O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent viloyati Ohangaron tumani "Nurobod" MFYda boshlang‘ich partiya tashkilotlari, volontyorlik guruhlari hamkorligida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston XDP Toshkent viloyati kengashi raisi A.Umaraliyev partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari M.Vorisova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Q. Qosimova, Mahalliy kengash deputatligiga nomzodlar so‘zga chiqib, yangi Saylovoldi dasturi haqida gapirib berdi. Saylovoldi dasturida ilgari surilgan eng muhim tashabbus va yo‘nalishlar mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Yig‘ilishda ma’ruzachilar strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolish, ularni xususiylashtirishni qonun darajasida taqiqlashga oid takliflarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki jarima solish natijasidagi barcha tushumlarni to‘liqligicha davlat budjetiga yo‘naltirish masalasida so‘z yuritildi. O‘zini o‘zi band qilganlar va mehnat migrantlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shu jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan sifatida shug‘ullanish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish, tashkillashtirilgan va tartibli migratsiyani amalga oshirishga urg‘u berish borasidagi takliflar haqida ma’lumotlar berildi.
Xalq demokratik partiyasining dasturi hamda maqsad va vazifalari Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda qayd etilgan “ijtimoiy davlat” prinsiplariga har tomonlama mos keladi. Jumladan, kam ta’minlangan, nogironligi bor fuqarolar, qarovchisiz qolgan yakka-yolg‘iz qariyalar manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalarining qonun hujjatlarida mustahkamlanishiga erishish partiya ilgari surgan g‘oyalarga hamohangdir.
“Har bir inson farovonligi uchun” shiori ostida saylovlarda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha samarali siyosatni amalga oshirish tarafdoridir.
Muloqotda yig‘ilganlar saylovda faol bo‘lishga hamda Xalq demokratik partiyasi va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirildi. Tadbir so‘nggida nomzodlar va Toshkent viloyati Kengashi mas’ullari ehtiyojmand oilalar xonadonlariga borib, siyosiy jarayonlar xususida tushunchalar berishdi.