Integrasiyaning mohiyati o'zgarmoqda

Xalqaro tajriba shuni ko'rsatadiki, integrasiya jarayonlarining shakllanishi va rivojlanishi nisbatan uzoq vaqtni talab qiladi. Bugungi kunda davlatlar o'z salohiyati va rivojlanish darajasidan qat`i nazar, integrasiyalashuv jarayonini xalqaro maydonda o'z nufuzini oshirish, milliy manfaatlarini yanada kuchliroq himoya qilish imkoniyati sifatida ko'rishmoqda.

Integrasiya jarayonlari borgan sari nafaqat mintaqalarning ichki maqsadlari, balki tashqi muhitning ortib borayotgan talablari, kuchayib borayotgan xalqaro raqobat bilan ham belgilanmoqda. Xalqaro integrasiya mafkurasining o'zi o'zgarmoqda, avvallari a`zo mamlakatlarning xo'jaliklarini o'zaro yaqinlashtirishni maqsad qilgan bo'lsa, hozir mintaqaviy tashkilotlarning o'zi global makon ishtirokchisiga aylanmoqdalar, integrasiya esa mintaqalarning dunyo xo'jaligiga integrasiyalashuvi sifatida tushunilmoqda.

Oxirgi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida ham O'zbekiston tashabbusi bilan integrasiya uchun harakatlar kuchaymoqda.

Bu borada ASEAN tajribasi o'ziga xosdir. ASEAN nima o'zi?

Hozirgi kunda ASEANga 10 ta davlat a`zo. Aholisi taxminan 670 mln. atrofida. Yalpi ichki mahsuloti esa 3,5 trillion dollardan ortiq.

ASEANni tashkil etgan Tailand, Singapur, Indoneziya, Malayziya va Fillippin 20-asrning 60-yillarida iqtisodiy ko'rsatkichlari past, korrupsiya, jinoyatchilik yuqori darajadagi davlatlar bo'lgan. E`tiborlisi, ASEAN yirik siyosiy kuch markazlarining ishtirokisiz tashkil etilgan. (Markaziy Osiyo integrasiyasi uchun ham mintaqa davlatlarining qurbi yetadi va hech qanday «katta o'yinchi»ga ehtiyoj yo'q).

 

Vujudga kelish tarixi

1967 yil 8 avgustda beshta yetakchi – Indoneziya, Malayziya, Filippin, Singapur va Tailand tashqi ishlar vazirlari Tailand poytaxti Bangkokda imzolagan hujjat ASEAN deklarasiyasi, deb nomlanadi. Ushbu deklarasiya asosida Janubi-Sharqiy Osiyo Millatlar Uyushmasi (ASEAN) vujudga keldi. Bugungi kunda ASEAN nafaqat Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, balki butun dunyoda obro'li va jadal rivojlanayotgan ko'p yo'nalishli hamkorlik tashkilotiga aylangan.

ASEAN deklarasiyasi bor-yo'g'i beshta qoidadan iborat qisqa, sodda hujjat edi. Unda ushbu assosiasiyaning maqsad va vazifalari belgilab berildi. Maqsadlar iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, texnik, ta`lim va boshqa sohalardagi hamkorlik, adolat va qonun ustuvorligini hurmat qilish hamda tinchlik va barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan edi. ASEAN Janubi-Sharqiy Osiyo xalqlarining do'stlik va hamkorlik, birgalikdagi sa`y-harakat orqali tinchlik, erkinlik va farovonlik ne`matlarini ta`minlashga qaratilgan jamoaviy irodasi ekanini e`lon qildi.

Deklarasiyaning aynan Bangkokda imzolanganining ham sabablari bor. Chunki o'sha davrda Indoneziya, Filippin va Malayziya o'rtasida ma`lum kelishmovchiliklar mavjud edi. Lekin zamon talabi ularni birlashishga majbur qilayotgandi. Sababi, mintaqa davlatlari jahonda «sovuq urush» hukmron bir davrda korrupsiya, qurol, narkotik, odam savdosi va xalqaro bosimga qarshi turishi kerak edi.

Mintaqaviy hamkorlik uchun vaqt kelgani yoki mintaqaning kelajagi noaniq bo'lib qolayotganini anglab yetgan Tailand tashqi ishlar vaziri Tanat Xomani uch davlatning murosasiga vositachilik qiladi. Deklarasiyani imzolash uchun 4 davlat muhokamaga yig'ilgan uchrashuvga Singapur tashqi ishlar vaziri ham tashrif buyuradi va deklarasiyaga qo'shilish istagini bildiradi. Ishtirokchilar Singapurning taklifini qabul qilishadi.

Biroq, bu oson jarayon emasdi: har bir kishi muzokaralarga boshqalarnikiga o'xshamaydigan tarixiy va siyosiy nuqtai nazarni bildirdi. Ammo ular muzokaralar stoliga yig'ilishganda, yaxshi niyat va xushmuomalalik bilan kelishmovchiliklarni yengib o'tishdi va ASEAN tashkil etildi.

 

ASEAN hamkorlari

ASEAN va AQSh o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar keng rivojlangan. ASEAN bilan munosabatlar samarali rivojlanishi uchun AQSh diplomatiyasi o'zining ijobiy imijini shakllantirish maqsadida xalq diplomatiyasidan foydalangan, uyushmaning «eski» a`zolari va yangi qatnashchilari bilan munosabatlarda farq bo'lmasligiga intilgan, ikki tomonlama hamkorlik doirasida dasturlarni faol rejalashtirgan va amalga oshirgan.

Uyushmaning asosiy mexanizmlarini rivojlantirishda faol ishtirok etgan, shuningdek, AQSh va ASEAN o'rtasida erkin savdo zonasi yaratishga qaratilgan tashabbuslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlagan. ASEANning umumiy savdo aylanmasida AQSh to'rtinchi o'rinda turadi. AQShning ASEAN davlatlari bilan savdo hajmi tashqi savdosi umumiy hajmining 56 foizini tashkil etadi.

Xitoy Xalq Respublikasi va ASEAN mamlakatlari o'rtasidagi uzoq yillik hamkorlik natijasida Xitoy uyushmaning «strategik hamkori» maqomini olgan birinchi davlat hisoblanadi. O'z navbatida ASEAN Xitoyning uchinchi savdo hamkoridir. Xitoyning ASEAN davlatlari bilan savdosi hajmi 1990 yillar oxiridan 2015 yilgacha bo'lgan davrda o'rtacha 85 foizga ortdi. Hozirgi kunda ASEAN va XXR o'rtasida erkin savdo zonasi mavjud.

Yaponiya va ASEAN o'rtasidagi munosabatlar birinchi navbatda iqtisodiy yo'nalishga asoslangan. Yaponiya ASEANga a`zo davlatlarga nafaqat davlat darajasida, balki xususiy darajada ham yordam beradi. ASEAN va Xitoy hamkorligi misolida erkin savdo zonasini shakllantirish va rivojlantirish tajribasini o'rgangan Yaponiya hukumati ASEAN davlatlari bilan o'z erkin savdo zonasini tashkil etgan.

ASEAN va Janubiy Koreya o'rtasida iqtisodiy hamkorlikni yo'lga qo'yish g'oyasi birinchi bo'lib 1989 yilda ilgari surildi. Koreya Respublikasi va ASEAN o'rtasidagi savdo munosabatlari yil sayin rivojlanib bormoqda, keyingi yillarda savdo aylanmasi hajmi 2005 yilda 46,4 mlrd. dollardan 2017 yilda 120 mlrd. dollargacha oshdi.

 

Ahmadjon QURBONOV,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

«O'zbekiston ovozi», 10.08.2022, №32

 

 

 

Teglar

Xorij xabarlari
← Roʻyxatga qaytish