Parlament a’zolari hududlarda: Nazorat va amaliy yordam
Parlament a’zolari hududlarda: Nazorat va amaliy yordam

 

Kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, investitsiyalarni jalb etish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi yerlaridan unumli foydalanish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.

Ularning sifatli va samarali bajarilishi xalqimiz uchun juda muhim. Parlament a’zolari hududlarda o‘rganishlar, nazorat-tahlil ishlarini olib borib, parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senati Kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilingan.

Unga ko‘ra, xususan, joylarda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, xususan, yoshlar, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar o‘rganilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish va mahallalarni ishsizlikdan holi hududga aylantirish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlar ham tahlil qilinmoqda.

Natijalar, xulosa va takliflar qanday?

 

Hokim yordamchilari ishdan olindi

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida olib borilgan o‘rganishlar natijasidan kelib chiqib, sessiya o‘tkazilgan. Unda asosan 2 ta masala, ya’ni Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi tomonidan 2023 yilning 7 oyi davomida huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarning holati, belgilangan asosiy vazifalar muhokama etildi.

Birinchi masala yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i G‘ulom Islomov axborot berdi. Ta’kidlanganidek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishda yanada samaradorlikka erishish maqsadida barcha profilaktika inspektorlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shahar bo‘yicha 7 oy davomida barcha yo‘nalishdagi jinoyatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 taga (154-156), ya’ni 1,3 foizga ko‘paygan. Olib borilgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan, ayrim oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyat turlari oshishiga yo‘l qo‘yilgan. Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash borasida olib borilayotgan ishlar tahliliga ko‘ra mahallalarning 18 tasi yoki 50 foizi «yashil», 8 tasi yoki 22 foizi «sariq» va 10 tasi yoki 28 foizi «qizil» toifaga kiritilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 7656 ta kichik biznes subyekti ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, joriy yilda 563 ta yuridik maqomdagi kichik biznes subyektlari yangidan tashkil etilgan. Natijada 2 mingdan ortiq aholi ishli bo‘lgan.

Ammo shu yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, 2004 ta kichik biznes subyektlari faoliyat ko‘rsatmayotgan ekan. Ularning 172 tasi tugatilib, 494 tasi faoliyati sog‘lomlashtirilgan. Ammo 1338 ta subyektning faoliyat ko‘rsatmasligi yomon ko‘rsatkich.

2021 yil yil 3 dekabrdagi «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga asosan mahallalarda hokim yordamchisi lavozimi joriy etilgan edi. «Yordamchi»lar farmondagi vazifalardan kelib chiqib, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar uchun 47,2 mlrd so‘m limit ajratilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida 1 078 nafar fuqaroga 19,8 mlrd so‘m (42 foiz) imtiyozli kreditlar ajratilgan, 2 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlandi.

Biroq, qator hokim yordamchilari tomonidan yetarli tarzda ish tashkil etilmagani, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmagani sababli ajratilgan resurslardan samarali foydalanilmagan. Ana shunday mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan hokim yordamchilari o‘z vazifalaridan ozod etildi.

Bundan tashqari, hududiy investitsiya dasturlari doirasida 2023 yilning yanvar-iyul oylarida qiymati 72,9 mlrd so‘m bo‘lgan 21 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, 127 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kerak edi. Amalda 98,7 mlrd so‘mlik 36 ta (171 foiz) loyiha ishga tushirilib, 185 nafar fuqaro ishli bo‘lgan.

Biroq, bu borada ham bir qator kamchiliklarga yo‘l quyilgan. Jumladan, investitsiya dasturi doirasida ishga tushirilishi belgilangan qiymati 72 mlrd so‘mlik 5 ta loyiha amalga oshirilmay qolgan. Bu esa 110 ta ish o‘rni yaratilmaganidan dalolatdir.

Sessiya kun tartibidagi masalalar yuzasidan deputatlarning savolllariga mutasaddi xodimlarning javoblari tinglandi, kamchiliklar muhokama etildi, ularni bartaraf etish yuzasidan sessiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish kerak

Jizzax viloyatida ham o‘rganishlar olib borilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Muqaddas O‘rozaliyevaning aytishicha, o‘rganilayotgan masalalarning aksariyati joyida hal etilmoqda.

— Xususan, Do‘stlik tumanida 50 sotixdan 50-60 nafar fuqaroga berilgan yerni sug‘orishda muammolar kuzatilayotgan ekan. Bunga sabab esa suv ta’minoti yetishmagan. Natijada ayrim yoshlar mehnatini chala tashlab ketishga ham majbur bo‘lgan. Vaholanki, u yerda tashkil etilgan uzumzorlar, mosh, loviya, tarvuz singari mahsulotlar pishib, yetilish arafasida turibdi. Aholi vakillarining murojaatiga asosan tuman suv ta’minoti korxonasi bilan bog‘lanib, masalani joyida hal qilishga erishdik. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Asosiy yo‘nalishlarimizdan biri qonun hujjatlarining ijrosi bilan bog‘liq bo‘lib, bu borada ham qator masalalar aniqlandi. Masalan, Yangiobod tumanidagi o‘rmon xo‘jaligiga qarashli 300 gektar yerni ye-auksion savdoga chiqarish orqali har bir fuqaroga bir gektardan ajratilsa, 300 ga yaqin yangi ish o‘rni hosil bo‘ladi. O‘rmon xujaligiga qarashli bo‘lgani bilan, o‘sha maydon ayni paytda qarovsiz va hech narsa o‘stirilmagan. Fuqarolarga berilsa, manfaatdorlik ortidan foydalanilmayotgan maydondan anchagina daromad olsa bo‘ladi.

Tuman qo‘shni Tojikiston bilan chegaradosh hudud hisoblanadi. U yerdagi «Sarmich» MFYda erkin savdo zonasini tashkil qilish mumkin. 100 dan ortiq tadbirlik subyektlari ishga tushirilib, 300 dan ortiq yangi ish o‘rni hosil qilish imkoni yuzaga keladi. Bundan tashqari, 3 million dollarlik mahsulot yoki xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish mumkinligi aytildi.

Aholini ish bilan ta’minlashning yana bir yo‘li – hududda moy ishlab chiqarish o‘simliklari yoki sabzavotlar yetishtirishni amaliyotga tatbiq etishdan iborat. Bunda yer osti suvlari yordamida tomchilatib yoki yomg‘irlatib sug‘orish usulini qo‘llash yaxshi samara beradi. Bu bozorlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan boyitishga hamda eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Yana bir masala yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq ekan. Chegaradosh hudud bo‘lgani bois, tuman uch tomonlama qo‘shni respublika bilan o‘ralgan. Bu esa Toshkent-Zomin-Yangiobod yo‘nalishida temir yo‘l yotqizishda muammolarni yuzaga keltiradi. Shu sababli qo‘shni mamlakat hududidagi Zafarobod tumanidan o‘tgan 7 kilometrlik o‘tkazish temir yo‘lini ochish zarurati haqida aytildi. Bu oradagi masofani 65 kilometrga qisqartirishga, investorlarni jalb qilishga hissa qo‘shishi mumkin. Tovar aylanmasining hajmi, sanatoriylarga keluvchilar soni ham osharkan.

Do‘stlik tumanida kichik tadbirkorlik massivi tashkil etilgani 2 mingdan ziyod yigit-qizni ish bilan ta’minlashga xizmat qilgan. Mazkur hududdagi ishlarni boshqa joylarda ham tajriba sifatida qo‘llash kerak.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun qonunchilikka ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga to‘g‘ri keladi. Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasiga takliflar berildi.

E’tiborli jihati shundaki, parlament vakillariga hamrohlik qilayotgan mahalliy Kengashlar deputatlari hududlardagi holatni tahlil qilishga, muammoli masalalarni yashirmasdan, boricha ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Ularni hal etishda qonuniy yechim, amaliy ko‘mak so‘rashmoqda.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 13.09.2022, №36

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish