Saylovoldi dasturi ijrosi: Uy-joylar xaridi xavfsiz va ishonchli bo‘lishi lozim
Saylovoldi dasturi ijrosi: Uy-joylar xaridi xavfsiz va ishonchli bo‘lishi lozim

 

Shuning uchun ham, mamlakatimizda qurilish sohasini rivojlanishiga katta ahamiyat berilmoqda. Oxirgi o‘tgan yetti yil ichida mamlakatimizda qariyb 100 milliard dollarlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Ushbu sohadagi ishlar hajmi yiliga o‘rtacha 7-8 foizga oshib bormoqda. Shu vaqt ichida qurilish materiallari sanoatiga 9 milliard dollar sarmoya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushirildi, 94 ming doimiy ish o‘rni yaratildi.

Shuningdek, uy-joy qurilishiga katta e’tibor va sharoitlar yaratilishi natijasida minglab oilalar o‘z uyiga ega bo‘lishmoqda. Jumladan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan minglab oilalar uy-joy bilan ta’minlanib kelinmoqda.

Biroq, sohada erishilib kelinayotgan yutuqlar bilan bir qatorda, ayrim muammolar ham mavjud. Oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida yangi qurilayotgan uy-joylar sotuvida xaridorlarni aldash holatlari bo‘yicha xabarlar tez-tez uchrab turibdi. Fuqarolar ayrim nopok qurilish korxonalarining yolg‘on va’dalariga ishonib, hali qurilishi boshlanmagan uy-joylar uchun shartnoma tuzib, oldindan katta miqdordagi o‘z mablag‘larini ularga ishonib berib qo‘ymoqda. Natijada, qurilish korxonalari tomonidan pullarni maqsadsiz sarflash, talon-toroj qilish yoki ularni bankrotga uchrashi oqibatida ishonuvchan fuqarolar mablag‘laridan ajralib qolishmoqda. Eng achinarlisi, fuqarolarning bu pullarini qurilish korxonalaridan undirib olishning deyarli imkoniyati mavjud emas.

Shu bois, Davlatimiz rahbari tomonidan uy-joy sotib olish uchun eskrou hisoblarining kafolatlangan yangi tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Bunda, banklar uy-joyni o‘z vaqtida va sifatli qurish va uni egasiga topshirishni kafolatlab, quruvchi va xaridor o‘rtasida vositachi va kafil vazifasini bajaradi. Mazkur yo‘nalishda, ya’ni, eskrou hisob-raqamlar tizimini joriy etish bo‘yicha mamlakatimizda dastlabki qadamlar qo‘yilmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida, shuningdek, Toshkent shahrining Yangihayot va Sergeli tumanlarida ushbu tizim sinovdan o‘tkazilmoqda. Shubhasiz, eskrou hisob-raqamlar tizimining joriy etilishi fuqarolarning uy-joy qurilishidagi ishtirokini yanada xavfsiz va ishonchli qiladi.

Fikrimizcha, bugungi kunda yangi qurilayotgan uy-joylar sotuvida eskrou hisob-raqamlar tizimining samarali ishlashi uchun mamlakatimiz qonunchiligida yetarli asoslar mavjud emas. Shuning uchun mazkur yo‘nalishda alohida qonun qabul qilinishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida “turar joylarni qurishda jalb qilingan aholi mablag‘larini himoya qilish kafolatlarini yaratish maqsadida eskrou to‘lov tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi Qonunni qabul qilish” vazifasi belgilangan.

Partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifaning ijrosini ta’minlash maqsadida ishchi guruhi va ekspertlari tomonidan «Uy-joy qurilishida fuqarolarning hissadorlik ishtirokini tartibga solish va ularning moliyaviy huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilib, bugungi kunda mutaxassislar tomonidan muhokama qilinmoqda.

Mazkur qonunning maqsadi: uy-joy qurilishidagi fuqarolarning hissadorlik ishtirokini tartibga solish, hissadorlarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash, qurilish sohasida davlat nazoratini kuchaytirish, qurilish jarayonida shaffoflik va ishonchlilikni oshirish, quruvchilarning mas’uliyatini kuchaytirish va ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlashdan iboratdir.

Qonun loyihasi tayyorlanishi jarayonida bir qator xorijiy davlatlar qonunchiligi o‘rganib chiqildi. Jumladan, Rossiya, Germaniya, AQSh, Kanada va Xitoy davlatlarida uy-joy qurilishida ishtirok etuvchi fuqarolarning moliyaviy himoyasini ta’minlash bo‘yicha qonunchiligidagi asosiy mexanizmlar tahlil qilindi.

 

Rossiya qonunchiligidagi mexanizmlar

Hissadorlar mablag‘lari maxsus eskrou hisob-raqamlarda saqlanadi. Qurilish tugagandan so‘ng quruvchiga mablag‘lar o‘tkaziladi. Agar quruvchi bankrot bo‘lsa, mablag‘lar hissadorlarga qaytariladi.

Davlat kompensatsiya jamg‘armasi hissadorlarning moliyaviy xavflarini qoplash uchun yaratilgan. Qurilish tugallanmagan taqdirda hissadorlarga kompensatsiya beriladi.

Litsenziyalash va nazorat quruvchilarning litsenziyalash tizimi bo‘lib, quruvchilardan moliyaviy barqarorlik va ishonchlilik talab etiladi.

 

Germaniya qonunchiligidagi mexanizmlar

Quruvchilar qurilishni boshlashdan oldin bank kafolati taqdim qiladi. Kafolat hissadorlar mablag‘larini himoya qiladi.

Bosqichma-bosqich to‘lovlar qurilish bosqichlari yakuniga ko‘ra to‘lanadi. Mustaqil ekspertlar qurilish sifatini nazorat qiladi.

Sug‘urta tizimi qurilishdagi barcha moliyaviy xatarlarni sug‘urta qiladi.

 

AQSH qonunchiligidagi mexanizmlar

Hissadorlarning mablag‘lari eskrou hisob-raqamlarda saqlanadi. Mablag‘lar quruvchiga shartnoma shartlari bajarilganidan keyin o‘tkaziladi.

Shtat qonunlari har bir shtatda qurilishni tartibga soluvchi alohida qonunlar bo‘lib, davlat tomonidan qurilish jarayoni qat’iy nazorat qilinadi.

Federal himoya - «Real Estate Settlement Procedures Act» (RESPA) qonuni shaffof moliyaviy operatsiyalar va firibgarlikning oldini olishga yo‘naltirilgan.

 

Kanada qonunchiligidagi mexanizmlar

Qurilish sug‘urtasi - har bir qurilish loyihasi majburiy ravishda sug‘urtalanadi. Sug‘urta defektlar, kechikishlar yoki qurilishning noto‘g‘ri boshqarilishi uchun kompensatsiya beradi.

Faqat akkreditatsiyadan o‘tgan quruvchilar hissadorlarning mablag‘larini jalb qilish huquqiga ega.

Ma’lumotlar shaffofligi – hissadorlar qurilishning barcha bosqichlari bo‘yicha ma’lumotlarni elektron platformalar orqali olish imkoniyatiga ega.

 

Xitoy qonunchiligidagi mexanizmlar

Eskrou tizimi - hissadorlarning mablag‘lari maqsadli foydalanish uchun eskrou hisob-raqamlarda saqlanadi.

Davlat tomonidan qat’iy nazorat - davlat qurilish jarayonining barcha bosqichlarini tekshiradi va tasdiqlaydi.

Axborot shaffofligi - hissadorlar davlat platformalari orqali qurilish holati to‘g‘risida ma’lumot olishlari mumkin.

Kompensatsiya jamg‘armalari - quruvchilardan ajratilgan mablag‘lar hisobiga hududiy jamg‘armalar tashkil etiladi.

Ushbu xorijiy tajribalarni tahlil qilish O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirish uchun muhim saboqlar beradi va qonun loyihasi ishlab chiqilishida quyidagi asosiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi:

Eskrou hisob-raqamlar tizimini yaratish;

Davlat kompensatsiya jamg‘armasini tashkil etish;

Quruvchilarning moliyaviy barqarorligi va litsenziyalash tizimini kuchaytirish;

Qurilish jarayonida axborot shaffofligini ta’minlash;

Sug‘urta tizimini majburiy tartibda joriy qilish;

Davlat tomonidan nazorat va auditni kuchaytirish.

Fikrimizcha, «Uy-joy qurilishida fuqarolarning hissadorlik ishtirokini tartibga solish va ularning moliyaviy huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishi Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy qilinayotgan uy-joy sotib olish uchun eskrou hisoblarining kafolatlangan yangi tizimi uchun mustahkam huquqiy asos yaratib beradi. Fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash va qurilish jarayonini shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Ulug‘bek VAFOYEV,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, iqtisod fanlari nomzodi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Saylov Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish