Ovozimiz hayotimizni o‘zgartirishi mumkin...
Ovozimiz hayotimizni o‘zgartirishi mumkin...

 

Yurtimizda keyingi yillarda jamoatchilik orasida «Tashabbusli budjet» loyihasichalik keng ommalashgan loyiha yo‘q, deb aytsak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.

Loyiha odamlarni shaxsiy manfaatlar uchun emas, balki umummanfaat yo‘lida harakat qilishga undamoqda. Mazkur loyiha orqali odamlar yillar davomida ularni qiynab kelagan muammolar, imkoni bo‘lsa, qurbi yetsa, amalga oshirishni rejalashtirgan ishlarini «taklif» ko‘rinishida bildirish orqali amalga oshirishga odatlandi.

 

«Tashabbusli budjet»ning 2024 yildagi 1-mavsumiga 1 fevraldan start berilgan edi. Loyihalarga ovoz berish 13 martdan 4 aprelgacha davom etdi. Portal ma’lumotlariga ko‘ra, 9443 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 35 575 ta tashabbus kelib tushgan bo‘lib, shundan 28 919 tasi ma’qullangan.

Eng ko‘p tashabbuslar Surxondaryo viloyatidan kelib tushgan bo‘lib, ularning umumiy soni 3 603 tani tashkil qiladi. Ular orasida saralashdan o‘tgan loyihalar soni 2 684 ta bo‘lib, ovoz berish natijalariga ko‘ra, 965,3 ming ovoz to‘plagan. Shulardan 193 tasi g‘olib, deb topilgan.

Hududlar kesimida olib qaraganda eng kam tashabbuslar Jizzax viloyatidan kelib tushgan. Ularning soni 1 639 ta. Saralashdan o‘tgan 1 401 ta tashabbus 596 mingdan ko‘proq ovoz to‘plagan hamda shulardan 150 tasi g‘olib bo‘lgan.

Eng ko‘p tashabbuslari g‘olib bo‘lgan hudud Toshkent viloyati bo‘ldi. Viloyatdan saralashda qatnashgan 1 885 ta loyihadan 313 tasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tashabbuslarni yoqlab jami 790 mingdan ortiq ovoz berilgan.

Eng kam takliflari g‘olib bo‘lgan hudud navoiy viloyati bo‘ldi. viloyatdan jami 1 884 ta loyiha saralashda qatnashgan. Ular deyarli 365 ming ovoz yig‘ib, yakunda 129 tasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Shu tariqa yakunda respublika bo‘ylab 2 254 ta mahalla bo‘yicha jami 2 770 ta loyiha g‘olib, deb topildi. Ularni moliyalashtirishga 3,3 trln so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Loyihalarning eng yuqori qiymati 1 mlrd. 360 mln. so‘m qilib belgilangan. Bu mavsum ovoz berish jarayonlarida 11,7 mln kishi ishtirok etdi. Tan olib aytish kerak, raqamlar katta. Sababi, 2023 yilgi Prezidentlik saylovida 20 mlnga yaqin saylovchi ro‘yxatga olingan edi. Demak, O‘zbekistonda aholisining katta qismi «Tashabbusli budjet»ga ovoz berish jarayonlarida faol qatnashganini ko‘rsatmoqda. Qaysidir ma’noda odamlar o‘zlarining ovozi ko‘p narsani o‘zgartirishga qodirligini anglab yetayotgandek ko‘rinmoqda.

Bu mavsumning yana bir o‘ziga xos jihati, endi ovoz berish jarayoniga «Bir fuqaro, bir ovoz» tamoyili joriy etildi.

 

Bu nima degani?

Avvalgi mavsumlarda bir fuqaroning nomida qancha «sim karta» bo‘lsa shuncha ovoz berishi mumkin edi. Joriy mavsumdan bir fuqaro uning nomida qancha sim karta bo‘lishidan qat’i nazar bitta ovoz berishi mumkinligi aniq belgilab qo‘yildi. Natijada odamlarning yoppasiga «sim karta» olib, ovozlarni sun’iy ravishda oshirishiga imkon qolmadi. Shu tariqa «Tashabbusli budjet» loyihasi ham borgan sari takomiliga yetib bormoqda.

