Davlat qarzi taraqqiyotga xizmat qiladi
Davlat qarzi taraqqiyotga xizmat qiladi

 

Oʻzbekistonda davlat qarzi va tashqi qarz bilan bogʻliq holatni muntazam nazorat qilish, uning xavfsiz chegarasini belgilash hamda bu boradagi xavf-xatarlarning oldini olish kabi masalalar doimiy eʼtiborda. Xususan, Prezidentimiz yaqinda Toshkentning Sergeli va Yangihayot tumanlariga tashrifi doirasida faollar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ushbu masalaga ahamiyat qaratib, tashqi qarz xalqimizning farovonligiga xizmat qilayotganligi, uning miqdori boshqa davlatlar bilan solishtirganda ancha past ekanligini xalqimizga oddiy va sodda qilib tushuntirib berdi. Davlatimiz rahbari tashqi qarz hammaga ham berilavermasligini, buning uchun mamlakatning tashqi dunyodagi nufuzi va unga nisbatan ishonch boʻlishi kerakligini alohida taʼkidladi.

Bir qarashda oddiygina ifodalangan bu soʻzlar mazmun-mohiyatiga koʻra, davlat qarzi va davlat tashqi qarziga oid tushuncha hamda fikrlarimizni ancha teranlashtirishimizni talab etadi.

Darhaqiqat, har qanday mamlakatda iqtisodiy holatga qarab qarz olishga boʻlgan ehtiyoj tugʻilishi tabiiy. Unga ­talab nafaqat iqtisodiy inqiroz yoki tur­gʻunlik holati, balki ayrim strategik ahamiyatga ega loyihalar yoki dasturlarni amalga oshirish uchun ham boʻladi. Masalan, mamlakat infrastrukturasini ravnaq toptirish, kambagʻallikni qisqartirish, kichik va oʻrta biznesni rivoj­lantirish, mudofaa qobiliyatini ku­chaytirish va hokazo. Davlat byudjeti bunday yukni koʻtara olsa yaxshi, aks holda koʻzda tutilgan muhim vazifalardan voz kechish kerak boʻladi yoki Davlat byudjetining yuzaga kelgan taqchilligini qarz hisobiga yopish zarurati tugʻiladi. Taqchillikni yopishning ham ikkita manbasi bor: birinchisi — soliqlarni oshirish, ikkinchisi — qarz jalb qilish.

Dunyoda birorta mamlakat yoʻqki, davlat qarzi muammosiga duch kelmagan boʻlsa. Ichki va tashqi manbalar hisobiga jalb qilingan qarz mablagʻlari, agar u samarali boshqarilmasa, har qanday mamlakatning moliyaviy barqarorligi va investitsiyaviy muhiti uchun jiddiy muammolar keltirib chiqarishi ta­yin. Bu haqda koʻp yozilgan boʻlsa ham aytish joizki, 2008-2009-yillarda dunyo iqtisodiyotida yuzaga kelgan iqtisodiy boʻhronning asosiy sabablaridan biri sifatida qarz bilan bogʻliq tahlika hamda tahdidlarni hisobga olmaslik va davlat qarzini boshqarishda ushbu tahdidlarni tez ilgʻab, unga qarshi choralar koʻra oladigan tizimning yoʻqligi tan olingan.

Chetdan olingan qarz bir qancha xatarlarni keltirib chiqaradi. Chet el valyutasida katta miqdorda olingan qarz valyuta kursining keskin oʻzgarishiga hamda moliyaviy bosim ortishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham bu muammo, ayniqsa, rivojla­nayotgan va iqtisodiyoti oʻtish davrida boʻlgan mamlakatlarni xavotirga soladi. Lekin, shunga qaramasdan, dunyo iqtisodiyotida qarzga boʻlgan talab borgan sari oshib bormoqda. Va ­bunday holat bir qancha savollarni keltirib chiqarishi tabiiy.

Quyida ularni muhokama qilish ­orqali davlat qarzi borasida Oʻzbekistondagi holat boʻyicha ayrim ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan savollar, shubha va xavotirlarga javob topishga ­harakat qilamiz.

 

Boy davlatlar nega koʻp qarz oladi?

Yevropa Ittifoqi davlatlarining 1992-yildagi Maastrixt kelishuviga koʻra davlat qarzining yalpi ichki mahsulot (YAIM)ga nisbati 60 foizdan oshmasligi mezon sifatida qabul qilingan. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi esa davlat qarziga xizmat koʻrsatish salohiyati kuchli davlatlarga nisbatan, jumladan, Oʻzbekiston uchun ham nominal qiymatda davlat tashqi qarzini ­YAIMga nisbatan 55 foiz, davlat yalpi qarzini esa YAIMga nisbatan 75 foizdan oshirmaslikni tavsiya qilgan. Lekin Yevropa ­Ittifoqining koʻpgina davlatlari, AQSH, Yaponiya kabi mamlakatlar ushbu chegaradan allaqachon oʻtib boʻlgan. Masalan, ­Yaponiyaning davlat qarzi YAIMga nisbatan 250 foizdan ortib ketgan.

Shu kunlarda AQSHning davlat qarzi ­rekord darajaga yetganligi va tarixda ­birinchi marta 30 trillion dollardan ­oshganligi haqida AQSH G`aznachiligi ­maʼlumotlari tarqaldi.

Ekspertlar fikricha, qarz miqdorining oʻsib borishi federal hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, ishsizlik nafaqalari, kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar bilan bogʻliq. Iqtisodchilar esa pandemiyaga qaramay, AQSH iqtisodiyoti rivojlanib borayotganligi holatida tashvishlanishga oʻrin yoʻqligini aytmoqda.

Agar AQSH aholisi Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda ikki barobar koʻpaygan boʻlsa, mamlakatning tashqi qarzi 120-martaga ortganligini koʻrishimiz mumkin. Boshqacha aytganda, AQSHning qarzi sekundiga 14-15 ming dollarga oshib boryapti.

Yuqoridagilardan ikkita savol tugʻiladi: nega AQSHdek boy davlatlar chetdan qarz olishga muhtoj? Millatning qarzi kelgusi avlod uchun ogʻir meros boʻlmaydimi?

AQSH iqtisodiyotining oʻziga xos jihati shundaki, mamlakatning iqtisodiy oʻsish surʼatlari ichki isteʼmolga bogʻliq va davlat doimiy talabni ragʻbatlantirish choralarini koʻrib boradi. Umuman olganda, har bir amerikalik uy-joy, mashina, taʼlim olish, maishiy texnika buyumlari va boshqa ehtiyojlari uchun kredit oladi va kreditga yashash ularning hayot tarziga aylangan. Bundan xulosa shuki, AQSHda talabni ­(isteʼmolni) ragʻbatlantirmasdan iqtisodiy yuksalishni taʼminlash qiyin. Buning uchun mablagʻni AQSH Moliya vazirligi ­tashqi va ichki qarzlarni gʻaznachilik veksellari, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni sotish orqali jalb qiladi.

AQSHning davlat qarzi mamlakat YAIMning 139 foizini tashkil etishiga qaramasdan, qarz boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan defolt holatini bemalol hazm qilib yubora oladigan jahonning yirik iqtisodiy va moliya markazi hisoblanadi. Dollar dunyoning zaxira valyutasi hisoblanganligi tufayli xalqaro kreditorlar ham AQSH iqtisodiyotining “shilqillab” qolishidan xavotirlanishi tabiiy. Shuning uchun ham iqtisodchi-tahlilchilar AQSHda qarz boʻhroni yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarni jiddiy kuzatib boradi va prognoz qilishadi.

Ayni paytda Rossiyaning davlat qarzi YAIMga nisbatan 19 foizni, davlat tashqi qarzi esa 5,7 foizni tashkil qilmoqda. Rossiya Federatsiyasining umumiy tashqi qarzi 2014-yilgacha tez surʼatlarda oʻsib borib, 700 mlrd. AQSH dollariga yetgan edi va xuddi shunday surʼatlarda soʻndirila boshlandi hamda ayni paytda 478 mlrd. AQSH dollarini tashkil qilmoqda. Ekspertlar fikricha, ushbu jarayon iqtisodiy oʻsishga erishishdagi muammolar va rubl kursining pasayishi bilan birga kechdi. Bir qator iqtisodchi-ekspertlar tashqi qarz bilan bogʻliq ushbu jarayondagi bunday keskin burilishni Rossiya milliy kompaniyalarining mamlakatga qoʻyilgan iqtisodiy sanksiyalar tufayli oʻarbning arzon kredit manbalaridan mahrum etilganligi bilan bogʻlashadi. Agar bunday keskin cheklovlar oʻrnatilmaganda edi Rossiya banklari va firmalarining korporativ qarzlari oshishda davom etgan boʻlardi. Bu esa katta ehtimol bilan iqtisodiy oʻsish surʼatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatgan boʻlar edi, deb taxmin qilishimiz mumkin.

Qozogʻistonning davlat qarzi YAIMga ­nisbatan 26,3 foizni, tashqi qarzi esa 9,1 foizni tashkil etayotganligi mamlakat iqtisodiyotining bu borada barqaror holatda ekanligini anglatadi. Lekin keyingi besh yilda davlat qarzi ikki barobar ortganligini hisobga olib va bu jarayon tez surʼatlarda davom etishi mumkinligiga oid taxminlar ham yoʻq emas.

Rossiyadagi singari Qozogʻistonda ham xavotirlar koʻproq umumiy tashqi qarz ­bilan bogʻliq. Uning hajmi ayni paytda 167 mlrd. AQSH dollari miqdorida yoki mamlakat YAIM hajmiga deyarli tenglashib qolgan. Bu ­qarzlarning katta qismi korporativ va xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keladi va davlat bu qarzlar uchun majburiyat olmagan. Biroq bu qarzlar tarkibida mamlakatning shartli majburiyatlari ham boʻlishi mumkin.

Umuman aytganda, Rossiya va Qozogʻistonning davlat qarzi va davlat tashqi qarzi bilan bogʻliq hozirgi holatini YAIMga nisbatan baholaganda yetarli darajada bar­qaror deyishga asos bor. Lekin masalaga boshqa tomondan qaraganda ayrim tahlikali holatlar ham yuzaga chiqishi mumkin. Masala Rossiya va Qozogʻistondagi umumiy ­tashqi qarzning 90 foizdan ortigʻi iqtisodiyotning korporativ va xususiy sektorlariga toʻgʻri kelishida. Agar makroiqtisodiy barqarorlik nuqtayi nazaridan dunyo iqtisodiyotidagi holat yomonlashsa, bu albatta, Rossiya va Qozogʻiston iqtisodiyotini ham chetlab oʻtmasligi aniq. Bunday holatda korporativ sektor va banklar uchun olingan qarzlarga xizmat koʻrsatishni qiyinlashtiradi. Bunday holat milliy iqtisodiyotning barqarorligi nuqtayi nazaridan xavf-xatarlar keltirib chiqarishi mumkin.

 

 

Oʻzbekistonda holat qanday?

Yuqorida keltirilgan tahlillardan koʻrinib turibdiki, davlat qarzi, ayniqsa, ­tashqi qarz xavf-xatarlar bilan bogʻliq boʻlishiga qaramasdan rivojlangan va rivojla­nayotgan mamlakatlar ushbu mablagʻlardan iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda muhim manba sifatida foydalanib kelmoqda. Oʻzbekiston ham bundan mustasno emas. Mamlakatimizda keyingi besh yil ichida davlat qarzi, shu jumladan, tashqi qarz sezilarli darajada oshganligini koʻramiz. 2021-yilning 9 oy yakunlariga koʻra, davlat qarzining qoldigʻi 25 mlrd. AQSH dollari miqdorini, yoki YAIMga nisbatan 38,4 foizni tashkil qilmoqda. Uning 90 foizga yaqini tashqi qarzlardir.

Ayni chogʻda ijtimoiy tarmoqlarda “Qarz oshib ketyapti, bunga ehtiyoj bormidi, hukumat bizni va kelajak avlodlarimizni ­qarzga botirmoqchimi?” kabi savollar oqimi toʻxtamayapti. Bu savollarga iqtisodchilarimiz, ekspertlar va siyosatchilar ham javob berishga harakat qilishdi, lekin ayrim “tanqidchilar” qoniqish hosil qilmasdan, odamlar orasida islohotlarga boʻlgan ishonchsizlik kayfiyatini ­uygʻotishga urinishmoqda.

Ushbu masalaga xolisona oydinlik kiritish maqsadida quyidagi savollarga javob qidiramiz.

Demak, bizga (Oʻzbekistonga) chetdan qarz nimaga kerak? Oʻzbekiston 2017 — 2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasida mamlakatda oʻsha paytda yuzaga kelgan bir qancha ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni yechishni oldiga maqsad qilib qoʻygan edi. Ushbu maqsadga eltuvchi vazifalar qoʻshimcha mablagʻ talab etardi. Ichki mablagʻlarni davlat boshlab bergan islohotlarni amalga oshirishga jalb qilish imkoniyatlari keskin cheklangan (deyarli yoʻq desa ham boʻladi) sharoitda birdan-bir umid chetdan qarz koʻtarish edi. Bizda ham Yaponiya singari qarzga ichki manbalarni jalb qilish imkoniyati boʻlganda edi, eng avvalo, undan foydalanilardi. Lekin afsuski, yaponlardek tejamkor emasmiz — katta-katta toʻylar qilishni, qavat-qavat uylar qurishni, qoʻsha-qoʻsha mashinalar minishni xush koʻramiz. Qisqacha aytganda, orzu-havaslarimizning cheki-chegarasi yoʻq. Aksiga olib, bozor munosabatlariga oʻta boshlaganimizning dastlabki chorak asri davomida qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirishni ham paysalga solib kelganmiz. Bunday sharoitda chetga ochilib, xalqaro moliya tashkilotlari va hamkorlarimiz ishonchini qozonib, chetdan jalb etilgan mablagʻlarni iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va dolzarb ijtimoiy muammolarni yechishga yoʻnaltirish eng toʻgʻri yoʻl boʻlganligini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi.

Shu oʻrinda aytish joizki, chetdan qarz oʻz-oʻzicha oqib kelgani yoʻq. Buning uchun Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini tiklash, qarz beruvchilar ishonchini qozonishning oʻzi boʻlmagan. Agar bunday imkoniyat avvallari ham boʻlganda chetdan qarz, albatta, olingan boʻlar edi. Oʻshanda 7-8 foizlik iqtisodiy oʻsish surʼatlarimiz faqat qogʻozlarda emas, balki amalda ham kuzatilgan boʻlardi. Bu endi alohida mavzu.

Mavridi keldi, “Davlat qarzlarni toʻgʻri kelgan “tuynuklarga” yoʻnaltiryapti”, degan ayblovlarga javob izlaylik. Demak, Moliya vazirligining 2021-yil 1-oktyabr holatiga bergan maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilning 9 oyida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va kafolati ostida umumiy qiymati 2 740,9 mln. dollar miqdoridagi 19 ta tashqi qarz bitimi imzolangan. Shundan, 1,2 mlrd. dollar byudjetni qoʻllab-quvvatlashga, 1 349,3 mln. dollar sogʻliqni saqlash, aholini toza ichimlik suvi hamda kanalizatsiya bilan taʼminlash, chorvachilik, kimyo sanoatini rivojlantirish va boshqa muhim ijtimoiy hamda strategik ahamiyat kasb etuvchi loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlari —191,6 mln. dollarni tashkil qilgan.

Shunday qilib, 2021-yilning III choragi yakuni boʻyicha jami davlat tashqi qarzining 24,5 foizi yoki 5,6 mlrd. dollar Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlashga, 13,6 foizi yoki 3,1 mlrd. dollar elektr energetikasi sohasiga, 12,3 foizi yoki 2,8 mlrd. dollar energetika yoʻnalishiga, 11,3 foizi yoki 2,6 mlrd. dollar transport va transport infratuzilmasiga, 8,9 foizi yoki 2,0 mlrd. dollar uy-joy kommunal xoʻjaligi tizimiga yoʻnaltirilgan mablagʻlar hissasiga toʻgʻri kelganligini koʻrishimiz mumkin.

Maqolamizning boshida bejiz AQSH, Rossiya va Qozogʻiston misolida tashqi qarzning iqtisodiy oʻsishga taʼsirini qisqacha boʻlsa-da, baholi qudrat tahlil qilmadik. Xulosa shuki, AQSHdek boy davlat, asosan, joriy xarajatlarni koʻzlab qarz koʻtarayotgan, Rossiya esa oʻzining cheksiz resurslarini yuzaga chiqarish maqsadida joriy ­xarajatlar, texnologiya va investitsiyalarga chetdan qarz mablagʻlarini jalb qilishda cheklovlarga uchrayotgan bir paytda Oʻzbekiston ham bugungi kunning talabi uchun, ham kelajak loyihalarini amalga oshirish maqsadida qarz mablagʻlaridan foydalanyapti, desak, oʻrinli boʻladi.

Aholini toza ichimlik suvi, barqaror elektr energiyasi va arzon uy-joy bilan taʼminlash borasidagi kechiktirib boʻlmaydigan loyihalar xalqimizning asosiy ehtiyojlarini qondirish va birlamchi yashash sharoitini yaratish bilan birgalikda iqtisodiy oʻsish surʼatlariga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu borada 2021-yil yakunlari boʻyicha erishilgan natija islohotlar samarasini, shu jumladan, davlat qarzini boshqarish borasida toʻgʻri yoʻl tanlanganligini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Davlat statistika qoʻmitasining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilda pandemiyaga qaramasdan YAIMning oʻsish surʼati 7,4 foizni tashkil qilgan. Sanoatda oʻsish — 8,7, xizmatlar sohasida —19,2, qishloq xoʻjaligida — 4, qurilishda 6,8 foizga yetgan. Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 5,2 foiz oshgan, inflyatsiya darajasi esa 10 foizdan past boʻlgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ­ishlab chiqilgan, keng xalq muhokamasidan oʻtgan va qabul qilingan Taraqqiyot strategiyasida qoʻyilgan maqsad va vazifalar qamrovi jihatidan Harakatlar strategiyasidan ancha keng va amalga oshirishning aniq mexanizmlariga ega. Strategiya doirasida birgina sanoatni rivojlantirish va u bilan bogʻliq ishlab chiqarish infrastrukturasini ravnaq toptirish borasida katta-katta loyihalar ustida ish olib boriladi. Masalan, birgina, strategiyada belgilangan 22 maqsadda sanoatning yetakchi tarmoqlarini kengaytirish, energiya resurslari va tabiiy gazga boʻlgan talabni qondirish, mis sanoati klasterini tashkil etish, kimyo va gaz kimyosi sohalarini rivojlantirish kabi vazifalar belgilangan. Shuningdek, Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi ishlab chiqarishini yagona sanoat klasteri usulida yoʻlga qoʻyish, qurilish materiallari ishlab chiqarish va toʻqimachilik sanoati mahsulotlari hajmini 2 baravar koʻpaytirish, charm-poyabzal sohasi va farmatsevtika sanoatidagi oʻsishni 3 baravar koʻtarish, elektrotexnika sanoatida yuqori qiymatli anjomlar ishlab chiqarish hajmini 2 baravar va eksportini 3 baravar oshirish koʻzda tutilgan. Bulardan tashqari, mamlakatimizda mebel mahsulotlari ishlab chiqarishni 2,8 baravar koʻpaytirish, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturi kabi yaratuvchilik ishlarini bajarish ­belgilangan.

Umuman olganda, iqtisodiy oʻsishni yaqin besh yil ichida 1,6-marta, sanoat ishlab chiqarishni esa 1,4-marta oshirish, jon boshiga yalpi ichki mahsulotni (aholining real daromadlarini) qariyb 1,5-marta koʻpaytirish vazifalari maqsad qilingan. Bunday yuksak marralarga erishish uchun davlat tomonidan ijtimoiy sohani rivojlantirish, ishlab chiqarish bilan bogʻliq infrastrukturani shakllantirish talab etiladi. Buning uchun, albatta, ichki va tashqi qarz mablagʻlaridan ham foydalaniladi.

Agar tashqi va ichki qarz belgilangan mezon koʻrsatkichlaridan ortib ketmagan holda mamlakatning moliyaviy barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmasa hamda rivojlantirish davlat dasturlari doirasida eng dolzarb va natijador loyihalarga yoʻnaltirilsa, bunday xarajatlar iqtisodiy xavfsizlik nuqtayi nazaridan muammo keltirib chiqarmaydi. Buning uchun davlat qarzini samarali boshqarishning huquqiy asoslari va mexanizmlari takomilga yetkazilgan boʻlishi kerak.

 

Xavfsiz chegara qayerda?

Mamlakatimizda davlat qarzini xavfsiz chegarada ushlab turish uchun uning cheklangan miqdorlarini qonun bilan belgilash amaliyoti joriy etildi. “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunda 2020-yilda davlat tashqi qarzi shartnomalariga limit 5,5 mlrd. AQSH dollari miqdorida qatʼiy belgilab qoʻyildi. Buning mantiqiy davomi sifatida “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunda davlat qarzining xavfsiz darajasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foiz hamda davlat qarziga yillik ­limitlarning sof hajmi 5,5 mlrd. AQSH dollari miqdorida qayd etildi. Shundan davlat qimmatli qogʻozlari — 5 trln. soʻmga yetdi. 2022-yil uchun qonun koʻrinishida qabul qilingan Davlat byudjeti parametrlarida esa davlat qarziga yillik limitlar 4,5 mlrd. AQSH dollari, sof davlat ­qimmatli qogʻozlari miqdori esa 6 trln. soʻm darajasida belgilandi.

Mazkur choralar tufayli davlat tashqi qarzi joriy yilda 2019-yildagiga nisbatan qariyb 2 baravar kamroq jalb etilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mamlakat uchun, xalqimiz uchun zarur investitsiyalar endi xususiy sektordan davlat-xususiy sheriklik tamoyillari, ichki moliya bozorini rivojlantirish hamda xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish orqali yoʻnaltirishga oʻtilmoqda.

Bundan tashqari, 2021-yildan boshlab qarz mablagʻlari uchun ichki davlat kafolati berilishi toʻxtatildi va ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq miqdorda boʻlgan yuridik shaxslarning (ijtimoiy soha obyektlari va infratuzilma loyihalari bundan mustasno) investitsiya loyihalari davlat kafolatisiz bozor shartlarida moliyalashtirishga oʻtkazilmoqda. Bu esa korporativ va xu­susiy sektorning qarz mablagʻlariga masʼuliyatini yanada oshiradi.

Davlat qarzini diversifikatsiyalash hamda ichki qarz bozorini jonlantirish maqsadida 2018 — 2021-yillar davomida davlat qimmatli qogʻozlarini joylashtirishning yillik hajmi qariyb 19 barobar (600 mlrd. soʻmdan 5 trln. soʻmgacha) koʻtarildi va muddati 10 yilgacha boʻlgan davlat qimmatli qogʻozlari chiqarila boshlandi. Shu bilan birga, 2021-yildan kapital bozori ishtirokchilarida koʻnikma hosil qilish maqsadida davlat qimmatli qogʻozlari auksionlarini jadval asosida oldindan eʼlon qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan 2021-2022-yillarda kapital bozorini rivojlantirish ­dasturini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl ­xaritasi”da davlat qimmatli qogʻozlari bozorini ravnaq toptirish choralari belgilandi va ijrosi yuritilmoqda. Shuningdek, davlat qarzini boshqarishning oʻrta muddatli strategiyasi loyihasi Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ekspertlari hamkorligida ishlab chiqildi.

 

Qonun bilan muvofiqlashtiriladi

Oʻzbekistonga ichki va tashqi manbalardan qarz mablagʻlarini jalb qilish va davlat kafolatini berish borasidagi holat ushbu jarayonni qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solish ehtiyojini yuzaga chiqarmoqda. Chunki tez surʼatlarda oʻsib borayotgan davlat qarzi samarali boshqaruvni talab etadi. Vaholanki, davlat qarzi boʻyicha zarur mablagʻlarni oʻz vaqtida toʻlash hamda kelgusida davlat qarzi va shartli majburiyatlar hajmining makroiqtisodiy barqarorlikka nisbatan tugʻdirishi mumkin boʻlgan xatarlarning oldini olish borgan sari dolzarb vazifa sifatida namoyon boʻlmoqda.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda hukumat tashabbusi bilan “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi va deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda konseptual jihatdan maʼqullandi. Ayni paytda ushbu loyiha Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan ishchi guruh bilan birgalikda ikkinchi oʻqishga tayyorlanmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi — qonun darajasida davlat qarzi va unga xizmat koʻrsatish xarajatlarining ustuvorligini taʼminlash, davlat qarzining cheklangan hajmlari hamda davlat hokimiyati va ­boshqaruvi organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarini belgilash imkonini beradi. Shuningdek, davlat ­qarzini boshqarishda parlament va ­jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha samarali va yaxlit tizimning qonuniy asoslari yaratiladi.

Qonunda davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari va davlat qarzini ­boshqarish maqsadlarining aniqlanishi, uni boshqarish strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonlarining qonuniy belgilanishi hamda davlat qarzini boshqarish boʻyicha vakolatli organning qonun darajasida “mixlab” qoʻyilishi bu boradagi boshqaruv holatlari fragmentatsiyalashuvining oldini oladi. Shuningdek, davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari boʻyicha xatarlarni boshqarishga, majburiyatlar oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini taʼminlashga, davlat qarzini barqaror darajada saqlashga qaratilgan qonuniy mexanizmlarning amal qilishiga erishiladi.

Qonunda, shuningdek, davlat qimmatli qogʻozlari turlari sifatida davlat gʻaznachilik obligatsiyalari va Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro obligatsiyalar chiqarish va soʻndirish, davlat kafolatini berishning qonuniy asoslarini takomillashtiruvchi normalar aks ettirilgan.

 

Boshqarish strategiya asosida amalga oshiriladi va parlament nazorati kuchaytiriladi

Qonunga koʻra, davlat qarzini samarali boshqarish uchun davlat qarzi boʻyicha strategiya ishlab chiqiladi. Unda qarzning joriy holati, davlat qarzi portfelining xarajat va xatar koʻrsatkichlari hamda davlat qarziga xizmat koʻrsatish holati aks ettiriladi.

Strategiyada, shuningdek, qarz barqarorligi koʻrsatkichlari, uning cheklangan hajmlari va davlat tomonidan beriladigan kafolatlar boʻyicha yillik limitlar belgilanadi.

Davlat qarzini strategik boshqarish orqali davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan moliyalashtirishga boʻlgan ehtiyoj va uni oʻz vaqtida eng maqbul xarajat va xatar darajasi evaziga taʼminlash rejasi amalga oshiriladi va nazorat qilinadi. Bu esa, oʻz navbatida, bu bilan bogʻliq xatarlarni boshqarish imkonini beradi.

Davlat qarzini boshqarish strategiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yil muddatga fiskal strategiya bilan birgalikda tasdiqlanishi hamda koʻrib chiqish uchun Oliy Majlis palatalariga taqdim etilishi koʻzda tutilmoqda.

Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga davlat qarzining cheklangan hajmlari va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim doirasida xu­susiy sherikka beriladigan kafolatlar boʻyicha yillik limitlarni belgilash hamda davlat qarzini boshqarish strategiyasining ijrosi boʻyicha hisobotlarni koʻrib chiqish vakolatlarini berish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, qonunda davlat qarzining holati va oʻzgarishi, davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻning maqsadli ishlatilishi va samaradorligi, jumladan, bu borada amalga oshiriladigan loyihalarning va ­boshqa investitsiya loyihalarining ijrosi jarayoni va natijadorligi toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish hamda muhokama qilish par­lament vakolatlariga kiritilmoqda.

