O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” yili munosabati bilan ishlab chiqilgan Davlat dasturi loyihasi, unga qo‘shimcha takliflar berish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta yo‘nalishi bo‘yicha 2024 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxatlari belgilanmoqda. Loyihada, shuningdek, yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida joriy yilga mo‘ljallangan islohotlar nazarda tutilmoqda.
Ayni paytda turli tashkilot va idoralar qatori, XDPning eng quyi bo‘g‘inlaridan boshlab, markazgacha bo‘lgan tartibda partiya faollari hamda deputatlar davlat dasturiga o‘z takliflarini bildirmoqda.
Xususan, tug‘ma nogironlarni, shuningdek o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan nuroniylarga qarab kelayotgan kishilarga yoshga doir pensiya tayanch miqdorini olishi uchun qonuniy kafolatlarni kuchaytirish, bu borada qonunchilik o‘zgartirish kiritish taklif ilgari surildi.
Bundan tashqari, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, sohaga oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashni nazarda tutish kerakligi bildirildi.
Kengaytirilgan yig‘ilishda fraksiya a’zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiyaning hududiy tashkilotlari faollari Davlat dasturi loyihasini qo‘llab-quvvatlagan holda, qo‘shimcha takliflarini ma’lum qilishdi.
Yig‘ilishda barcha darajadagi partiya tashkilotlari hamda deputatlik birlashmalari, shuningdek, hamkor tashkilotlar takliflarini umumlashtirish hamda Davlat dasturi loyihasi uchun yuborishga qaror qilindi.