25 ming nafari foydalangan, 105 ming nafari esa yo‘q
25 ming nafari foydalangan, 105 ming nafari esa yo‘q

 

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi.

 

Faoliyat turidan qat’i nazar yuridik shaxs tashkil qilib, faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan ayollarga “dekret” pulining bir qismi, ya’ni 2 million so‘mi davlat budjeti hisobidan to‘lab beriladi. Umumiy tartib Mehnat kodeksiga asosan ishlaydi.

O‘z navbatida, homiladorlik va tug‘ish nafaqasini oluvchilarga ayrim talablar bor. Masalan, nafaqaga talabgor ayol kamida uzluksiz 6 oy davomida o‘sha korxonada ishlagan bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, yagona milliy mehnat tizimida rasman band bo‘lgani, korxona tomonidan mehnat daftarchasi ochilgani hamda uning buyruqlari korxona tomonidan kiritilgani hisobga olinadi.

Yana bir muhim jihati, 6 oy davomida ayolning Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida daromadlari va soliq to‘lovlari aks ettirilgan bo‘lishi zarur. Ushbu tartib 2022 yilning 1 sentyabridan boshlab amaliyotga tatbiq etildi.

“Dekret puli”ni olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?

Hech qayerga murojaat qilish shart emas, jarayon pro-aktiv (elektron ko‘rsatiladigan xizmat) tarzda amalga oshiriladi. Ayollar “dekret”ga chiqishdan oldin xohlaydimi, yo‘qmi, tibbiyot muassasalariga murojaat qilib, “bolnichniy list” olishadi. Tibbiyot muassasalarida IT (ayti) hamshiralar bor, ular byulleten berishdan oldin ayolni yagona ijtimoiy himoya reyestriga alohida ro‘yxatdan o‘tkazishadi.

“Dekret” puli ajratish jarayoni qanday kechadi?

Birinchi bosqich ro‘yxatga olishdan boshlanadi. Ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilsa, ular bazaga tushadi, keyingi bosqichda elektron tekshirish boshlanadi. Ya’ni, ma’lumotlar bazaga kelib tushgach, UZASBO dasturi orqali ayol yuridik shaxsda yoki davlat tashkilotida ishlovchi ekani aniqlanadi.

Hozirgi kunda davlat muassasalarida ishlovchi ayollarning nafaqa puli davlat budjetidan to‘lab beriladi, shuning uchun agar u ayol davlat tashkilotida ishlasa, unga “dekret” puli davlat tomonidan to‘lab berilishi kafolatlangan. Agar ayol ham davlat tashkiloti va ham xususiy sektorda ishlasa, bunda uning birinchi ish joyi inobatga olinadi.

Har ikkala tomondan dekret puli to‘lab berilmaydi. UZASBOdan tekshirib bo‘lgandan keyin ayolning ma’lumotlari keyingi bosqichga o‘tkaziladi. Bu bosqichda Davlat soliq qo‘mitasining bazasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining yagona milliy mehnat tizimi orqali elektron tekshiriladi.

Bu ikkalasida ham ayolning bazaga kiritilgan (ayti hamshirasiga berilgan) telefon raqamiga “sizga nafaqa tayinlandi, keyingi oyning 10-sanasigacha pul to‘lab beriladi”, degan “sms” boradi. Xuddi shu ma’lumot Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasida ish beruvchining shaxsiy kabinetiga ham yuboriladi.

Ayol nafaqani olishi haqida bildi, endi tadbirkor umumiy to‘lab berilishi kerak bo‘lgan summadan 2 million so‘mini chegirib, qolganini to‘lab beradi. Nafaqa qanday shaklda to‘lab beriladi?

Agar ayolda plastik kartochkasi bo‘lsa, oxirgi tranzaksiyasi 60 kundan oshmagan kartochkasiga pul tashlab beriladi. Agar unda kartasi bo‘lmasa yoki oxirgi tranzaksiya muddati 60 kundan oshib ketgan bo‘lsa, kartaga tashlab berilmaydi. Bunday hollarda, o‘ziga yaqin “Xalq banki”ga murojaat qilishi kerakligi haqida “sms” boradi. Bunda nafaqa naqd pulda to‘lab beriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024 yilgi davlat budjeti loyihasida “dekret puli” prognozi qisqarganini izohlarkan, 2023 yilda xususiy sektorda ishlayotgan 130 ming ayolga 300 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgani, biroq 300 mlrd so‘mning atigi 50 milliard so‘mi o‘zlashtirilgan bo‘lib, shu bois joriy yil uchun prognoz 100 mlrd so‘mga tushirilganini ta’kidlaydi.

2024 yilgi budjet loyihasini tayyorlashda 2023 yilning haqiqiy xarajatlari inobatga olingan bo‘lib, keyingi yilda xususiy sektorda ishlovchi 40 mingdan ortiq (2023 yilga nisbatan 2 baravar ko‘p) ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun 100 mlrd so‘m ko‘zda tutilmoqda.

Bu degani 2023 yilda xususiy sektorda ishlayotgan ayollarning “dekret puli” uchun davlat budjetidan ajratilgan 300 mlrd so‘mning atigi oltidan 1 qismi, ya’ni 50 mlrd so‘mi o‘zlashtirilgan. Xususiy sektorda ishlab, homiladorlik nafaqasiga chiqqan 25 000 nafar ayol ushbu imtiyozdan foydalangan, 105 ming nafari esa foydalanmagan.

Shu yerda haqli savol tug‘iladi. 2023 yil Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘ nega ishlatilmay qoldi? Bunga sabab oddiy, ya’ni hususiy sektorda ishlagan, homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan ayollarning aksariyati “dekret puli”ni ololmagan. O‘rganishlarga ko‘ra, ko‘pchilik ayollar ushbu tartib joriy etilganidan xabardor emasligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, xususiy sektorda norasmiy ishlab (mehnat daftarchasi ochilmay), kunlik maosh olayotgan xotin-qizlar ham bu imtiyozdan foydalana olishmayapti. Rasman ishga qabul qilinib, mehnat daftarchasi ochilgan bo‘lsa-da, korxona tomonidan Yagona milliy mehnat tizimida ayolning rasman band bo‘lgani haqida ma’lumot kiritilmagani hamda Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasida daromadlari va soliq to‘lovlari o‘z aksini topmagani ham ana shunday huquqlardan foydalanilmay qolishga olib kelmoqda.

Masalaning yana bir tomoni, biror tashkilot yoki korxonada rasman ish booshlaganiga hali 6 oy bo‘lmagan xotin-qizlar ham davlat budjeti tomonidan ajratilayotgan “dekret puli”ni ololmayapti. Mehnat kodeksining 233-moddasiga ko‘ra, ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

Tegishli farmon bilan xususiy sektorda band bo‘lgan ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasining bir qismi budjetdan kompensatsiya qilinadi. Agar budjetdan tashqari tashkilotda ishlovchi ayol oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lmasa, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanmaydi. Bu holatda nafaqani ish beruvchi o‘zi to‘liq to‘laydi. Agar ayol oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lsa, har oy uchun davlat tomonidan minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Bugungi kunda bir oyda kishi boshiga minimal iste’mol xarajatlari 621 ming so‘mni tashkil etadi.

Masalan, 126 kalendar kun uchun homiladorlik va tug‘ish nafaqasini taxminan 6 million deb olsak, agar u oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lsa, davlat tomonidan taxminan 2 million 484 ming (4 oy * 621 ming so‘m) so‘m nafaqa davlat tomonidan, qolgan qismi esa ish beruvchi tomonidan to‘lanadi. Agar ayol oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lmasa, u holda 6 millionni barchasini ish beruvchi o‘zi to‘liq to‘laydi.

Ish beruvchi xodimga “dekret puli”ni to‘lab bermasa-chi?..

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlash BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, BHMning o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar mehnat huquqlari buzilishi kuzatilsa, xodim o‘z hududidagi mehnat inspeksiyasiga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qilishi mumkin.

Yuqoridagi tahlillardan shunday xulosaga kelish mumkin, ayollarning qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan to‘g‘ri va to‘liq foydalanishlarini ta’minlash uchun deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatib, doimiy monitoringini olib borish lozim. Buning uchun xususiy sektorlarda band bo‘lgan ayollar ro‘yxatini shakllantirib, nechta ayol dekretga chiqdi, nechtasi dekret pulini olgani bo‘yicha Statistika agentligi tomonidan hisob-kitobi yuritilib, e’lon qilib borilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi va aniq natijaga erishiladi.

Bundan tashqari, ayollarni qonunlardan, itiyozlardan xabardorligini oshirish, OAV, ijtimoiy tarmoqlarda doimiy ma’lumotlar berib borish, mas’ul tashkilotlar tomonidan targ‘ibot tadbirlarini ko‘paytirish zarur. Muhimi, xususiy sektorda ishlayotgan ayollar ham o‘z haq va huquqlarini talab etishni o‘rganishi kerak.

 

Gulshan ASATOVA,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari,

Respublika Oqila ayollar harakati a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 24.01.2023, №3 

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish