Prezidentimiz 25-26 mart kunlari Namangan viloyatida bo‘ldi. Tashrif davomida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirdi, yirik energetika obyektlari qurilishiga start berildi, mahallalar hayoti bilan tanishdi. Shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi vazifalari belgilab berildi.
Hozir butun namanganliklar shu haqida faxr bilan gapiryapti, bu galgi tashrif ham sermahsulligi bilan viloyat ahlini quvontirgani ta’kidlanmoqda. Tashrif davomida ro‘y bergan voqealar, bildirilgan fikrlar viloyat ahlining kayfiyatini yanada ko‘tarib, katta maqsadlar sari ruhlantirgani aniq.
Uchrashuvlarda Xalq demokratik partiyasi vakillari, deputatlar, faollar ham ishtirok etdi. Ular bildirilgan fikrlar, belgilangan vazifalar haqida o‘z fikr hamda xulosalarini muxbirimiz bilan bo‘lishdi.
Ilhom ATABAYEV,
O‘zXDP Namangan viloyat kengashi raisi,
Namangan shahar Kengashidagi partiya guruhi a’zosi:
– Avvalo, ta’kidlashim kerakki, tashrif davomida, uchrashuvlarda aytilgan har bir fikr, berilgan topshiriq va tavsiyalar zamirida inson manfaati ustuvorligi, turmush sharoitini yaxshilash, farovonlikni yanada oshirish maqsadlari mujassam bo‘ldi. Odamlardan istaklari, ishini rivojlantirish uchun zarur masalalar haqida so‘raldi. Bu odamlarimizda, yoshlarimizda ertangi kunga ishonchni mustahkamlash, maqsadlari sari qo‘rqmasdan dadil odimlashi uchun ruhlantiradi, albatta.
Prezidentimiz Namangan viloyati uychi tumanidagi «Qumtepa» yoshlar kichik sanoat zonasida ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi, temirchi hunarmandlar bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga sanoat zonasi maydonidan samarali foydalanish, yoshlarni va ishsiz fuqarolarni hunarga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu yerda mahallabay ishlash orqali ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi.
Bu nimadan dalolat beradi? Tabiiyki, ishlab chiqarish ko‘payishi, borlari o‘z faoliyatini kengaytirishi minglab ish o‘rinlari yaratilishi uchun xizmat qiladi. Demak, ishlayman, ish o‘rni yarataman, degan kishilarni qo‘llab-quvvatlash, tarmoqlardagi turli byurokratik to‘siqlar qo‘yilishini nazorat qilish, aholining ijtimoiy himoyasi masalasidagi vazifalar ijrosini doimiy ravishda o‘rganib borish, umuman, xalq ichida bo‘lishimiz zarur.
Oldimizda ulkan va mas’uliyatli vazifalar turganini his qildik. Belgilangan har bir loyihaning xalqimizga manfaatli bo‘lib amalga oshishi uchun butun deputatlik korpusi, faollarimiz bilan hamjihatlikda ish olib borishimiz zarur. Partiyamizdan saylangan 128 nafar deputatdan faollik va qat’iylik talab etiladi.
Davlatimiz rahbari «Qumtepa» mahallasi markazida ham bo‘ldi, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ushbu mahallada 5 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydi. Xonadonlar metalni qayta ishlash, dehqonchilik va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Mahalla idorasi uchun qurilgan yangi binoda Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi ham tashkil etildi. Bu yerda aholi va tadbirkorlar ayrim davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Prezidentimiz buni ma’qullab, davlat idoralari bilan bog‘liq masalalarni iloji boricha mahallalarning o‘zida hal etish zarurligini ta’kidladi.
Deputat sifatida faoliyatim davomida amin bo‘ldimki, odamlar biror bir masalaga javob topish uchun, avvalo, mahallaning eshigini taqillatadi. Chunki mahalla odamlarga eng yaqin idora hisoblanadi, u fuqarolarimiz bilan har doim yonma-yon, hamnafasdir. Kishilarimiz qandaydir masala yuzasidan mahallaning imkoniyati, vakolatlari yetmasa, keyin boshqa kattaroq idoralarga borishadi. Bundan ko‘rinadiki, mahallaning «qo‘li uzun» bo‘lsa, odamlarning mushkuli oson bo‘ladi.
Namangan tumanidagi «Nam Motor Servis» korxonasidagi uchrashuv-muloqot g‘oyat ko‘tarinki ruhda kechdi. Prezidentimiz dastlab korxona faoliyati bilan tanishdi. To‘rt gektardan ortiq hududda joylashgan ushbu investitsion loyihaning dastlabki bosqichi 2021 yilda ishga tushirilgan. Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. Natijada yiliga o‘n ming dona elektr dvigatel, ikki ming dona suv nasosi ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Yuz kishi ish bilan ta’minlandi.
Prezidentimizga korxonaning istiqboldagi rejalari, navbatdagi bosqichlar haqida ma’lumot berildi. loyihaning ikkinchi bosqichi may oyida, yakuniy bosqich esa yil oxirigacha ishga tushadi. Natijada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi ortib, hamkorlik geografiyasi kengayadi. yana 160 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari boshqa tarmoqlar va korxonalar bilan kooperatsiyani kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Eng muhimi, berilgan ko‘rsatma va takliflar yaqin kelajakda yirik korxonalar faoliyati samardorligi yanada oshishi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, ishchilar daromadlari sezilarli o‘sishiga xizmat qilishini anglatadi. Azmi qat’iy, shijoatli namanganliklar tavsiya va takliflarni dasturulamal qilib, tashabbuskorlikni qo‘lga olgan holda ulug‘vor maqsadlar yo‘lida yanada dadillanib, kuch-quvvat olishdi, deb ishonaman.
Ziyovuddin MANSUROV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyat bo‘limi rahbari, «Elyurt hurmati» ordeni sohibi, viloyat Kengashidagi O‘zXDP deputati:
– Viloyatimiz keyingi yillarda ancha taraqqiy topdi, o‘sdi, yuksaldi. Yangi sanoat zonalari, ayniqsa, aholi zich istiqomat qiladigan chekka hududlardagi kichik sanoat zonalari ishsizlikning qisqarishi, odamlarga qulay ish o‘rinlari yaratib berishda muhim omil bo‘lmoqda. Muhimi, viloyatimiz yil sayin emas, oy sayin, kun sayin, soat sayin o‘zgarayotganidan ko‘nglimda zavq, quvonch, iftixor tuyg‘ularining chek-chegarasi yo‘q.
Tashrif davomida o‘tkazilgan uchrashuvlarda bildirgan fikrlar, Namanganni yanada rivojlantirish yo‘lidagi tashabbuslar, odamlarimiz farovonligini va daromadini oshirishga qaratilgan ulkan rejalar, albatta, quvontirishi tabiiy-da.
Prezidentimiz Namangan shahrida Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlari hamda iqtisodiy kompleks mutasaddilari ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishda Sayxunobod tajribasi asosida mahallabay ishlash, tomorqa va xonadonlardagi imkoniyatlardan foydalanib, aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Mahallalarda ishsizlar, ehtiyojmandlarga alohida e’tibor qaratish, tashkiliy-moliyaviy ko‘mak berib, bandligini ta’minlash zarurligi aytildi. Buning uchun barcha mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yishi kerakligi qayd etildi. Mahallalarga hokimlik va barcha iqtisodiy idora xodimlari biriktirilib, ular xonadonlarda bo‘lib, imkoniyatlarini tahlil qiladigan bo‘ldi.
Qarang, qancha imkoniyat. Bir zamonlar odamlarimiz ishlayman, tadbirkor bo‘laman, degan maqsad bilan hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar oldida kunlab, oylab muammolari bilan o‘ralashib yurardi. To‘siqlardan, qog‘ozbozliklardan charchab, rahbarlar eshigini taqillataverish joniga tekkandan qancha odamlar ishini oxiriga yetkazmay qo‘l siltagan holatlar ko‘p edi. Hozir vaziyat tamomila boshqacha. Hokimliklar, iqtisodiy idoralar vakillarining o‘zi mahallalarga, xonadonlarga boradi, odamlar bilan bevosita suhbatlashadi.
Tomorqasi borlarning ham daromadi oshadi, hunarmandlikka uquvi borlarga xom ashyo, uskuna va aylanma mablag‘dan yordamlashiladi. Tadbirkorlik istagi bo‘lsa, biznes loyihalar qilib beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, qo‘lidan ish keladigan odamlar qo‘llab-quvvatlanadi, harakat qilgan odam endi kam bo‘lmaydi.
Bu galgi tashrifning yana bir o‘ziga xos jihati shunda bo‘ldiki, u shunday muborak oylarda tashkil etildi. Shu kuni yurtimizning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlardagi hamma mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozilgani kabi Namanganda ham iftorlik dasturxoni yozildi, viloyatdagi bu ehsonga Farg‘ona va Andijon viloyati nuroniylari ham tashrif buyurdi. Prezidentimiz ham bu iftorlikda ishtirok etdi. Ulug‘ kunlarda qilingan niyat va maqsadlar ro‘yobga chiqishiga ishonamiz.
Shu kuni yana bir muhim tashabbusdan viloyatimiz ahlining bosh osmonga yetdi. Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. So‘nggi yillarda elektr iste’moli ancha o‘sgani va bu davom etishi inobatga olinib, viloyatda jami qiymati 1,1 milliard dollar, quvvati 1 ming 228 megavatt bo‘lgan uchta majmua loyihalashtirildi. Bular gidroelektr stansiyalar kaskadi hamda ikkita quyosh elektr stansiyasidir. Ushbu stansiyalarni shu yil yakuniga qadar tarmoqqa ulash ko‘zda tutilgan. Ularda 120 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Marosimda Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, mazkur yirik energetika loyihalari qurilishini boshlab berdi.
Odamlarimiz farovon yashashiga sharoit yaratish yangi O‘zbekiston siyosatining asosiy poydevorlaridan biridir. buning uchun katta-kichik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, ularning barqaror faoliyati uchun uzluksiz energiya ta’minoti nihoyatda zarur. Shu ma’noda, bugungi marosim ham tarixiy voqea. barchangizni shunday yangi loyiha va tashabbuslar bilan tabriklayman, dedi davlatimiz rahbari.
Albatta, niyat yaxshiligida gap ko‘p. Yaxshi niyat bilan boshlangan ishlar xayrli bo‘ladi. Shu onda nimani o‘yladim, bilasizmi? Asosiy maqsad yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochish, investitsiyalarning kirib kelishiga hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga erishish, aholining turmush darajasini oshirishga qaratilganini yana bir bor tushunib yetdim. Bu oqilona siyosatning birgina ko‘rinishi, xolos. Eng quvonarlisi, odamlarda orzu qilishga, yangi marralarni zabt etishga imkon ham, ishtiyoq ham yetarli. Yuqori kayfiyat bilan har qanday marrani zabt etish mumkin.
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Laziza SHEROVA yozib oldi.
«O‘zbekiston ovozi», 27.03.2023, №13