafar malakali mutaxassis faoliyat olib bormoqda. Bu yerda ishlashda ko‘nglimda qandaydir xotirjamlikni his qilaman. Chunki, nogironligi bo‘lgan insonlarning og‘irini yengil qilish, ularning muammolarini hal etish, ularga yordamlashish insonga o‘zgacha sokinlik bag‘ishlaydi. O‘zim ham jismoniy tomondan imkoniyati cheklangan inson sifatida bunday odamlarning ichki kechinmalarini, xayollarini, tashvishlarini yaxshi bilaman-da. Avvallari muammolar yuzasidan ko‘p tashkilotlarga, xizmat markazlariga murojaat qilinardi, ko‘p sarson bo‘lardik. Hozir ularning hammasi birlashtirilib, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yo‘naltirildi. Muammo bo‘lsa, idorama-idora yurmasdan, ularni bitta joyda hal qilish imkoniyati yaratildi. Bundan men qatori ehtiyojmand barcha odamlarimizning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi.

 

Ayollar mehnati qat’iy muhofazada

2023 yil 30 aprel. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasining yangi Mehnat kodeksi kuchga kirdi. Kodeksda, xususan, homilador ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bir qator kafolatlar nazarda tutildi. Ya’ni, homilador ayollar yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar sifatida baholanib, ularga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi.

– Kodeksning 119-moddasiga ko‘ra, homiladorligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra, ishga qabul qilmaslik ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish sanaladi. Bunga esa yo‘l qo‘yilmaydi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Mavjuda Hasanova. – Ya’ni, ayolning homiladorligini bila turib, uni ishga olishdan g‘ayriqonuniy ravishda bosh tortgan yoki ishdan bo‘shatgan shaxslar Jinoyat kodeksining 148-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Shuningdek, homilador ayol ishga qabul qilinganda, unga dastlabki sinov belgilanmaydi.

Yana bir muhim yangilik, Kodeksning 403-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida antenatal (tug‘uruqqacha) parvarishlash (perinatal skrining va tashxis, majburiy tibbiy ko‘riklar va boshqa majburiy tibbiy muolajalar) uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha bo‘sh kunlar berishi shart. Mazkur imtiyoz avval mavjud emas edi.

 

Ijtimoiy nafaqa endi faqat ehtiyojmandlarga beriladi

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 2,1 milliondan ko‘p bo‘lib, ularga davlat budjetidan 11 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilmoqda.

2023 yil 10 noyabrda Vazirlar Mahkamasining «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi.

Unga asosan o‘tgan yilning dekabr oyidan boshlab bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangandan so‘ng «Yagona reyestr» AT yordamida har oyda oilaning iqtisodiy holati avtomatik ravishda monitoring qilinadi hamda oilaning iqtisodiy holati yaxshilangan (ikkinchi ko‘chmas mulk yoki noturar joy, yangi avtotransport xarid qilgan yoki yuqori ish haqi olishni boshlagan) bo‘lsa, nafaqa to‘lovi to‘xtatiladi.

 

Ushbu tartibni deputat Anvarxon Temirov quyidagicha izohladi:

– Shu paytga qadar ijtimoiy nafaqa olishni so‘rab ariza berilgan vaqtda kam ta’minlangan deb belgilangan oilaga bolalar nafaqasi 12 oyga, moddiy yordam esa 6 oyga tayinlanardi. Nafaqa yoki moddiy yordam tayinlangandan keyin daromad yaxshilanib, yangi avtomashina yoki qandaydir ko‘chmas mulk xarid qilgan holatlar ham kuzatilgan. Lekin shunday sharoit bo‘lsa-da oila nafaqa yoki moddiy yordamni olishda davom etavergan. Masalan, yil boshida, ya’ni yanvar oyida bolalar nafaqasi tayinlangan oila oradan 2-3 oy o‘tib, avtomashina sotib olgan, lekin unga yil oxiriga qadar 12 oy davomida nafaqa to‘lanadi. Ya’ni, nafaqa tayinlangandan keyin ham oilaning iqtisodiy ahvoli monitoring qilinmasdan kelgan va sharoiti, iqtisodiy ahvoli yaxshilangan bo‘lsa-da, muddat yakuniga qadar to‘lov amalga oshirilgan. Aniqki, bu odamlar orasida norozilikni va tizimga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Haqiqiy muhtoj oilalar esa qiynalib yuraveradi.

Ana shunday ijtimoiy adolatsizlik holatlarini bartaraf etishda Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, deb o‘ylayman. Ya’ni, unga ko‘ra oilaning iqtisodiy ahvoli avtomatik ravishda vazirlik va idoralardan olinadigan elektron ma’lumotlarga muvofiq har oyda monitoring qilib boriladi, iqtisodiy holati yaxshilangan oilalarga nafaqalarni to‘xtatish amaliyoti joriy etilmoqda.

 

Bandlik masalasi

– Jamiyatda rivojlanish, barqarorlik bo‘lishi uchun barcha resurslar xalq farovonligi uchun yo‘naltirilishi kerak. Bu partiyamizning siyosiy qarashlaridan biridir, – deydi parlament quyi palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Shohista Turg‘unova. – So‘nggi 5-6 yil ichida O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga e’tibor tubdan yaxshilandi. Ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan ikki baravarga oshdi. Natijada nafaqa oluvchi oilalar qamrovi bir necha barobarga ko‘paydi. Yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi, “Monomarkaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil etildi. Bu uyma-uy yurilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga imkon qadar yordam ko‘rsatish ishlari ko‘lamini kengaytirdi. Ishlayotgan pensionerga yuz foiz pensiya to‘lashga o‘tildi. Har bir hudud kesimida kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, aholi daromadini oshirish bo‘yicha dasturlar qabul qilinmoqda. O‘tgan 6 yil davomida aholi orasida pensiya va nafaqa oluvchilar soni oshganini ham kuzatish mumkin. Bunday ezgu ishlar haqida uzoq gapirish mumkin.

Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat tamoyili mustahkamlandi. Demak, oldimizda hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda yurtimizda ishsizlar soni 1 million 300 ming nafarni tashkil qiladi. Bu yil yana 2 million 400 ming aholi mehnat bozoriga kirib keladi. Joriy yilda 5 million aholining bandligini ta’minlash maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari xalqimizga yo‘llagan Yangi yil tabrigida ham joriy yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish e’tiborimiz markazida bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Shundan kelib chiqib, fraksiyamiz ham bandlik masalasida nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirishni, mutasaddi vazirliklarning axborotini eshitishni, hududlarda mahalliy Kengash deputatlari bilan birga ishlab chiqarish, biznesni rivojlantirish, yoshlar va ish boshlash niyatida yurgan fuqarolarga yaqindan ko‘maklashishni reja qildi.

 

2024 yilda ham izchil davom etadi

– Har haftaning juma kuni “Mehr va saxovat kuni” sifatida belgilanib, barcha davlat organlari va tashkilotlari ehtiyojmand aholi, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularga g‘amxo‘rlik qilish hamda xayriya tadbirlari o‘tkazadi.

– 1 martdan boshlab «Mahalla yettiligi» tomonidan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olayotgan oilaning nomiga rasmiylashtirilmagan, biroq foydalanuvida bo‘lgan avtotransport vositalari, ko‘chmas mulklari hamda chorva mollari ularning arizalarida ko‘rsatgan ma’lumotlarga muvofiqligi joyiga chiqqan holda o‘rganiladi;

– Apreldan boshlab fuqarolar ortiqcha ovoragarchiliklarsiz onlayn shaklda bolalar nafaqasi va moddiy yordamga ariza topshirishlari mumkin. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali arizalarni yuborish imkoniyati yaratiladi. «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlariga fuqarolarning bevosita roziligi bilan «Yagona reyestri» AT orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berish huquqi beriladi.

 

* * *

Albatta, har bir islohot, o‘zgarish, dasturlarda belgilangan har bitta yo‘nalish minglab, millionlab odamlarni o‘zgarishga, yuksalishga ruhlantiradi.

Ilgari muhtoj oilalar, muhtoj fuqarolarning katta qismi turli sabab va bahonalar bilan nafaqa ololmaslik holatlari ko‘p kuzatilgan. Ochig‘i, bunga mablag‘lar ham kamlik qilgan bo‘lsa, keyingi yillarda mablag‘ miqdori bir necha barobarga oshirildi. Masalan, nafaqa oluvchi oilalar soni oxirgi 3 yilda to‘rt barobarga oshib, 1,9 millionga yetdi. Bu raqamlar nafaqaga muhtoj oilalar soni ortganini emas, balki ijtimoiy himoya manziliga yetib borayotganini anglatadi. Mamlakatimizda ijtimoiy himoya masalasiga munosabat, e’tibor va mas’uliyat tubdan o‘zgardi. Endilikda muammolarni ko‘rib, bilib turib yashirish emas, balki hal qilish uchun ham huquqiy, ham amaliy jihatdan izchil choralar ko‘rilmoqda.

 

Laziza SHEROVA.

«O‘zbekiston ovozi», 17.01.2023, №2

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish