Dunyo uchun muhim uch sammit

O‘tgan hafta davomida xalqaro maydonda dunyo ahamiyatiga molik, hammaning nigohi qadalgan Markaziy Osiyo – Xitoy, “Katta yettilik” nomini olgan G7 va Arab davlatlari ligasi sammitlari bo‘lib o‘tdi. Nomidan ma’lumki, uchala tadbirda ham mamlakatlarning yetakchilari qatnashdi va shunisi bilan ham hammaning diqqat markazida bo‘ldi. Ushbu sammitlar kun tartibida nima masalalar muhokama qilingani, sammitlarning o‘ziga xos tomonlarini qisqacha yoritishga qaror qildik.

 

Birinchi sammit

Yer yuzida shunday bir makon, hudud borki, u yerdagi xalqlarni, davlatlarni bir-biridan ayro, bir-biridan uzilgan holda tasavvur qilish mushkul. Bu hudud Markaziy Osiyo, deb nomlanadi. Bu yerda istiqomat qiluvchi xalqlarning o‘zaro aloqalari ming-ming yilliklarga borib taqaladi. Bir-birini so‘zsiz tushunadigan, bir-birini to‘ldiradigan, madaniy, diniy va lingvistik jihatdan deyarli farqlanmaydigan bunday mintaqalar dunyoda kam.

Yillar davomida ularning bir maqsad yo‘lida sobitqadamlik bilan harakat qilishiga, mintaqa taqdiri uchun birlashishiga ayrim omillar qarshilik qildi. Lekin keyingi yillarda Markaziy Osiyo integratsiyasi yo‘lida yakdillik bilan dadil qadamlar tashlanayotganiga butun olam guvoh bo‘lyapti.

Mintaqa davlatlarining kelajagi o‘zaro bog‘liq bo‘lganligi uchun ham biz xalqaro maydonda yirik davlatlarning mintaqadagi bir-ikkita emas, balki, butun Markaziy Osiyo bilan muloqot formatlariga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Kuni kecha 18-19 may kuni Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida ham Markaziy Osiyo – Xitoy davlat rahbarlarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Xitoy Xalq Respublikasi rahbarlari yig‘ilishdi. Ikki kun davom etgan yig‘ilishning aynan Sianda tashkil etilishi ramziy ma’noga ham egadir, balki. Chunki, asrlar davomida Sharq bilan G‘arbni bog‘lab kelgan, xalqlar o‘rtasida madaniyat almashishga, ularning uzog‘ini yaqin qilishga benazir hissa qo‘shgan Buyuk ipak yo‘li aynan Siandan boshlangan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin “Xitoy — Markaziy Osiyo” sammiti Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ma’lum qilgandi.

Sammitning ahamiyatini Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sin Gang ham ta’kidladi. Vazir bo‘lajak tadbirni 2023 yilning eng yirik diplomatik tadbirlaridan biri sifatida baholadi.

Darhaqiqat, may oyidagi sammit 2023 yilda Xitoy mezbonlik qiladigan birinchi yirik diplomatik tadbir, shuningdek, 31 yil avval diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri olti davlat rahbarlari o‘tkazgan birinchi yuzma-yuz sammit bo‘ldi.

Darvoqe, joriy yilning dastlabki to‘rt oyidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo aloqalari sezilarli darajada oshganidan darak bermoqda. Shunday qilib, 2023 yilning yanvar-aprel oylaridagi statistikalar Xitoy va besh respublika o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 37 foizdan ko‘proq o‘sganini ko‘rsatgandi.

Demak, yuqoridagi ta’riflarga ham, yig‘ilishning tashkil etilishiga ham asoslar yetarli.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga oid hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z nutqida mintaqa ravnaqi uchun muhim va dolzarb bo‘lgan bir qator masalalarga urg‘u berdi.

Jumladan, mintaqa mamlakatlari 2030 yilgacha Xitoy bilan tovar aylanmasi hajmini ikki barobar oshirish, bunga birinchi navbatda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishning mutanosib o‘sishini ta’minlash, samarali savdo-logistika infratuzilmalari va zamonaviy ulgurji-taqsimlash tarmoqlarini shakllantirish, “yashil” va ekspress-yo‘laklar tizimini joriy etish, elektron tijoratning umumiy platformasini yaratish hisobidan erishish mumkinligini ta’kidladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari “aql markazlari”ning birgalikdagi faoliyatini rivojlantirish, ta’lim, madaniy-ma’rifiy sohalarda ham hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. Sian deklaratsiyasining asosiy bandlarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Sammit tadbirlari yakunlangach, mamlakatlarimizning do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi, taraqqiyot va ravnaq sari mushtarak intilishlari ramzi sifatida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Qo‘shma bayonotni imzolab, 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini qabul qildilar.

Yetakchilar huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:

– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida texnik-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;

– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida Hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-xitoy hukumatlararo qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma;

– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida o‘rta ta’lim maktablari salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim;

– O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Bojxona bosh ma’muriyati o‘rtasida vakolatli iqtisodiy operatorlar dasturlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi kelishuv;

– O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi o‘rtasida ustuvor investitsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha anglashuv memorandumi;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Matbuot kanselyariyasi o‘rtasida ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi;

– O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;

– “EXEED” kompaniyasi bilan birgalikda zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarish to‘g‘risida;

– “BYD Auto Industry” kompaniyasi bilan birgalikda elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish to‘g‘risida;

– “O‘zbekiston milliy banki” AJ bilan “Xitoy Eksim banki” o‘rtasida kredit liniyalarini jalb qilish to‘g‘risida;

– “O‘zbekiston milliy banki” AJ bilan “Xitoy taraqqiyot davlat banki” o‘rtasida kredit liniyalarini jalb qilish to‘g‘risida muhim kelishuvlarga erishildi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan jami 41 ta hujjat imzolandi.

Markaziy Osiyo va Xitoy munosabatlarida yangi davr boshlanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

 

Katta yettilik

21 may kuni Yaponiyaning Hirosima shahrida katta yettilikdavlatlarining 49-sammiti o‘tkazildi. Unda AQSh, Kanada, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Italiya va Buyuk Britaniya rasmiylari qatnashishdi. Mehmon sifatida Yevropa Ittifoqidan vakil hamda Yaponiya Bosh vazirining taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti ham ishtirok etdi.

Sammit doirasida asosan Ukraina inqirozi atrofidagi masalalarga ko‘proq e’tibor qaratildi. Buni sammitda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ishtirokidan ham anglash mumkin edi.

Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaning yig‘ilishdagi nutqining asosiy jihatlariga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

Sammit o‘tkaziladigan joy sifatida aynan Hirosimaning tanlanishi ramziy ma’noga ega. Chunki insoniyat tarixidagi birinchi va yagona atom bombasining sinovi aynan shu shaharda amalga oshirilgan. Yadro quroli olib kelishi mumkin bo‘lgan qirg‘inbarot va fojiani o‘z boshidan kechirgan yapon xalqi vakili sifatda sammitga mezbonlik qilgan Fumio Kisida bunday dahshatni insoniyat boshqa ko‘rmasligi kerakligini va yadro qurolidan holi dunyoni ideal dunyo, deb atadi.

U, shuningdek, Hirosimaning mash’um o‘tmishi dunyoda barqarorlik va global tartib buzilgan taqdirda nima sodir bo‘lishi mumkinligi haqida eslatma bo‘lib xizmat qilmog‘i lozim va bu eslatmaga bugun dunyo yaqin o‘n yilliklar ichida har qachongidan-da muhtojligini ta’kidladi.

Janob Kisida nutqida Hirosima Harakat rejasida belgilangan yadro qurolidan holi dunyo shiori ostida amaliy ishlarni ustuvor vazifa etib belgilashni ilgari surdi.

Reja yadroviy energiyani harbiy maqsadlarda ishlatmaslik muhimligini tan olishni, shaffoflikni ta’minlash, global yadroviy chiqindilarni kamaytirish, yadroviy qurollarni tarqatmaslik va yadroviy energiyadan tinch maqsadlarda foydalanish, yadro quroliga ega davlatlar rahbarlarining Nagasaki va Hirosimaga tashriflarini uyushtirish orqali tushuntirish ishlari olib borish kabi takliflardan iborat.

Sammitning o‘ziga xos, biz uchun muhim bo‘lgan jihati unda G7 davlatlari mintaqaviy muammolarni hal qilishda Markaziy Osiyo bilan hamkorlik qilish niyatida ekani qo‘shma bayonotda ma’lum qilindi. Ular mintaqa bilan savdo va energetika aloqalarini mustahkamlash, transport sohasidagi loyihalarni, jumladan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlash niyatlari borligini ta’kidlashdi.

Ochig‘i, G7 yetakchilarining mazkur bayonoti ko‘pchilik uchun kutilmagan yurish bo‘ldi. Chunki, G7 sammiti bilan deyarli bir vaqtda Markaziy Osiy – Xitoy muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Geosiyosiy jihatdan juda muhim sanaladigan Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlash, qolaversa, Xitoyning mintaqada ta’siri oshib ketishidan xavotir ham ularni bunga undagandir.

Bu Markaziy Osiy uchun nafaqat yangi chaqiruv, shu bilan birga, imkoniyatdir. Ular Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini qo‘llab-quvvatlashini ochiq-oydin ma’lum qilishdi. Demak, bu mintaqamizning g‘arbga chiqishi uchun yana bir alternativ variant. Tanlash imkoni mavjud bo‘lgan vaziyatda qarorlar to‘g‘riligi, ularni solishtirish, muhokama qilish imkoni bo‘ladi.

Balki, g‘arbning alternativ berishi mintaqa taraqqiyoti keyingi bosqichga ko‘tarilishi uchun “Puzzle”ning oxirgi qismlaridan biridir.

 

Arab davlatlari ligasi

Yaqin Sharq mintaqasidagi inqirozlarni hal qilish uchun 19 may kuni arab mamlakatlarining 32-sammiti Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tdi. Arab davlatlari ligasi 1945 yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunda 22 davlat a’zo hisoblanadi. Tashkilotga a’zo davlatlar aholisining umumiy soni 460 mln.dan ortiq va YaIM aholi jon boshiga o‘rtacha 6,5 ming dollardan oshiqroqdan to‘g‘ri keladi.

Bu galgi sammitning bir nechta o‘ziga xos xususiyatlarini sanab o‘tish mumkin. Eng muhim jihat, bu, albatta, 12 yillik tanaffusdan so‘ng Suriyaning tashkilotdagi faoliyati qayta tiklanishi bo‘ldi. 2011 yil Suriyada boshlangan fuqarolar urushi uni tashkilotdan chetlatilishiga olib kelgandi.

Lekin keyingi yillardagi xalqaro maydonda bo‘layotgan o‘zgarishlar arab davlatlarini ham mintaqa bilan bog‘liq tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi.

Tashkilotning eng yirik davlatlaridan biri sanalgan Saudiya Arabistoni butun boshli arab dunyosini o‘z atrofida jipslashtirishga harakat qilmoqda. Buni Eron bilan munosabatlarning tiklanishida va Suriyaning tashkilotga qaytarilishida ham ko‘rish mumkin.

Qisqacha aytganda, arab davlatlari yetakchilari Suriyadagi inqirozlarga barham berib, uning birligi, xavfsizligi va barqarorligini saqlab qolish va uni arab muhitiga qaytarishga qaratilgan siyosiy yechim qidirishdi. Nihoyat, Suriyadagi inqirozlarga barham berishda arab davlatlarining roli muhim ekanini anglagan, arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari Suriyani Arab Davlatlari Ligasidagi o‘rniga qaytarishga qaror qilishdi.

Sammitning yana bir o‘ziga xos jihati Ukraina Prezidentining tashrif buyurishi bo‘ldi.

Saudiya Arabistoni Rossiya — Ukraina inqirozi bo‘yicha betaraflik pozitsiyasini o‘zgartirmasligini bildirgan. Zelenskiy esa Qirollikning betaraflik pozitsiyasini va inqirozni bartaraf etishdagi sa’y-harakatlarini qadrlashini aytib o‘tgan.

Shuningdek, tashkilot a’zosi bo‘lgan Sudan inqirozini bartaraf etish va Falastin inqirozini hal qilish, Isroilning noqonuniy amaliyotini qoralash borasidagi qat’iy pozitsiyasini tasdiqlashga hissa qo‘shdi va bu ikki tamoyil asosida adolatli va keng qamrovli tinchlikka erishish ko‘zlangan. Xalqaro qonuniylik rezolutsiyalariga muvofiq poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va suveren Falastin davlatini o‘zida mujassam etgan davlat qurilishini qo‘llab-quvvatlash ham sammitda asosiy masalalardan bo‘lgan.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimiz, Yaqin Sharq mintaqasidagi mojarolarga osonlikcha yechim topish qiyin. Yig‘ilishni BAA vakillari erta tark etganligi aytildi. Bu ham balki, ular orasida hali ham yetarlicha jipslik yo‘qligini ko‘rsatayotgandir. Ammo bu sammit mintaqa tinchligi uchun tashlangan ijobiy qadamlardan biridir. Sammit kelgusida mintaqada ulkan o‘zgarishlarga umid bag‘ishlaydi. Biz ham Yaqin sharqda tinchlik o‘rnatilishiga umid qilamiz.

 

OAV materiallari asosida

Ahmad Qurbonov tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 24.05.2022, №19

 

 

 

Teglar

Xorij xabarlari
← Roʻyxatga qaytish