Konstitusiyaviy islohotlar — tarixiy zaruriyat
Konstitusiyaviy islohotlar — tarixiy zaruriyat

 

Yangi O'zbekistonni bunyod etishdek g'oyat mas`uliyatli davrda yashayapmiz. Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo'lida muhim qonun va qarorlar qabul qilinayotgan tarixiy jarayonda Konstitusiyaviy islohotlar masalasi kun tartibiga chiqmoqda.

Oliy Majlis Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo'shma majlisida tuzilgan O'zbekiston Konstitusiyasiga o'zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi. Avvalo, ta`kidlash kerakki, davlat va jamiyat boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari mazkur komissiyaga a`zo sifatida kiritilgani samaradorlik va oshkoralikni ta`minlashda juda muhim.

Mamlakat bosh qonuni – Konstitusiyaga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish nihoyatda mas`uliyatli, puxta va uzoqni ko'zlab amalga oshiriladigan jarayon hisoblanadi. To'g'risini aytish kerak, mazkur masalada fikrlar, takliflar juda ko'p bo'ladi va bu, aytish mumkinki, tabiiy demokratik holat.

Asosiysi, respublika komissiyasi faoliyatida barcha fikrlar va takliflarni chuqur o'rganishga alohida e`tibor qaratiladigan bo'ldi. Jarayon jamoatchilik hukmiga havola etilgan holda, xalq donishmandligiga asoslanib amalga oshiriladi. Bu xalqimiz xohish-irodasi, orzu-istaklari Asosiy Qonunda aks etishini ta`minlovchi muhim bir imkoniyatdir.

Shuning uchun O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Konstitusiyaviy islohotlarni qo'llab-quvvatlabgina qolmay, bosh dasturiy maqsadlari, siyosiy mafkurasiga tayangan holda, dastlabki takliflarni shakllantirish bo'yicha tahlil jarayonlarini boshlamoqda.

Konstitusiyaviy islohotlar Xalq demokratik partiyasi uchun nega muhimligini belgilashda Dasturimizga tayanishimiz to'g'ri bo'ladi.

Partiyamiz dasturiy maqsadlari avvalo, O'zbekiston Respublikasi mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqini ta`minlash, mamlakatda ijtimoiy barqarorlik, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik, har bir oila hamda butun xalq farovonligiga erishish kabi umummilliy manfaatlardan kelib chiqib belgilagan. Mamlakat taraqqiyot strategiyasining bosh maqsadi hisoblangan aholisining turmush darajasi yuqori rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo'shilish, jahon hamjamiyatida munosib o'rin egallash maqsadlari partiyamizning siyosiy mafkurasiga har jihatdan hamohang keladi.

Dasturimizda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizasiyalash va hayotning barcha jabhalarini erkinlashtirish bo'yicha amaliy harakatlar muhim ahamiyat kasb etishi belgilangan. Davlat va jamiyatni keng ko'lamli rivojlantirishda esa Konstitusiyaviy islohotlar asosiy tayanch vazifasini o'taydi.

Harakatlar strategiyasi davrida ko'plab ijtimoiy muammolarni hal qilishga to'g'ri keldi. Eski muammolarga qarshi kurashish bilan taraqqiyotga erishib bo'lmaydi, yangi davr uchun chuqur va tizimli, davlat va jamiyat qurilishi bilan bog'liq izchil islohotlar zarur. Taraqqiyot strategiyasida partiyamiz g'oyalari ro'yobga chiqishiga sharoit yaratadigan qator tashabbuslar belgilandi. Mana shu jihatlar Konstitusiyaviy asosni yanada mustahkamlashni taqozo etadi.

Birinchidan, partiyamiz davlat boshqaruvi tizimini isloh etish, davlat hokimiyati organlarining xalqimiz, fuqarolar oldidagi hisobdorligi va mas`uliyatini oshirish nuqtai nazaridan Konstitusiyaga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilishini to'liq qo'llab-quvvatlaydi.

Harakatlar strategiyasi, asosida Prezident qaror va farmonlari asosida aholi turmush farovonligini oshirish, davlat organlarining xalqimiz oldidagi mas`uliyatini kuchaytirish bo'yicha yangi institutlar joriy etildi, Taraqqiyot strategiyasi asosida bu ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ular o'tgan yillar davomida to'g'ri va samarali ekanini amalda ko'rsatdi. Bu yo'nalishdagi islohotlar xalqimiz tomonidan faol qo'llab-quvvatlanmoqda. Demak, Konstitusiyamizga takliflar tayyorlayotganda davlat organlarining xalq bilan muloqot, murojaatlarni hal etish bilan bog'liq mas`uliyati hamda hisobdorligini oshirishga alohida e`tibor qaratish maqsadga muvofiq bo'ladi.

Ikkinchidan, aholi turmush farovonligini oshirish, birinchi navbatda kambag'allikni qisqartirishni, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini ko'tarishni taqozo qiladi. Kam daromadli oilalarni kambag'allikdan chiqarmasdan, ularning jamiyatga munosabati, umumiy dunyoqarashini o'zgartirmay turib, turmush sifatini yaxshilash mushkul masala. Shu jihatdan Prezidentimiz boshchiligida kambag'allikni qisqartrish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi, davomiyligi Konstitusiyada kafolatlanishi juda muhim.

Albatta, kambag'allikni qisqartirish oson va birdan bo'ladigan jarayon emas. Deputat sifatida hududlarga borganda, mahallalardagi hayotning ichiga kirib tahlil qilganda, bir oiladagi vaziyatni o'zgartirish qancha resurs va mehnat talab etishini tushunmoqdamiz. Davlatning katta resurs va imkoniyatlari shu yo'nalishga sarflanayotgan ekan, bu boradagi ishlar tizimli tus olishi, qandaydir sabablar bilan to'xtab qolishi kerak emas.

Partiyamiz Dasturida shu masalaga alohida e`tibor qaratilgan, “mamlakatning tobora yuksalayotgan iqtisodiy salohiyatidan aholining kam ta`minlangan qatlamlari turmush darajasi va hayot sifatini oshirish yo'lida foydalanish kerakligi” ta`kidlangan. Resurslar to'g'ri sarflanishi xalq manfaatlariga xizmat qiladi. Xalqimizning turmushi yaxshilanishi ko'p jihatdan shu masalaga ham bog'liq. Shuning uchun Konstitusiyamizga o'zgartish va qo'shimchalar kiritishda «inson – jamiyat – davlat» tamoyilini nazarda tutish, partiyamiz nuqtai nazariga ko'ra, har tomonlama to'g'ri bo'ladi.

Uchinchidan, rivojlanishdagi ijtimoiy ustuvorlik partiyamiz siyosiy pozisiyasining muhim asoslaridan biridir. Mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar ijtimoiy samara keltirgandagina xalqimizga har tomonlama foydali bo'ladi. Jamiyatning muayyan qatlami boyishiga sharoit yaratadigan ishlar bu tamoyilga javob bermaydi. Iqtisodiy islohotlar samarasini ko'rsatadigan asosiy omillardan biri barqaror ish o'rinlari yaratilishi, aholi real daromadlarining oshishi bilan bog'liq. Iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligi, to'g'ri yoki noto'g'riligi kam sonli boylar, oligarxlar toifasiga emas, jamiyatning barcha qatlamlariga manfaatli ekani bilan belgilanadi.

Shu jihatdan Prezidentimiz ta`kidlagan iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta`minlash bosh mezon bo'lishi kerakligi haqidagi masala juda muhim. Albatta, bu xalqparvar davlat barpo etishning eng muhim sharti hisoblanadi. Konstitusiyamizga mana shu ustuvor tamoyilni mustahkamlaydigan qo'shimchalar kiritilishi buyuk mutafakkirlarimiz, ota-bobolarimizning adolatli davlat va jamiyat qurish haqidagi tarixiy orzu-maqsadlariga ham uyg'un keladi.

To'rtinchidan, insonning davlatdan oldinga qo'yilishi nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, shu bilan birga, siyosiy, huquqiy masalalarda ham fuqarolarning faolligi oshishini anglatadi. Bunday faollik butun jamiyat uchun muhim bo'lgan taklif va tashabbuslarni hosil qila boshlaydi. Islohotlar bilan bog'liq asosiy tashabbuslar boshqaruv kabinetlarida yozilmasdan, jamiyatning o'zidan unib chiqadi. Buning uchun esa Konstitusiya bilan kafolatlangan tizim, samarali institutlar juda zarur. Ayni masalada uzoqqa borish shart emas, rivojlangan davlatlar tajribasidan o'rnak va ibrat olish lozim.

Keyingi yillardagi katta o'zgarishlarni e`tirof etgan holda, aytish kerakki, fuqarolik jamiyati institutlarining o'rni va maqomi Taraqqiyot strategiyasida qo'yilgan yuksak maqsadlarni amalga oshirishda faol ishtirokchi bo'lishga qodir darajada emas. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining huquqiy asoslari mustahkam, vakolatlari doirasi esa keng emasligi borib-borib fuqarolarning siyosiy madaniyati rivojlanishiga ham xalaqit qiladi.

Misol uchun, ijro hokimiyati tizimidagi ayrim mas`ul mansabdorlar ham siyosiy partiyalar davlat boshqaruvini tashkil etuvchi siyosiy institut ekanini yaxshi tushunmaydi. Joylarda siyosiy partiya tashkilotlariga oddiy nodavlat tashkilot, qandaydir jamg'arma yoki uyushma sifatida qaraladigan holatlar ham yo'q emas. Konstitusiyamizga fuqarolik jamiyati institutlarining o'rni va maqomini oshirishga xizmat qiladigan qo'shimchalar kiritilishi bu boradagi muhitni butunlay o'zgartiradi. Shunda davlatimiz rahbari ta`kidlagan «jamiyat – islohotlar tashabbuskori», degan ezgu g'oya ro'yobga chiqadi.

Muxtasar aytganda, Konstitusiyamizga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish tarixiy zarurat sifatida kun tartibiga chiqdi, buni xalqimiz qo'llab-quvvatlashiga shubha yo'q. Chunki, Bosh Qonunimizga kiritiladigan o'zgartish va qo'shimchalar Yangi O'zbekiston qanday mamlakat bo'lishi haqidagi savollarga javob bo'ladi, yurtimizning yanada jadal rivojlanishiga, xalqimizning orzu-istaklarini ro'yobga chiqarishga xizmat qiladi.

 

Ulug'bek Inoyatov,

O'zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

«O'zbekiston ovozi», 25.05.2022, №21

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish