Vaqt bebaho ne’matdir. Undan barchamiz unumli foydalanishimiz zarur. Ayniqsa, yoshlarga har bir kun, har bir soat, har bir lahza g‘animatligini tushuntirish, anglatish har birimizdan katta mas’uliyat talab qiladi.
Shuning uchun mamlakatimizda so‘nggi yillarda maktab o‘quvchilarininig bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish va maktabdan tashqari ta’limni samarali tashkil etish borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish borasidagi amaliy ishlar, natijalar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Jumladan, respublikamizda 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat ko‘rsatib, ularda tashkil qilingan 9 765 ta to‘garaklarga 287 153 nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi.
To‘garaklarning xilma-xilligi bolalar o‘zi shug‘ullanishni istagan mashg‘ulot bilan band bo‘lishida katta ahamiyatga ega. Turfalik, tanlov imkoniyatining kengligi bolalar o‘zlarini turli yo‘nalishlarda sinab ko‘rishiga xizmat qiladi. To‘garaklar bolalarda ota-onasi, ustozlari anglamagan, bilmagan iste’dodlarni kashf qilishi mumkinligi ham muhim masala.
Axborot asri, taraqqiyot davrida yashayapmiz. Yangidan yangi ixtirolar, yengilliklar, qulayliklar paydo bo‘lmoqda. Biroq, zamonaviy ishlanmalar inson xotirasi susayishi, miyaning tahlil qilish imkoniyatlari kamayishiga ham sabab bo‘lmoqda. Birgina uyali telefon apparatiga yoziladigan raqamlarni olaylik. Istagan vaqt istagan odamga qo‘ng‘iroq qilish imkoni bo‘lgani bilan u raqamlar bizning xotiramizda emas. Miyadagi eslab qolish funksiyalari o‘z vazifasini bajarmayapti. Bu tabiiyki xotira susayishiga olib keladi. Achinarlisi, bundan bolalarimiz ham aziyat cheka boshladi.
Yoki yo‘lni ko‘rsatuvchi qurilmalar. Biror yangi manzilga ketayotganimizda qurilma ko‘rsatmasi bo‘yicha harakatlanamiz. Biror kim yo‘lni tushuntirishi kabi tushunchalar hozir deyarli mavjud emas. Oqibatda miyaning tahlil qilish imkoniyatlari pasaymoqda. Shu sababli ham yoshlarni internetdagi zararli xurujlardan asrash barobarida, ularni axborot texnologiyalaridan (mute bo‘lib qolishga emas) unumli foydalanishga o‘rgatish masalasi ham dolzarb vazifalardan biridir. Buning uchun ularning o‘zidagi yaratuvchanlik qobiliyatini yuzaga chiqarish chindan ham samarali yechim bo‘lmoqda.
Maktab o‘quvchilarining darsdan holi vaqtlarini mazmunli tashkil qilishda ularni haqiqatan qiziqtira oladigan yo‘nalishlardan foydalanish muhimdir. Jumladan, bolalar iqtidorini oshirish uchun doimiy ravishda turli forumlar, to‘garaklar, robototexnika va til kurslari tashkil etilmoqda.
Shularni hisobga olib, o‘quvchilarning ixtirochilik qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida 14 ta hududda tajriba konstruktorlik byurolari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 25 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablarida xususiy sektorlarni jalb qilgan holda, robototexnika, mental arifmetika va xorijiy tillar kurslari tashkil etilib, doimiy ishlab turibdi. Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini bermay qolmaydi, albatta.
Yoshlarda bolalik chog‘idan kitobga mehr uyg‘otish mustaqil fikrlash va keng dunyoqarashni shakllantirishda mustahkam poydevordir. Hozirda o‘quvchilar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularni ko‘p kitob o‘qishga jalb qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Kitobxonlikka oid turli festivallar o‘tkazilib, bolalar kutubxonasida audio kitoblar soni keskin oshirildi.
Xususan, ta’lim muassasasilaridagi 39742 ta kitobxonlik klublariga 502 355 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb qilindi. Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan 190 nomdagi audio kitoblar tayyorlanib, “kitob.uz” veb-saytiga joylashtirildi.
Bolalar bir-biriga qiziqib ko‘proq va samaraliroq o‘rganadi. Shu jihatdan “Kitobxonlik festivali”, “60 daqiqa kitobxonlik”, “Kitob ma’naviyat o‘chog‘i” kabi loyihalar o‘tkazilgani, ular orqali 140 ming nafardan ortiq o‘quvchi qamrab olingani kitobsevarlik bolalarda doimiy tuyg‘uga aylanishida juda muhimdir. Kitobxonlik yoshlar dunyoqarashini kengaytirishi barbarida millatimiz, an’analarimiz, tariximizga bo‘lgan qiziqish, hurmatni ham oshiradi, deb hisoblayman.
Yana bir muhim masala bor. Keyingi yillarda yurtimizning diqqatga sazovor go‘shalariga sayohatlar tez-tez tashkil etilayotgani o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli va mazmunli o‘tkazishda, ularning o‘z Vatanini yaxshiroq bilishi, faxrlanish tuyg‘usi rivojlanishida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Yil davomida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida 125 660 nafar, “Yoshlar turizm haftaligi” doirasida 192 705 nafar (shundan, 4 513 nafari nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar), “Moziyga sayohat” dasturi doirasida 858 nafar vazirlik tasarrufidagi respublika tashkilotlari xodimlari va ularning oila a’zolari hamda 63 870 nafar umumta’lim muassasalarining o‘qituvchi va o‘quvchilari sayohatlari tashkil etilgani alohida tahsinga sazovordir.
Yana bir muhim yo‘nalish yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish maqsadida maktablar o‘rtasida o‘tkazilayotgan turli sport musobaqalaridir. O‘quvchilar o‘rtasida “Quvnoq startlar”, “Yoshlik sport jamoalari”, “Yozgi ta’tilni sport bilan o‘tkazamiz” kabi sport musobaqalari o‘tkazilib, 2,1 mln. nafar o‘quvchilar qamrab olindi.
2023 yil yozgi mavsumda 200 ta statsionar oromgohlarda jami 157 ming nafar bolalarni dam oldirish rejalashtirilgan bo‘lib, 183 ta statsionar oromgohlarda 42 909 nafar bolalar dam olishmoqda.
Xulosa qilib aytish mumkinki, farzandlarimiz maktabda va maktabdan tashqari vaqtlarini unumli o‘tkazishi uchun ko‘plab sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. To‘garaklarga, kasb-hunarga, mashg‘ulotlarga, sportga qiziqtirish, yo‘naltirish esa ota-onalar, oilalarga ham bog‘liqligini unutmaslik lozim.
Izlagan imkon topar, deb bejizga aytilmagan. Yoshlarimizning jismonan sog‘lom, aqlan yetuk, ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishi oilalarimiz tinchligi, farovonligini ta’minlashiga, Yangi O‘zbekistonda yillar davomida inson kapitali o‘sib, rivojlanib borishiga zamin yaratadi.
Mavjuda XASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.