Natijalar e’lon qilinganidan so‘ng bir qiziq holat yuz berganiga guvoh bo‘ldik. Eng ko‘p ovoz yig‘ib g‘olib bo‘lgan 10 ta loyihaning 9 tasi Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumaniga to‘g‘ri keladi.

 

Eng ko‘p ovoz to‘plagan 3 ta loyiha

 

  1. Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani «Qo‘shchinor» MFY G‘urjob qishlog‘i «Hamdo‘stlik» ko‘chasi ichki yo‘llarining 3 kmni asfalt qilish loyihasi 14 918 ta ovoz bilan eng ko‘p ovoz yig‘gan loyiha bo‘ldi.
  2. Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanidagi Qayqi qishlog‘ining 3 km ichki yo‘liga asfalt qoplamasini yotqizish tashabbusi 14 718 ta ovoz to‘plagan.
  3. Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani «Qo‘shchinor» MFY da joylashgan G‘urjob qishlog‘i «Sokin» va «Yangi» asr ko‘chalari ichki yo‘llarini asfalt-beton qoplama yordamida ta’mirlash taklifi ham 14 497 ta ovoz olgan.

Yuqoridagi uchala tashabbus uchun joriy mavsumning eng yuqori qiymati miqdorida, ya’ni 1 mlrd 360 mln. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

 

Eng kam ovoz bilan g‘olib bo‘lgan 3 ta loyiha

 

  1. Toshkent viloyati, Nurafshon shahri «Uchqun» MFY hududiga «Guzar» ko‘chasining 26-sonli maktabigacha bo‘lgan qismida 1000 metr piyodalar yo‘lakchasini barpo etish loyihasi 32 ta ovoz yig‘ib g‘olib bo‘lgan va unga 400 mln. so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.
  2. Toshkent viloyati, Nurafshon shahri Nurafshon shahar madaniyat bo‘limining moddiy texnik bazasini mustahkamlash uchun 30 kv. metr sahna monitori xarid qilish taklifi 18 ta ovoz bilan g‘olib, deb topilib, 500 mln. so‘m ajratilishi belgilangan.
  3. Jizzax viloyati, Do‘stlik tumani A.Navoiy MFY «Yangi hayot» ko‘chasidagi tungi yoritgich chiroqlarini o‘rnatish tashabbusi 12 ta ovoz bilan mavsumning eng kam ovoz to‘plab g‘olib bo‘lgan tashabbusi bo‘ldi va unga 23 mln. so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

 

2024 yilgi 1-mavsum bilan 2023 yilgi 2-mavsumni solishtirib qarasak, o‘tgan yili respublika bo‘ylab 9426 ta mahalladagi infratuzilma yaxshilanishi uchun jami 49 464 ta taklif kelib tushgan edi. Ulardan 33 631 tasi ovozga qo‘yilgan. O‘tgan yili ham Toshkent viloyatining 122 ta loyihasi g‘olib bo‘lib yetakchilik qilgan. Lekin o‘tgan yilgi 1-mavsumda 1666 ta loyiha, 2-mavsumda 1187 ta loyiha g‘olib, deb topilgan edi. Solishtirib qarasak, bu yilgi 1-mavsumdagi g‘olib loyihalar soni o‘tgan yilgi ikki mavsumdagi g‘oliblar soni bilan deyarli bir xil. demak, progress katta, deb aytishimiz mumkin.

Har bir jamiyat turlicha fikrlar asosida shakllanadi va bu normal holat, deb qaraladi. Shunday ekan, «Tashabbusli budjet» atrofida ham fikrlar va qarashlar xilma-xilligini ko‘rishimiz mumkin. Kimlardir masalaning ovoz yig‘ish bilan bog‘liq majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilayotganiga e’tibor qaratsa, kimlardir aynan «Tashabbusli budjet» fuqarolarga o‘zaro manfaatlarini birlashtirish uchun vosita bo‘layotganiga urg‘u bermoqda. Teran fikr bilan mohiyatga chuqurroq nazar tashlasak, natijalar loyihaning ezgulikka xizmat qilayotganini ko‘rsatmoqda.

 

Ahmad Qurbonov,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 10.04.2023, №15

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish