Byudjet ijrosidagi sustkashliklar ijtimoiy muammolar ko‘payishiga olib keladi
Byudjet ijrosidagi sustkashliklar ijtimoiy muammolar ko‘payishiga olib keladi

 

2020 yil 9 oylik yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hukumat hisoboti O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida tanqidiy va tahliliy muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, pandemiya bilan bog‘liq mutlaqo kutilmagan va murakkab vaziyat moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Jahon iqtisodiyoti rivojlanishi sekinlashuvi mamlakatimiz iqtisodiyotiga, davlat byudjeti ijrosi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Aholi salomatligini himoyalash, jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikni saqlash pandemiya davridagi eng asosiy vazifaga aylandi. Davlatimiz bu o‘ta muhim vazifani muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda, jamiyatimizda, soha va tarmoqlarda ijtimoiy barqarorlik ta’minlanmoqda.

Joriy yil 9 oyda Davlat byudjeti daromadlari 94 trln. 457,2 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, xarajatlar (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 102 trln. 164,8 mlrd. so‘mga yetgan. Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun umumiy xarajatlarning 52,5 foizi sarflangan. Davlat byudjetining ijtimoiy yo‘naltirilgani Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga to‘liq muvofiq keladi.

Fraksiya a’zolari muhokamalar jarayonida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘larning qanchalik samarali sarflangani masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Hisobot davrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 129,1 mlrd. so‘m kamomad va asossiz xarajatlar aniqlangani keskin tanqid qilindi.

Byudjet ijrosida kamomad va asossiz xarajatlar, maqsadsiz sarflashlar yildan yilga kamayish o‘rniga ko‘paymoqda. Bu Davlat byudjeti ijrosi bo‘yicha amaldagi moliyaviy nazorat tizimi samarasiz ishlayotganigini ko‘rsatmoqda.

Buning asosiy sababi bu borada yagona qonun yo‘qligi, huquqiy asos mustahkam emasligidadir. Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida qonun loyihasi ishlab chiqish masalasi davlat dasturida ko‘zda tutilgan edi, turli sabablar bilan ijro muddati kechiktirildi, lekin baribir, qolib ketmoqda. Qonun bo‘lmasa, moliyaviy nazorat tizimi zamon talablari darajasida ishlashi mumkin emas, deb hisoblaymiz.

Fraksiyamiz davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari ijrosi muhokamasiga ham alohida e’tibor berdi. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining hisobot davrida xarajatlar rejasi 542,4 mlrd. so‘m bo‘lib, 340,3 mlrd. so‘m ya’ni, 63 foizga ijro etilgan.

Ichimlik suv ta’minoti va oqava xizmatini yaxshilash uchun belgilangan 1 trln. 953 mlrd. so‘mlik rejaning 1 trln. 254 mlrd. so‘mi, ya’ni 64 foizi ishlatilgan. Vaholanki, bugungi kunda chekka hududlarimizda ichimlik suvi ta’minoti eng katta muammolardan hisoblanadi.

Ma’lumki, maqsadli jamg‘armalar sohalardagi vaziyatni o‘nglash, tarmoqlar va fuqarolarga moliyaviy yordam berish maqsadida tashkil etilgan. Ularning byudjetlari ijrosidagi sustkashliklar joylarda ijtimoiy muammolar hal etilmay qolishi, eng yomoni, yanada ko‘payishiga olib keladi.

Fraksiyamiz ijtimoiy sohalardagi muammolarni hal etish asosiy vazifasi bo‘lgan vazirlik va tashkilotlar tomonidan bunday xato- kamchiliklarga hamda sovuqqonlikka yo‘l qo‘yilganini murosa qilib bo‘lmaydigan holat, deb hisoblaydi.

Fraksiyamiz a’zolari Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari ijrosi haqidagi axborot va ma’lumotlar soha hamda tarmoqlar darajasida ochiq bo‘lmasa, parlament, jamoatchilik nazoratiga mexanizm yaratilmasa, byudjet ijrosi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etib bo‘lmaydi, degan qat’iy pozitsiya bildirishdi.

Hukumat soati doirasida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat byudjeti hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning natijalari bo‘yicha Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hisobotini eshitish taklifi berildi.

Fraksiyamiz yig‘ilishidagi muhokamalarda deputatlar hukumat vakillari, vazirlik va idoralar mutasaddilariga bandlik, sog‘liqni saqlash, migratsiya, ta’lim, moliya-iqtisodiyot bo‘yicha 10 dan ortiq manzilli savollar berishdi. Ayrim savollarga umumiy mazmunda javob berilgani deputatlar e’tiroziga ham sabab bo‘ldi.

Byudjet ijrosi haqidagi muhokamalarda yaqqol sezildiki, vazirliklar o‘rtasida xabardorlik muhiti yetishmaydi, ayrim ma’lumotlarda nomuvofiqliklar kelib chiqdi, bu kamchiliklar hukumatdan Byudjet ijrosi bo‘yicha vazirliklarning mas’uliyatini oshirish zarurati kuchayganini ko‘rsatadi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, fraksiyamiz hisobotda qayd etilgan byudjet ijrosidagi kamchiliklarni kelgusida bartaraf etish maqsadida, avvalambor, byudjet ijrosiga nisbatan tanqidiy yondashuvni kuchaytirish, mas’ul vazirlik-idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlikni yuklash, hukumat esa yuzaga kelgan salbiy holatlarni chuqur tahlildan o‘tkazishi, ochiq va ta’sirchan choralar ko‘rishi zarur, deb hisoblaydi.

Davlat byudjetida rejalashtirilgan mablag‘larning tushumi hamda ularning samarali ishlatilishi yuzasidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish lozim.

Eng muhimi, ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanish va uning natijadorligiga erishish zarur. Ushbu vazifa partiyamiz uchun prinsipial ahamiyatga ega.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi 2020 yil 9 oylik yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni qo‘llab-quvvatlaydi hamda barcha deputatlarni ma’qullab ovoz berishga chaqiradi.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

www.uza.uz

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish