Yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga oid farmon imzolandi
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga oid farmon imzolandi

 

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi yashirin aylanma darajasini keskin pasaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmon bilan:

1. Biznesning “soyadan” chiqishini ragʻbatlantirish, soliq rejimini soddalashtirish hamda naqdsiz toʻlovlarni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Xususan:

1) umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik tadbirkorlik subyektlarining bank kartalari va kontaktsiz toʻlovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olingan daromadlari umum belgilangan soliqlarni toʻlashga majburiy tartibda oʻtish maqsadida umumiy daromadga kiritilmaydi. Ushbu chora plastik kartadalardan cheklovlarsiz toʻlov qabul qilish hisobidan tushumni koʻpaytirish hamda naqd shaklda olingan summalarni aks ettirish imkonini beradi.

2) Avval qabul qilingan qarorga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish talabi bekor qilingan. Lekin koʻrsatilayotgan xizmatlardan olinadigan daromadni qonuniy aylanmaga jalb qilish uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasini 25 foizdan 13 foizgacha pasaytiriladi

3) Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan onlayn kassa mashinalarining cheklarida aks ettirilgan QR kodi asosida sovrinli oʻyinlarni oʻtkazish eksperimenti 2020-yilda barcha hududlarda amalga oshiriladi.

Bugungi kunga qadar Toshkent shahrida 9 oyda 3,3 trillion soʻmlik 16,3 millionta chek, viloyatlarda esa 6,3 trillion soʻmlik 22,7 millionta chek chiqarilgan. Sovrinli oʻyinlarning viloyatlarda joriy etilishi onlayn kassa mashinalariga oʻtish jarayonini tezlashtiradi.

Sovrinli oʻyinlarga 1 milliard soʻm ajratilgan boʻlib, 2020-yil 1-oktyabr holatiga 524 million soʻmlik sovrinlar oʻynaldi;

2. Qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni biznes yuritishdagi joriy amaliyotga moslashtiriladi, jumladan:

qurilish korxonalariga ishchilarni ularga ish haqini naqd pulda toʻlash (mehnatga haq toʻlash fondining 10 foizidan oshmagan holda) huquqi bilan hamda ularni ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini saqlab qolgan holda shartnoma tuzmasdan yollashga muddatli ravishda ruxsat beriladi

3. Soliq va bojxona maʼmuriyatchiligi vositalari hisob va tushumlarning toʻliqligiga, shu jumladan soliqlardan boʻyin tovlagan jismoniy va yuridik shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortishga qaratiladi. Bu quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

1) tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishga vakolatli organni xabardor qilgan holda oʻtkaziladigan sayyor soliq tekshiruvlari natijalarini ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish tartibini joriy qilish.

Ushbu chora soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari doirasidagi harakatlariga fuqarolarning ishonchini oshirish, shuningdek, soliq organlari suiisteʼmollik holatlariga yoʻl qoʻyishlarining oldini olishga xizmat qiladi;

2) Soliq organlarining maʼlumotlarini qayta ishlash markazini zamonaviy server uskunalari va tegishli dasturiy taʼminot bilan taʼminlashni tezlashtirish va birlamchi qoʻshimcha jihozlash maqsadida 100 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

Soliq islohoti natijasida foyda soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi, resurs soliqlarini toʻlovchi shaxslar soni oʻrtacha 15 barobar koʻpaydi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, vakolatli organlarning tayyorgarligi va iqtisodiyotdagi yashirin ulushning qisqarishi oʻrtasida bevosita aloqa bor. Masalan, IT darajasi yuqori boʻlgan mamlakatlarda yashirin iqtisodiyot ulushi past.

4. Yashirin iqtisodiyotga taʼsir qiluvchi omil sifatida korrupsiyani qisqartirish.

1) Xalq taʼlimi vazirligi, Transport vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Hududgaztaʼminot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha samarali ichki nazorat (komplayens-nazorat) tizimini joriy qilish.

2) Markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini majburiy oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

3) Davlat organlarida, shu jumladan hududlarda korrupsiya darajasini reyting baholash metodikasini ishlab chiqish, shuningdek, reyting natijalarini davriy eʼlon qilish hamda rahbarlarining shaxsiy javobgarligini baholash tizimini joriy qilish.

Ushbu reyting davlat organlari faoliyatida korrupsiya koʻrinishlari mavjudligi xatarini tahlil qilish asosida korrupsiyaga eng moyil boʻlgan idoralar monitoringini amalga oshirish imkonini beradi. Shuningdek, rahbarlarning shaxsiy javobgarligini baholash va eʼlon qilish ularning masʼuliyatini oshiradi.

5. Turli vazirlik va idoralarning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashgan faoliyatini taʼminlash.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish “koʻp vektorli” tusga ega ekani hamda koʻplab vazirlik va idoralarning ishtirokini taqozo etishini hisobga olib, Maxsus komissiya tashkil etiladi va uning ichi organi sifatida Moliya vazirligi belgilanadi.

Shu bilan bir qatorda, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash bevosita joylarda amalga oshirilishini hisobga olib, hududlar hokimlari boshchiligidagi hududiy komissiyalar tuzilmoqda, ularning aniq aniq vazifa va funksiyalari belgilanadi.

Maxsus komissiyasiga Jahon banki va boshqa xalqaro institutlar bilan hamkorlikda Yashirin iqtisodiyotning oldini olish va unga qarshi kurashish strategiyasini, Markaziy bankka esa naqdsiz hisob-kitob tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish yuklatildi.

6. Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga keng jamoatchilikni, notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarini jalb qilish, jamiyatda yashirin iqtisodiyotga murosasizlik hissini shakllantirish, legal biznes yuritishning nufuzini oshirish.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash bu boradagi muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan tadbirkorlar va aholini qonuniy biznesning nufuzini oshirishga jalb qilish va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan shaxslarga nisbatan murosasizlikni targʻib qilish boʻyicha “media-reja” ishlab chiqiladi.

Farmon ijrosi quyidagi tartibda tashkil etiladi:

– Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha Maxsus komissiya va hududiy komissiyalar tuziladi, koʻrsatilgan choralar ijrosining borishi yigʻilishlarda har hafta koʻrib chiqiladi;

– vazirlik va idoralarning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan choralarni soʻzsiz bajarish;

– yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda ishtirok etayotgan vazirligi va idoralar oʻrtasida turli darajadarda yaqindan hamkorlikni (chora koʻrish, axborot almashish va boshqalar) yoʻlga qoʻyiladi;

– Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Hisob palatasi rahbarlari hududlarga chiqib, hududiy komissiyalarning samarali faoliyatini tashkil etadi.

 
 
← Roʻyxatga qaytish