Li KESYAN XXR Davlat kengashi bosh vaziri:
— Yaqinda Oʻzbekistonga XXR Davlat kengashi bosh vaziri sifatida ilk marta rasmiy tashrif bilan boraman. Bunda Toshkentda boʻlib oʻtadigan SHHT Hukumatlar rahbarlari (Bosh vazirlari) kengashining 18-majlisida ishtirok etish koʻzda tutilgan. Tashrif unchalik uzoq davom etmasa-da, undan koʻp narsalarni kutyapman.
Eʼtirof
Xitoy xalqining qalbida Oʻzbekiston hamisha yaxshi qoʻshni va ishonchli hamkor boʻlib gavdalanadi. Bunday yoqimli munosabat chuqur tarixiy ildizga ega. U ikki mamlakat xalqlarining koʻp asrlik uzviy aloqalari bilan bogʻliq. Qadimda Sixan sulolasi hukmronligi davridayoq, elchi va diplomat Chjan Szyan oʻzbek zaminiga borgan edi. Oʻshandan boshlab eng asosiy xalqaro megapolislar, jumladan, Chanʼan, Toshkent, Samarqandni birlashtiruvchi Buyuk Ipak yoʻli boʻylab xitoyliklar va oʻzbeklar oʻrtasida doʻstona munosabatlar oʻrnatilgan. Ikki davlat uchun umumiy boʻlgan ochiqlik qadriyati ularni yaqinlashtirib, tarix sahifalarida yorqin iz qoldirgan.
Yangi davr boshlanishi bilan bunday oʻzaro yaqinlik tobora rivojlanayotgan xitoy — oʻzbek munosabatlarini yanada mustahkamlab kelmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning 2016-yilda Oʻzbekistonga amalga oshirgan muvaffaqiyatli tashrifi natijasida ikki tomonlama aloqalar strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi. Joriy yilda esa biz Bosh vazir A. Aripov bilan birga tarixda birinchi marta hukumat boshliqlarining oʻzaro tashriflarini uyushtirdik.
Bugungi kunda ochiqlik siyosati Xitoy va Oʻzbekiston uchun milliy taraqqiyot va tiklanish ishida umumiy shiorga aylandi. Xitoyda islohotlar va ochiqlik siyosati 1978-yili boshlangan boʻlib, 40 yildan ziyod vaqt davomida ulkan rivojlanishga erishildi, bu esa nafaqat xitoy xalqi, balki butun dunyo uchun noyob imkoniyatlar ochib berdi. Ayniqsa, bu islohotlar va ochiqlik yoʻlida bizga endi Oʻzbekiston ham yoʻldosh boʻlgani quvonarli. Ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi juda tez surʼatlar bilan kechmoqda.
Ochiqlikni dadilliksiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Proteksionizm va bir tomonlama harakatlarning kuchayishi, jahon iqtisodiyoti va tashqi savdoning sustlashuvi natijasida xalqaro vaziyat oldindan aytish qiyin boʻlgan holatga kelib qolgan hozirgi sharoitda ochiqlik siyosati yuritish ham shubhali boʻlib qoldi, baʼzan hatto “yopiq eshiklar ortiga yashirinish” haqida oʻylab qolishga toʻgʻri kelyapti. Bunday sharoitda shuni eslash kerakki, ota-bobolarimiz ochiqlik maqsadida oʻta murakkab va uzoq yoʻlni bosib oʻtishgan. Oʻxshatish qiladigan boʻlsak, bu yoʻl baland togʻlar, tubsiz girdoblar va bepoyon sahrolardan iborat. Bugungi kunda ochiqlik oʻzini yenga olishni va eskidan qolgan andozayu qoliplardan xoli boʻlishni talab qilyapti.
Ochiqlik hamisha imkoniyatlar yaratadi. Negaki, “oʻz qobigʻiga oʻralib qolish” taraqqiyot maydonini toraytiradi, ochiqlik esa butun dunyo bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyat ochadi. Masalan, Ikkinchi jahon urushidan soʻng iqtisodiy globallashuv sharoitida turli davlatlarda ochiqlikni kengaytirmay turib, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, barqaror rivojlanishni taʼminlashning iloji yoʻqligini tarixning oʻzi koʻrsatib berdi. Oʻzbekiston dengizga chiqish yoʻliga ega emas, ustiga-ustak oʻziga oʻxshash jahon okeaniga chiqish yoʻli boʻlmagan mamlakatlar bilan chegaradosh. Shunday boʻlsa-da, aynan ochiqlik — oʻz vaqtida oʻzbek zaminiga Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi koʻprik vazifasini oʻtash va insoniyat rivojiga ulkan hissa qoʻshishga imkon bergan ochiqlik Oʻzbekistonga yana uning Davlat gerbida tasvirlangan Humo qushi singari qanot yozishida yordam beradi.
Xitoy Oʻzbekistonga hamkor va ishonchli sherik boʻlishga tayyor. Bunda bir-birimizni ochiqlik ruhida qoʻllab-quvvatlash, koʻmak berish, har ikki tomon manfaati uchun hamkorlikni chuqurlashtirish, taraqqiyot imkoniyatlari bilan boʻlishish juda muhim. “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi bilan hamohang tarzda amalga oshirishni ragʻbatlantirish, amaliy hamkorlikni mazmunan boyitish va tarkibini yaxshilash orqali yangi sxemalarni shakllantirish niyatidamiz. Hamkorlikning yangi-yangi shakllarini izlab topish, iqtisodiyotdagi har ikki tomon uchun ham foydali boʻladigan aniq natijalar bilan bir-birini toʻldirish maqsadida qoʻshma loyihalarni roʻyobga chiqarishni jadallashtirish lozim. Biz Xitoyning ishonchli va raqobatbardosh kompaniyalari bilan oʻzbek sheriklari oʻrtasida bozor va tijorat qoidalari asosida investitsiyaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xususan, Oʻzbekistondan yuqori sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining bizning mamlakatimizga eksportini koʻpaytirishni olqishlaymiz. Aminmanki, xitoylik turistlar uchun 7 kunlik vizasiz tartib joriy etilgani esa, Oʻzbekistonga uning buyuk tarixi va madaniyati, ajoyib tabiati va betakror xalqona muhiti bilan tanishish maqsadida boradigan vatandoshlarimiz sonini yanada koʻpaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, qoʻshimcha toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilsa, bu ham fuqarolarimizning oʻzaro bordi-keldilari uchun qulay sharoit yaratgan boʻlar edi. Jamoatchilik yoʻnalishidagi doʻstona muloqotlar yanada faollashsa, Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik, albatta, kuchayadi.
Toshkentda hamkasblar bilan birgalikda “Shanxay ruhi”dagi qoʻshma faoliyatimiz davom ettirilishini kutyapman. Bunda SHHT aʼzolari boʻlgan davlatlar orasidagi oʻzaro ochiqlik siyosati yanada kengayadi, savdo-investitsiyaviy tartib-taomillarni soddalashtirish va liberallashtirish darajasi oshadi, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya gʻoyasi ilgari suriladi, oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun inklyuziv ochiq maydon yaratiladi. Donishmand Konfutsiy aytganidek: “Muvaffaqiyatga erishishga intilar ekan, boshqalarga ham yordam bergan kishigina chinakam olijanob inson hisoblanadi”. SHHT aʼzolari boʻlgan barcha davlatlarning BMT shafeligida dunyo tuzilishini himoya qilish, Jahon savdo tashkilotining hal qiluvchi rolini saqlab qolgan holda koʻp tomonlama va erkin savdo tizimini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, SHHTning butun xalqaro hamjamiyat bilan ochiq hamkorlik qilishi boʻyicha saʼy-harakatlarini birlashtirishdan umidvormiz.
Ochiqlik siyosatini kengaytirish kelgusida hamkorlik va taraqqiyot sari yetaklaydi. Xitoyning ochiq eshiklari yopilmaydi, ular yanayam kattaroq ochilishi mumkin. Oʻzbekiston bilan, SHHTning boshqa aʼzolari bilan va umuman, jahonning barcha mamlakatlari bilan qoʻlni qoʻlga berib, ochiqlik yoʻlidan birgalikda gullab-yashnash sari boramiz.