Odil sudlov uchun xalq maslahatchilari o‘rniga hakamlar hay’ati institutini joriy qilish lozim

 

Sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda adolatni ta’minlash va qonun ustuvorligini mustahkamlashning muhim omili hisoblanadi.

Shu maqsadda, O‘zbekiston XDP jahon tajribasiga tayangan holda. sud jarayonlarida hakamlar hay’ati (jury system) institutini joriy qilish taklifini bildirmoqda. Bu institut sud jarayonida ochiqlik va adolatni ta’minlashda xalq maslahatchilariga nisbatan ancha samaralidir.

Xorijiy davlatlarni qaraydigan bo‘lsak, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Germaniya, Fransiya Yaponiya va Belgiyada kabi davlatlarda hakamlar hay’ati instituti mavjud.

Xalq maslahatchilari va hakamlar hay’ati institutining qator farqli jihatlari mavjud. Hozirgi amaliyotda xalq maslahatchilarining roli sud qaroriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmaydi. Odatda, xalq maslahatchilari faqat maslahat berish huquqiga ega bo‘lib, yakuniy qaror sudya tomonidan qabul qilinadi.

Hakamlar hay’ati instituti esa, sud jarayonida fuqarolarning faol ishtiroki va sud qarorini qabul qilishda ularning bevosita ishtirokini ta’minlaydi. Bu tizimda hay’at a’zolari sud qaroriga ta’sir o‘tkazadi, ya’ni sud ishida aybdorlik yoki aybsizlikni aniqlash bo‘yicha mustaqil qaror qabul qiladilar. Hakamlar hay’ati, asosan, og‘ir, jamoatchilik e’tiboriga tushgan shov-shuvli jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda samarali hisoblanadi.

Sud jarayonida hakamlar hay’ati institutini joriy qilishning quyidagi afzalliklari mavjud:

- sud jarayoniga turli ijtimoiy qatlam vakillari jalb etiladi, bu esa turli nuqtai nazarlarni hisobga olib, sud qarorida adolatli yondashuvni ta’minlashga yordam beradi;

- sud hokimiyati shaffofligi oshadi va jamoatchilik nazorati kuchayadi.

- hakamlar hay’ati instituti jamoatchilik e’tiboriga tushgan jinoyat ishlarida adolatli va obyektiv qarorlar qabul qilish imkoniyatini yaratadi.

Shu bilan birga, mazkur institutini joriy qilish uchun avvalo sudning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish va qo‘shimcha moliyaviy resurslar ajratish zarur. Fuqarolarni hakam sifatida tanlash va tayyorlash jarayonlari ham ham to‘g‘ri tashkil etilishi lozim.

Hay’at a’zolari ba’zi hollarda jamoatchilik fikri yoki ommaviy axborot vositalarining bosimiga tushib qolishi ularning qarorlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Umuman olganda, partiyamizning odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari o‘rniga hakamlar hay’ati institutini joriy qilish taklifi sud jarayonlarida adolatni ta’minlash va xalqning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Saylov Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish