Muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi e'lon qilingandan buyon keng ommaning qizg‘in muhokama, munozaralariga sabab bo‘layotgani tabiiy hol. Chunki, bu muhim tarixiy hujjatda o‘tgan murakkab yilimizga teran baho berilib, joriy yilda qilinishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar odilona, oqilona tarzda belgilangani bilan e'tiborga molik.
Murojaatnomada haqli ravishda ta'kidlangganidek, yakuniga yetgan 2022-yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘lgani, biroq keng ko‘lamli va samarali islohotlarimiz natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshgani, iqtisodiyotimizga shu yilning o‘zida 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib kelgani, eksportimiz esa 19 milliard dollarga yetgani hazilakam ish emasligini har qanday ongli, tafakkurli odam his qilishi, tan berishi ayni haqiqat, deb o‘ylayman. O‘z-o‘zimga savol beraman: bundan atigi besh-olti yil oldin bunday zafarli, ayni paytda zalvorli natijaga erishib bo‘larmidi? O‘z-o‘zidan javob ham aniq. Yo‘q, mutlaqo!
Tabiiy ravishda yana bir savol ongimda jo‘sh uradi: bu nimaning natijasi, bunday samaradorlikka qanday qilib erishildi?
Bunga javob aniq – yangicha qarash, izlanish, intilish, barcha sohalarni tinimsiz isloh qilish, islohotlar yo‘lidagi g‘ov, to‘g‘anoqlarni shafqatsiz tarzda yo‘ldan olib tashlash, xalqimiz orzulari, intilishlari ro‘yobi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish, tadbirkorlikka keng yo‘l ochish, bir so‘z bilan aytganda, xalq davlat idoralariga emas, aksincha, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi bilan erishildi.
Murojaatnomada keltirilgan “bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini minimal iste'mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqdik. Misol uchun, 2017-yilda kam ta'minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilalarga ko‘mak berilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar esa 7 barobar ko‘paytirilib, yiliga 11 trillion so‘mga yetdi. Biz ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosatini izchil davom ettiramiz”, degan gaplar qandaydir havoyi gaplar emas, ayni haqiqat bo‘lishi barobarida partiyamiz Dasturidagi g‘oyalarga hamohang ekani bilan elektoratimizni mamnun etgani tabiiy hol.
Inson qadri, insonni e'zozlash tushunchalari so‘zda, qog‘ozda yoki minbarlarda takrorlanadigan chiroyli iboralar emas, balki amaliyotga izchil joriy qilinadigan tamoyilga aylanib, ijrosi qat'iy nazoratga olinadigan me'yorlarga aylanib bormoqda. Buning yaqqol isboti sifatida Murojaatnomada keltirilgan shu maqsadlar uchun oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurilgani, bu davrda qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetgani, hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratish bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilayotganini ishonchli dalil sifatida keltirish mumkin.
Namangan ham keyingi 5-6 yil davomida taraqqiy topdi, o‘sdi, yuksaldi, ravnaqqa erishdi. Yangi sanoat zonalari, ayniqsa, aholi zich istiqomat qiladigan chekka hududlardagi kichik sanoat zonalari ishsizlikning qisqarishi, odamlarga qulay ish o‘rinlari yaratib berishda muhim omil bo‘ldi. Markazga jips hududlarni shahar tarkibiga o‘tkazilishi, Namangan shahri tarkibida Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarining tashkil etilishi hisobiga million aholili shahar vujudga kelishi yo‘lida qadam qo‘yilgani taraqqiyotning tamomila yangi yo‘sini, yangi yo‘nalishiga asos bo‘ldi. Bu mintaqamizda yoki mamlakatimizda poytaxtlar bilan bir qatorda boshqa yirik shaharlar ham “o‘sish nuqtalari”ga aylanadi, degani. Muhimi, shaharda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Viloyatimiz yil sayin emas, oy sayin, kun sayin, soat sayin o‘zgarayotganidan ko‘nglimda zavq, quvonch, iftixor tuyg‘ularini chek-chegarasi yo‘q. Ha, Murojaatnomada haqli ravishda ta'kidlanganiday, Samarqand shahri dunyo taniydigan megapolisga, xalqaro turizm va biznes markaziga aylanmoqda. Namangan ham sanoat, tadbirkorlik, ta'lim, madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida o‘z o‘rnini topmoqda. Shu bois, Samarqand va Namangan shaharlarini alohida ma'muriy-hududiy birliklar sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazish taklif qilindi.
O‘ylaymiz va aniq tasavvur qilamizki, davlatimiz rahbari tomonidan alohida iftixor bilan ta'kidlanganidek, dunyo megapolislaridan biri bo‘lgan poytaxtimiz Toshkent bilan bir qatorda “o‘ziga tortuvchi markazlar”ni ko‘paytirish bo‘yicha Namanganda qilinajak ishlar boshlangan siyosatimizda yangi amaliy qadam bo‘ladi. Jon boshiga daromad, ish joylarini ko‘paytiradi. Samarqand qatori viloyatimizda ham tumanlarni rivojlantirishga ko‘proq e'tibor qaratiladi, Namanganimiz yanada gullaydi, yashnaydi, taraqqiy topadi.
Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash lozimki, butun dunyo tajribasida keng xalq ommasining davlat rahbariga murojaat qilishi bor gap, ammo Prezidentning Parlamentga, o‘z xalqiga Murojaat qilishi ham noyob tajriba. Bu mamlakat rahbarining xalq saylab qo‘ygan deputatlariga, xalqiga e'tibori, uning ertangi kuniga bo‘lgan yuksak ishonchi, unga sidqidildan, vijdonan xizmat qilishga bo‘lgan ishtiyoqidan dalolat. Bir so‘z bilan aytganda, Murojaatnoma joriy yilimizning davlat, hukumat va xalq tomonidan yil davomida birgalikda amal qilib, yuksak natijalarga erishilishini ko‘zda tutgan yo‘l xaritasidir. Shunday ekan, unda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish borasida yakdil, faol bo‘lishimiz lozim.
Ziyoviddin MANSUR,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyat bo‘limi rahbari,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi a'zosi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi.
«O‘zbekiston ovozi», 11.01.2022, №1