Kuchli ijtimoiy siyosat O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining bosh g‘oyasi hisoblanadi. Jamiyatda ijtimoiy tengsizlikning oldini olish, har bir insonning munosib sharoitda, har bir kunidan mamnun bo‘lib yashashini ta’minlash bilan bog‘liq dasturiy maqsadlar mana shu g‘oya atrofida mujassamlashgan.
Xalq demokratik partiyasi yetakchilari 2024-yil 18-oktabr kuni Namangan shahri Uch favvora hiyobonida saylovchilar bilan ommaviy tadbirda yuzma-yuz uchrashdi.
Bayramona ruhda turli soha vakillari, jamoatchilik faollari, keksalar va yoshlar ishtirokida o‘tgan tadbirda Xalq demokratik partiyasining siyosiy kuch sifatida davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni, ta’siri haqida so‘z yuritildi. XDPning barcha fuqarolar uchun birdek manfaatli maqsad va g‘oyalarini qamrab olgan yangi Saylovoldi dasturi keng tanishtirildi.
Xususan, partiya aholini arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlari bilan ta’minlash, qurilish sohasida samarali nazoratni kuchaytirish, fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan har kimning uy-joyli bo‘lish huquqini ta’minlash uchun arzon uy-joylar qurilishini kengaytirishga qat’iy harakat qilmoqda. Yangi Saylovoldi dasturida “Ijtimoiy turar joylar to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish tashabbusi ilgari surilayotgan bo‘lib, unda aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlari, jumladan uy-joysiz, yashash sharoiti o‘ta og‘ir, nogironligi bo‘lgan yoki oila a’zolari orasida nogironligi mavjud ayollar, oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari uchun ijtimoiy turar joylar qurishni belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qurilish sohasida jamoatchilik hamda Davlat nazoratini kuchaytirish, qurilishlarda yashil zona, maktab, bog‘cha, poliklinika, avtoturargoh kabilarni inobatga olish bo‘yicha talablarni qonun darajasida qat’iy belgilashga erishmoqchi. Bu betartib qurilishlar oldini olishi barobarida, qurilish jarayonlarini aholiga va atrof-muhitga zararsiz tartibda tashkil etishga xissa qo‘shadi.
Dasturda odamlarning kundalik kayfiyatiga ta’sir qiluvchi omillarga ham jiddiy e’tibor qaratilgan bo‘lib, sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishga urg‘u berilgan. Shu maqsadda “Kommunal xizmatlar narxlari va tariflarni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish rejalashtirilgan. Maqsad narxlar va tariflarning ochiq, shaffof bo‘lishi, ularning narxlari qanchalik asoslantiruvchi harakterga ega ekaniga erishishdir. Qonunda kommunal xizmatlarining narxlari yoki ta’riflarini tartibga solish shartlari belgilanadi.
Bundan tashqari, Xalq demokratik partiyasi doim nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq-manfaatlarini himoya qilib kelgan. Bu yilgi dasturda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq-manfaatlariga alohida e’tibor qaratilishi barobarida parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlarda hamda davlat fuqarolik xizmatida “nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvota” joriy etish taklif qilinmoqda.
Yangi saylovda Xalq demokratik partiyasi peshqadamlardan bo‘lishni, parlamentda va mahalliy Kengashlardagi deputatlik o‘rinlarinlaridan salmoqli qismini egallashni maqsad qilgan. Buning uchun partiyaning tajribasi ham, kuch va salohiyati ham yetarli ekani namanganlik saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqotda yana bir bor e’tirof etildi.
Saylovchilar, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslar ma’qul kelganini, bepul maslahat beradigan “yuridik klinika”lar tarmog‘ini rivojlantirish kam daromadli fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilishda advokatura va yuridik xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlashda huquqiy yordam bo‘lishi haqidagi fikrlarni ma’qullashdi.
Shuning bilan birga, yo‘llarda rejalashtirilayotgan ta’mirlash ishlari va ularning davomiyligi haqidagi e’lonni kamida o‘n kun oldin Internet tarmog‘ida e’lon joylashtirish, yo‘l-transport sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida haydovchilik huquqidan mahrum etish muddatini qisqartirish imkoniyatidan faqatgina bir marotaba foydalanish tartibini joriy etishga qaratilgan takliflarga ham ijobiy munosabatlar bildirildi.
Muloqotda partiya elektorati vakillari ham so‘zga chiqib, dasturdan o‘rin olgan takliflar xalqchil, hayotiy ekanini alohida e’tirof etishdi.
Yurtimiz vodiysining boshqa viloyatlaridan ham faollar, xayrixohlarni jalb qilgan ommaviy tadbir davomida kuy-qo‘shiqlar, raqs, xursandchilik kayfiyati hukm surdi. Qatnashchilarning siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida qisqa savol-javoblar viktorinasi o‘tkazildi. Eng topqir ishtirokchilarga targ‘ibotga qaratilgan esdalik sovg‘alari berildi.
Tadbir yakunida saylovlarning ahamiyati haqida, yurt kelajagi va o‘z taqdiriga befarq bo‘lmaslik xususida so‘z yuritilib, Xalq demokratik partiyasiga, uning nomzodlariga ovoz berishga chaqiriqlar yangradi.
Xalq demokraktik partiyasi
Axborot xizmati