 

Xavf-xatarlarning oldini olishda qoʻshimcha choralar

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining 2020 va 2021-yillardagi Oʻzbekiston Respublikasiga bagʻishlangan Qarz barqarorligi hisobotida (IV modda) Oʻzbekiston Respublikasining davlat qarziga xizmat koʻr­satish (institutsional) salohiyati “kuchli” deya qayd etilgan. Shunga qaramasdan, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ayrim holatlarni hisobga olgan holda hamda prudensial yondashuvdan kelib chiqib, qonunda davlat qarzining maksimal hajmini nominal qiymatda YAIMga nisbatan 60 foiz etib belgilash koʻzda tutilmoqda. Ushbu koʻrsatkich davlat qarziga xizmat koʻrsatish salohiyati “oʻrtacha” boʻlgan davlatlar uchun Xalqaro ­valyuta jamgʻarmasi tomonidan belgilangan mezonga mos keladi.

Davlat qarzi summasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizga yetganda Oʻzbekis­ton Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bu meʼyordan oʻtib ketmaslikni taʼminlovchi choralarni oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritadi. Bunday mezonni belgilashdan maqsad iqtisodiy inqiroz (shok)lar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarda davlat qarzi hajmining yalpi ichki mahsulotga nisbati keskin oshib ketishi ehtimolini hisobga oladi. Shu sababdan ham qonunda hukumat davlat qarzi hajmining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshmasligiga qaratilgan choralar koʻrishi lozim.

 

Xulosa oʻrnida aytganda, bugungi kunda dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining bir-biriga bogʻliqligi ortib borayotgan bir sharoitda Oʻzbekiston iqtisodiyotining ochiqligini taʼminlash, xohlaymizmi, yoʻqmi, baribir davlat qarzi masalasini keltirib chiqaradi. Chunki milliy iqtisodiyotimizni tez surʼatlarda oʻstirish evaziga aholi jon boshiga YAIMni 2026-yil yakuni bilan 2,8 ming AQSH dollariga, 2030-yilga borib esa 4 ming AQSH dollari miqdoriga yetkazish juda katta, masʼuliyatli va ogʻir vazifa hisoblanadi. Buning uchun iqtisodiyotimiz ichki va tashqi qarz manbalariga muhtoj. Chunki ijtimoiy rivojlantirish, infrastrukturani zamon talablari darajasida shakllantirish hamda atrof-muhitni saqlash, ekologik vaziyat bilan bogʻliq muammolarni hal etish zamonaviy loyihalarni amalga oshirishni, texnologiyalar, qoʻshimcha investitsiyalar jalb qilishni talab etadi.

Mana shunday sharoitda Oʻzbekiston uchun tashqi qarz manbalari bilan birgalikda ichki manbalarni koʻproq yoʻnaltirishning zamonaviy mexanizmlarini koʻzda tutuvchi ichki qarz bozorini rivojlantirish, bizga qarz beruvchi mamlakatlar boʻyicha qarz tarkibini milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda diversifikatsiyalashtirish, davlat qarzini boshqarish boʻyicha ishlab chiqiladigan strategiyaning asosiy masalalari sifatida qaralishi lozim. Chunki davlat qarzi, ayniqsa, tashqi qarz xavf-xatarlar bilan bogʻliqligi bu, bor haqiqat.

Shuning uchun ham iqtisodiy xavfsizligimiz nuqtayi nazaridan Prezidentimiz tomonidan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar va ularga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar qarz mablagʻlarini, eng avvalo, iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ijtimoiy, infrastruktura va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga undaydi. Bu esa Oʻzbekistonda davlat qarzi muammolar emas, taraqqiyot eshigini keng ochishga xizmat qilishiga ishonchimiz komil.

 

Sharofiddin NAZAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish