Kuchli parlamentsiz jamiyat o‘smaydi, davlat demokratik rivojlanmaydi. Shu ma’noda AQSh parlamenti dunyodagi eng namunali, eng murosasiz parlamentlardan biridir.
8 noyabr saylov kuni AQSh Vakillar palatasi, federal parlament quyi palatasi (Kongress)ning barcha a’zosi, ya’ni 435 vakil saylandi. Shuningdek, Kongress yuqori palatasi Senatning 100 a’zosidan 35 nafarini sayladi. Bundan tashqari, shtatlarda mintaqaviy va mahalliy darajada, jumladan, 39 nafar gubernator saylovlari bo‘lib o‘tdi.
Deyarli barcha tahlilchilar Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rni Demokratik partiyadan Respublikachilar partiyasiga o‘tishini bashorat qilgan edi. Ammo oldingi ikki yilda demokratlar faqat vitse-prezidentning ovozi tufayli ko‘pchilikka ega bo‘lgan Senat uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan kurash boshlanadi, deyilgandi. Umuman olganda, garchi oraliq natijalar e’lon qilinayotganda saylov natijalari so‘nggi daqiqalargacha noaniq tuyulgan bo‘lsa ham, prognozlar to‘g‘ri chiqdi. Senatga saylovda ovozlarni sanashda qizg‘inlik oxirigacha davom etdi.
Yuqori palatada ko‘pchilikni qo‘lga kiritish uchun saylovlar o‘tkazilgan 35 shtatning 14 tasida demokratlar yetakchilik qilishi kerak edi. Respublikachilarga esa 35 shtatdan 22 tasining qo‘llab-quvvatlashi zarur bo‘lgan.
Ovozlarni sanash jarayonida 12 shtat demokratlarni, 20 shtat respublikachilarni yoqlagani ma’lum bo‘ldi. Qolgan uchta hududdagi ovozlarni sanash uchun ancha vaqt talab etildi. Arizonada demokrat Mark Kelli, qo‘shni Nevada shtatida respublikachi Adam Laksalt yetakchilikka erishdi. Demokratlardan Rafael Uornok va Xershel Uokerning g‘alaba qozonish ehtimoli teng bo‘lib tuyulgan Jorjiyadagi ovozlar hal qiluvchi ahamiyatga ega edi.
Natijada ovozlar sanab bo‘lingandan so‘ng hech kim Jorjiyada ustunlikni qo‘lga kiritolmadi. Ya’ni, Uornok 49,4 foiz, uning raqibi esa 48,5 foiz ovozga ega bo‘ldi. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, nomzodlarning hech biri saylovchilarning yarmidan ko‘p ovozini ololmagani uchun 6 dekabr kuniga saylovning ikkinchi bosqichida ishtirok etish belgilandi.
Senat saylovlari natijasi Jorjiyada bo‘lib o‘tadigan ikkinchi tur ovoz berish yakuniga qarab hal bo‘lishi kerak edi. Ammo jarayonda keskin burilish yuz berdi. Agar Arizonada peshqadam bo‘lgan Mark Kelli yakunda g‘alaba qozongan bo‘lsa, Adam Laksalt marra chizig‘ida Nevadadagi demokrat raqibi Ketrin Kortes Mastoga imkoniyatni boy berdi. Natijada farq belgilangan foizdan kam, ya’ni 48,9 foizga nisbatan 48,0 foiz bo‘ldi. Laksalt mag‘lubiyatini tan oldi va g‘olibni tabrikladi.
Respublikachilardan bo‘lgan nomzod Twitter’da e’lon qilgan murojaatida hali ham Qo‘shma Shtatlardagi saylov qonunchiligidan rozi emasligini bildirgan. Siyosatchining fikricha, Amerika parlamenti yangi saylov qonunlariga yaxshiroq moslashishi yoki ularni tuzatish ustida ishlashi kerak.
AQShda pochta orqali ham ovoz berish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, odatda uning natijalari eng oxirida sanaladi va ko‘p hollarda respublikachilar foydasiga hisoblanadi.
Shunday qilib, demokratlar Senatdagi zarur 50 o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bundan ko‘rindaki, sobiq respublikachi futbolchi demokrat ruhoniyni mag‘lub etgan bo‘lsa ham, parlamentdagi ko‘pchilik respublikachilarga nasib qilmaydi. Sababi, yana bir demokrat — vitse-prezident Kamala Xarrisning ovozi tufayli demokratlar ko‘pchilikni qo‘lga kiritadi.
Manbalarda yozilishicha, Vakillar palatasiga saylovlar ko‘pchilik tahlilchilar kutganidan ancha qizg‘in bo‘lib chiqdi. Ovozlarni hisoblash marra chizig‘iga yetib borar ekan, ko‘plab shtatlarda respublikachilar yetakchisi va uning demokrat ta’qibchisi o‘rtasidagi tafovut tezda qisqarib bordi. Nevada shtatidagi senator saylovida bo‘lgani kabi bu singari holatlarning soni qancha bo‘lishidan qat’i nazar, yetakchi baribir almashtiriladi.
Biroq, keskin vaziyatga qaramay, respublikachilar bir qator «bahsli» saylov okruglarida g‘alaba qozonishdi.
Respublikachilar 16 noyabr kuni Kaliforniya okruglaridan birida qo‘lga kiritilgan g‘alaba tufayli orzu qilingan 218-o‘rinni ham qo‘lga kiritdi. Umuman olganda, an’anaviy ravishda demokratlar uchun ovoz beradigan AQShning aholisi eng ko‘p bo‘lgan shtatida respublikachilar 53 o‘rindan 11 tasi yoki hali sanab chiqilmagani inobatga olinsa, 12 tasini qo‘lga kiritdi. Ikki yil oldin ular ham 11 o‘rin, to‘rt yil avval esa bor-yo‘g‘i 7 o‘ringa ega bo‘lgan edi.
Parlament quyi palatasi respublikachilarga o‘tgani (bundan oldin ikkala palata ham demokratlar nazoratida edi) ularga qonun ijodkorligi faoliyatiga ko‘proq ta’sir o‘tkazish imkoniyatini beradi. Endilikda yuqori va quyi palatalarning qo‘shma qo‘mitasida ko‘proq qonun loyihalari muhokama qilinishi ehtimoldan xoli emas. Natijada ularinng o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Ammo qonunni qabul qilish uchun har qanday holatda ham Kongressning ikkala qismi o‘rtasida konsensus talab qilinadi.
Vakillar palatasining mutlaq vakolatlaridan faqat prezidentga impichment e’lon qilish huquqini ta’kidlash mumkin. Nazariy jihatdan xuddi quyi palatani nazorat qilgan demokratlar avvalroq Donald Trampga qarshi qo‘llagandek respublikachilar buni Jo Baydenga qarshi amalga oshirishi kutiladigan holat. Biroq impichment to‘g‘risidagi qaror Senatdagi uchdan ikki ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullanishi zarur.
Qonunchilikka ko‘ra, Senatga raislik qiluvchi AQSh vitse-prezidenti Senatda muayyan masala bo‘yicha ovozlar teng bo‘lingandagina ovoz berish huquqiga ega.
AQSh Kongressi yig‘ilishlari Kapitoliy binosida bo‘lib o‘tadi. Bino 1800 yillarning boshida Kongress uchun qurilgan. Binoning janubiy qismi vakillar, shimoliy qismi esa senatorlarga mo‘ljallangan. Kongressmen bo‘lish uchun 25 yosh, senatorlikka esa 30 yosh tavsiya etiladi.
Yana bir e’tiborli jihati, ularning qonunlari tez-tez o‘zgartirilmaydi. Parlamentdagi hozirgi tartib-qoidaga 89 yildan buyon, ya’ni 1933 yilda kiritilgan oxirgi o‘zgarishdan beri amal qilib kelinadi.
Zilola UBAYDULLAYEVA
tayyorladi.
«O‘zbekiston ovozi», 23.11.2022, №47