Kunlar isib, odamlar egnidagi liboslarini yengillatgan palladan boshlab, yurtimizda to‘ylar ko‘payadi. Yangi oila jamiyatda yangi qo‘rg‘on, kelajak avlod davomchilari o‘chog‘i demakdir. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir yilda mamlakatimiz aholisi 800 mingga ko‘paygan. Bu avlodlar yangilanayotganidan dalolat.
O‘sish aholining uyjoyga ehtiyojini ham oshirib boradi. Shu boisdan keyingi yillarda aholini uyjoy bilan ta’minlash, ayniqsa, ehtiyojmand, kam ta’minlangan, yetarli daromadga ega bo‘lmagan oilalar, farzandlarini yolg‘iz katta qilayotgan ayollarni uyjoy bilan ta’minlash masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Oldingiga qaraganda natijalar katta. O‘rtacha oylik maosh olib ishlaydigan fuqarolarning uy olish uchun boshlang‘ich to‘lovni to‘lashga imkoniyati yo‘qligi yoki ipoteka kreditini qoplashga oylik maoshlari yetmaydiganlarga subsidiyalash tizimining joriy etilishi bu boradagi islohotlarni yanada jadallashtirdi.
Aholi ehtiyojini qondirish maqsadida yangi turar joylar qurilmoqda. Masalan, 2023 yilda qurilgan uylar soni 85 mingga yetdi. Hozirgi kunda davlat ipoteka dasturi orqali berilayotgan ipoteka kreditining maksimal miqdori Toshkent shahri uchun 416,5 mln so‘mni, foiz stavkasi esa yillik 18 foiz etib belgilangan. Bunday turdagi uylar 20 yillik muddatga beriladi.
Keyingi to‘rt yil ichida aholining uyjoyga ehtiyojini qoplashga barcha manbalardan 100 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bularning hisobiga hududlarda 6 mingta ko‘p qavatli uyjoy barpo etilib, 250 ming oila yangi boshpanali bo‘lgan.
O‘tgan yili Respublika bo‘yicha 85 mingta yoki 2022 yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p xonadon qurilgan bo‘lsa-da, joriy yilning 12 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezident mamlakatimiz aholisi soni ortib borayotganini inobatga olib, uyjoy qurilish hajmini har yili 20 foiz oshirib borish topshirig‘ini berdi.
Endilikda, ya’ni 2024 yilda 80 ming emas, 100 mingta xonadon qurish rejalashtirilgan. Yana bir jihati, bu loyihalar asosan hududlardagi «Yangi O‘zbekiston» massivlarida bo‘ladi.
Subsidiya o‘zi nima?
Subsidiya — daromadi yuqori bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishi uchun boshlang‘ich badal yoki kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish maqsadida davlat budjetidan qaytarib berilmaydigan mablag‘ hisoblanadi. Soddaroq qilib aytganda, ayni paytda belgilangan 32 million so‘mni fuqaro davlatga qaytarmaydi.
2023 yilning 13 aprelida Prezidentning «2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uyjoy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish choratadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan subsidiya ajratish jarayoniga o‘zgarishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnoma olingan vaqtdan boshlab 4 oy ichida amal qilishi belgilandi. Ushbu muddat tugagandan so‘ng yana qayta ariza berish imkoniyati joriy qilindi.
Avval subsidiya berilishi bo‘yicha xabarnomani qo‘lingizga tekkandan so‘ng belgilangan muddatda uyjoy olmasangiz, qayta ariza topshirish mumkin emasdi. Yangi tartibga ko‘ra, qayta ariza topshirish imkoni yuzaga keldi va bu fuqaro toki uyjoy olmagunicha davom etadi.
Yana bir muhim jihat shundaki, subsidiya olish uchun bir kalendar yilida ikki marta ariza berish bo‘yicha cheklov bekor qilindi. Endi rad etilgan arizalarga 1 dekabrga qadar qayta ariza yuborish mumkin.
Bugunga qadar ko‘plab fuqarolarimiz subsidiya asosida uyjoyli bo‘lishdi. Bu raqamlar yildan yilga oshib bormoqda. Joriy etilayotgan yengilliklar esa aholining boshpanali bo‘lishini ta’minlashdan iboratdir.
Tahlillarga nazar soladigan bo‘lsak, 2022 yilda daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga 29 mingta, 2023 yilda esa 30 mingta subsidiya ajratish belgilangan. 2022 yilda ipoteka dasturi bo‘yicha jami 855 mlrd so‘m subsidiya berilgan bo‘lib, shundan 17 293 nafar fuqaroga boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun 515 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. 2023 yilning maysentabr oylarida subsidiya bo‘yicha 29 485 nafar fuqaroga ijobiy xulosa taqdim etilgan bo‘lsa, shulardan 17 mingta oilaga 1,7 trillion so‘m berilgan.
Umuman olganda, so‘nggi 4 yil ichida daromadi yuqori bo‘lmagan 45 ming oilaga ipoteka kreditining boshlang‘ich badali va foiz to‘lovi uchun 2,4 trillion so‘mlik subsidiyalar ajratilgan. Joriy yilda ushbu raqamlar yanada ortishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kirgan va turar joyi nochor ahvoldagi oilalarga «mahalla yettiligi» tavsiyasi asosida o‘z hovlisida uyjoy qurish va ta’mirlashga ham ipoteka kreditini ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda kreditning 15 foizi va dastlabki besh yilda foiz stavkasining 6 foizgacha bandi budjetdan qoplab berilishi rejalashtirilgan.
Viloyat hokimlari «mahalla yettiligi» bilan joriy yilda ushbu imkoniyatdan foydalanib, har bir mahallada belgilangan miqdorda va tartibda ehtiyojmand oilaning uyjoyini yaxshilashga ko‘maklashadi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, odamlarning roziligi, ularning o‘z qo‘rg‘oniga ega bo‘lishi uchun bor imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
Ipoteka bozorida qanday ishlar bo‘ladi?
Bu yil ipotekani moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar miqdori oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu mablag‘lar asosan ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovini qoplash uchun va pudratchilarning aylanma mablag‘ini ko‘paytirish uchun sarflanadi.
Shuningdek, endi ipoteka kreditlari bo‘yicha garovga olinadigan uyjoyni sug‘urtalash talabi bekor qilinadi. Bu orqali odamlarning kamida 5 million so‘mlik xarajati tejaladi. Mazkur tajriba o‘tgan yildan boshlab Xalq bankida yo‘lga qo‘yildi.
Sifat ham muhim
Prezidentning uyjoy qurilishiga oid videoselektor yig‘ilishida qurilish hajmlari ortib borayotgan bir paytda «endi qurilish tannarxini pasaytirish va uylar sifatini yaxshilash bilan qattiq shug‘ullanish vaqti keldi», deb ta’kidlangan edi. Ya’ni, o‘tgan bir yil ichida yangi uyjoylar sotuv narxi o‘rtacha 34 foizga oshgani qoniqarsiz baholandi. Vaholanki, asosiy qurilish materiallari, masalan, sement va metall narxlari oshmagan. Shundan kelib chiqib, mas’ullarga bir qator topshiriqlar berildi.
Demak, sifatda ham o‘zgarishlar ro‘y beradi. Endi odamlar yangi ko‘chib o‘tgan uylarini qaytadan ta’mirlashga yoki qo‘yilgan rom va eshiklarni almashtirishiga to‘g‘ri kelmaydi. Bularning qay darajada amalga oshishini esa vaqt ko‘rsatadi. Sababi, ko‘p narsa uyjoy qurib berishni va’da qilgan quruvchining vijdoniga bog‘liq.
Subsidiyaga uy topish ro‘yomi?
Ijobiy ishlar, davlat tomonidan ko‘rilayotgan choratadbirlar hamisha yangilanib, yanada yengillashtirilayotgani quvonarli hol. Lekin masalaning yana bir tomoni borki, bu ham ko‘z yumib bo‘lmas haqiqatdir.
Odamlarda subsidiya haqida xabarnoma bor, ammo shunga munosib uyjoylar yetarlimi? Nega subsidiya xabarnomasini olgan fuqarolar uy qidirib sarson bo‘lyapti?
Ma’lumotlarga qaraganda, 2022 yilda 29 mingta xonadon subsidiya bo‘yicha berilishi rejalashtirilgan edi. Yil davomida 17 293 nafar fuqaroga subsidiya to‘lovlari to‘lab berilgan. 2023 yilda esa 30 mingta xonadon rejalashtirilgan bo‘lsa, 13 mingga yaqini faqat subsidiya xabarnomasi bilangina cheklangan.
Abror Qurbonov,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:
— Xalq demokratik partiyasi birgina Toshkent shahri misolida bu masalani o‘rganib ko‘rdi. Subsidiyaga Toshkent shahridan uy topish deyarli imkonsiz masalaga aylanib ulgurganiga guvoh bo‘ldik. Misol uchun, 2021 yil yakunida subsidiya olish bo‘yicha 14 mingdan ortiq fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. Shundan 4 ming 377 nafar fuqaroning arizasi qanoatlantirilgan. 2022 yilda 4314 ta subsidiya, 2023 yilda esa 3600 ta subsidiya ajratilishi belgilangan.
Murojaat qanoatlantirilib, xabarnoma berilishi masala hal bo‘lib, subsidiya ajratildi, degani emas. Eng katta masala subsidiya asosida sotiladigan uy topishda. Poytaxtdagi 20 ga yaqin qurilish tashkilotlariga subsidiya asosida uy sotib olish masalasida murojaat qilib ko‘rilganida deyarli barchasidan rad javobi olingan.
Shu kunlarda atigi to‘rt yoki beshta pudratchi qurilish tashkiloti o‘z uylaridan subsidiyaga ham sotishni taklif qilmoqda. Qolganlarida bunday amaliyot yo‘q. Ipotekaga sotilar ekan, ammo subsidiyaga berilmaskan. Aholi subsidiyadan ko‘ra, ipoteka asosida uyjoy olish oson, degan xulosaga kelib qolish mumkin.
Subsidiya berish borasida xabar e’lon qilinganida, sotiladigan uyjoylar hisobini olish maqsadga muvofiq. Bu masalaga chuqurroq kirib borish zarur, har bir subsidiya keyingi taqdiri nima bo‘lishi o‘ylangan holda berilishi muhim. «Subsidiya berdik, uyni o‘zing topib ol» qabilida yondashish to‘g‘rimikan?
Yana tahlillarga qaraymiz. 2021 yilda poytaxtimizda 4377 nafar fuqaroga subsidiya xabarnomasi ajratilgan. Shundan bor-yo‘g‘i 477 tasi subsidiya asosida qurilgan uylarni topgan, xolos. 3 ming nafardan ortiq fuqaro subsidiyaga uy topa olmagan. 2022 yilda vaziyat yaxshilangan. 4314 nafar fuqarodan 3 mingtasi subsidiya asosida qurilgan uylarni topgan. 1300 nafari qo‘lidagi hujjati bilan qolgan.
Davlat rahbari aholini uylijoyli qilish masalasini davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. Bu borada qator hujjatlar imzolanib, milliardlab mablag‘lar ajratilmoqda.
Misol uchun, Prezidentning 2021 yil 11 martdagi «Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uyjoy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha choratadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2021 yilda Toshkent shahrida 7 mingta uyjoy qurilishi belgilangan edi. Ushbu uylar aholiga subsidiya asosida ajratilishi kerak edi. Biroq mazkur uyjoylar qurilishi uchun ajratilgan yerlar auksionga joylashtirilgan bo‘lsa-da, ammo bu yerlar o‘z egalarini topmagan. Oqibatda uylar qurilmagan. Hujjat ijrosi tashkilotlar o‘rtasida sansolar bo‘lib, ta’minlanmagan. Bundan ko‘rinadiki, fuqarolar o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda qo‘llaridagi imkoniyatdan foydalana olishmagan.
Vaziyatga mutasaddilar, mutaxassislar qanday izoh berib, yechim taklif qila oladi?
Yana bir masala
Subsidiya asosida ipoteka krediti bilan uy oladiganlarni qiynaydigan yana bir masala bor. Bu olinadigan uyning narx chegarasi. Dastur bo‘yicha ipotekani hozir 11 ta bankda rasmiylashtirish mumkin. Foiz stavkasi yiliga 1718 foizni tashkil etadi. Kredit 20 yilga beriladi.
Biroq bu o‘rinda ipoteka krediti uchun mablag‘ning cheklanganini ta’kidlab o‘tish lozim. Masalan, Toshkent shahrida bu cheklov 416,5 mln so‘m, viloyatlar uchun 327,2 mln so‘m etib belgilangan. Vaholanki, narxlarning keskin oshib ketishi natijasida buncha pulga Toshkentda hatto 1 xonali xonadon topish ham qiyinligi sir emas. Subsidiyaga uy ajratilganda va foizlar belgilanganda fuqarolarning to‘lov qobiliyati hisobga olinishi muhim. Agar ayni kunda bu shakldagi sotuvga qo‘yilgan uylar narxi va foiz summasini hisobga olsak, subsidiya olgan fuqaroning kvartira xarid qilishi orzuga o‘xshab qoladi.
O‘zgarishlar, yutuqlar katta, lekin hayot ekan, uyjoy, subsidiya, ipoteka kreditlari masalalari bo‘yicha fuqarolarni qiynab kelayotgan, hal qilinishi kutilayotgan muhim masalalar ham bor. Yanada yangicha yondashuv, yangi g‘oya va takliflarsiz natijali yechimga kelish qiyin bo‘ladi.
Xalq demokratik partiyasi faollaridan takliflar:
Birinchidan, uyjoy quruvchi qurilish kompaniyalariga qurilayotgan uylarning ma’lum miqdordagi qismini aynan subsidiyaga ega fuqarolarga sotish bo‘yicha ijtimoiy majburiyatni qonun bilan yuklash zarur.
Ikkinchidan, balki qurilganiga 5 yildan oshmagan ikkilamchi bozordagi uylarni ham subsidiya asosida xarid qilish imkoniyatini yaratish haqida o‘ylab ko‘rish kerakdir. Bu borada me’yoriy hujjatlarga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Keyingi yillarda yaratilgan tizim xalqimizga yanada manfaat keltirishi uchun mutasaddilar astoydil izlanib ko‘rsa, subsidiyalar ko‘proq oilalarni xursand qilgan bo‘lardi.
Zilola Ubaydullayeva,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 17.04.2023, №16