Prezidentimizning joriy yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvi ko‘plab ishbilarmonlarimiz, biznes vakillari tomonidan ko‘tarinki ruhda, qizg‘in kutib olindi.
Aytish joizki, bu galgi ochiq muloqot yil mobaynida davom etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi Prezidentimizdan boshlab Bosh vazir, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, Savdo-sanoat palatasi rahbari, Biznes ombudsman tadbirkor bilan doimiy muloqotda bo‘ldi.
Ushbu sa’y-harakatlar natijasida tasdiqlangan rejadan tashqari, tadbirkorlar ko‘targan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qo‘llab-quvvatlandi. 8 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trillion so‘m yo‘naltirildi.
Bilamizmi, ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o‘zidayoq to‘xtab qolar edi. Mamlakatda biznes vakillariga bo‘lgan e’tiborning o‘zgargani natijasida bugunga kelib, uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetgan.
E’tiborlisi, bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish o‘rni bir yilda 440 mingga ko‘paydi. Xususiy sektorda 5 million so‘mdan ko‘p maosh oladigan ishchilar 1 milliondan oshdi. Shundan 370 mingi 10 million so‘mdan ziyod oylik oladi. Bu tadbirkorlar “soyadan chiqib”, qonuniy faoliyat, sog‘lom raqobat yo‘liga o‘tayotganidan dalolat emasmi?!
Davlatimiz tomonidan tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan katta e’tibor, ularni samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilayotgan sharoitlar natijasida bugun O‘zbekiston nafaqat mahalliy korxonalar, balki chet el kompaniyalari uchun ham katta bozorga, mintaqadagi sanoat xabiga aylanib ulgurdi.
Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, biznesga keng yo‘l ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar amaliy natijalarda bo‘y ko‘rsatmoqda. Buni mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshgani misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Xususiy mulkni huquqiy himoya qilish, tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli choralar natijasida birgina joriy yil olti oyda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 karra o‘sib, 14 milliard dollarga yetdi. Ochig‘i, bunday raqamlar 33 yillik tariximizda hech qachon bo‘lmagan. Bularning barchasi sakkiz yil oldin yurtimizda boshlagan izchil islohotlar natijasidir.
To‘rt yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan va yaxshi an’anaga aylangan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotning navbatdagisi aynan Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgani bejiz emas. Buning zamirida katta ma’no bor. Sababi bu yerga investitsiya kiritib, biznes qilishni boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor.
Masalan, Qoraqаlpog‘istonda biznes uchun bironta hududda yo‘q 50 dan ortiq imtiyozlar paketi qilib berilgan. Ikkinchidan hududda yer ajratishning sodda tizimi joriy etilgan bo‘lsa, uchinchisi bu o‘lka katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hudud hisoblanadi.
Tarixiy uchrashuvda biznes muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 5 ta yo‘nalish belgilab berildi. Mavjud muammolar yechimi, natijalari haqida aniq manzilli ko‘rsatmalar berilib, tadbirkorlarning amaliy taklif va tashabbuslari tinglandi. O‘zingiz ayting, ilgari tadbirkorlarimizga shunday imkoniyatlar, imtiyozlar bo‘lganmi?!
Bugun-chi? Hozir mamlakatimizda biznes vakillariga bo‘lgan munosabat butunlay o‘zgardi. Ularning erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bugun tadbirkorlarimiz avvalgidek hadiksirab emas, balki yangi-yangi loyihalar ustida ishlab, yurt taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Shu bilan birga, yer va infratuzilma bilan bog‘liq ayrim masalalar borki, bu tadbirkorlarni faoliyatini yanada kengaytirishiga хalal beryapti. Ochiq muloqot doirasida kelib tushgan 2 mingta murojaat ham aynan shu masala bilan bog‘liq. Chunki yangi investitsiya loyihalarida yer sotib olish xarajatlari keskin oshayapti.
Davlatimiz rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratib, endi tadbirkor auksiondan yer sotib olganda, unga qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash bekor qilinishini qayd etdi. Toshkent shahri va viloyat markazlarida esa sotilgan yer bo‘yicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4 va 5-toifa tumanlar uchun, o‘n yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Bu ham tadbirkorlar uchun katta imkoniyat va rag‘bat, desak yanglishmaymiz.
Bular hali hammasi emas. Endi yangi yerlarni ajratishda binolarni loyihalashdan obyektni topshirishgacha bo‘lgan muddatlar majburiy ko‘rsatiladi. Har bir yer uchastkasi uchun asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olishi aniq belgilab beriladi. Buning uchun 1 yanvardan yer uchastkalari va kapital qurilish obyektlarining yagona klassifikatori joriy etilishi ayni muddaodir.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti keng qamrovli va ko‘plab masalalarni bartaraf etish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Uchrashuvda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi biz deputatlardan yanada faollikni, qonun ijodkorligi jarayoniga yanada jiddiy yondashib, tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishni taqozo etadi.
Muqaddas O‘RAZALIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.