Savol-javob ko‘p bo‘lsa, muammolar yo‘q bo‘ladi(mi?)
Savol-javob ko‘p bo‘lsa, muammolar yo‘q bo‘ladi(mi?)

 

Kecha, 12 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kun bo‘yi bir qator muhim masalalarni ko‘rib chiqib, qarorlar qabul qildi.

 

Korrupsiyaga qarshi axborot

Yalpi majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqildi. Masala yuzasidan agentlik direktori Akmal Burhonov axborot berdi.

Keltirilishicha, vazirlik va idoralar funksiyalarining optimallashtirilishi natijasida xususiy sektorga o‘tkazilayotgan davlat funksiyalari kamida 3 barobarga ko‘paytirilmoqda. Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi, natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etilgan. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha «E-Antikorrupsiya» loyihasi ishga tushirildi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati yaxshilanib, ortiqcha tartib-taomillar qisqartirildi hamda elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni oshirildi. Ta’kidlanganidek, agentlik tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotlar hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha hududlar va sohalar kesimida 60 ta o‘rganishlar o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda deputatlar normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish natijasida aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmagani, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani qabul qilish ishlari yakuniga yetkazilmagani haqida savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi majlisida murakkab vazifani bajarishi kerak bo‘lgan yangi tuzilmani qo‘llab-quvvatlash zarurligi haqida pozitsiya bildirilgan edi. Yalpi majlisda ham shunday yondashuv bo‘ldi: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzasi ma’lumot uchun qabul qilindi.

 

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida hududiy kengashlarning roli va o‘rni sezilmayotganini ta’kidladi. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘radi.

Agentlik rahbari hududiy kengashlar a’zolari jamoatchilik asosida ish yuritishi, ularning faoliyatini baholash bo‘yicha reyting ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgani, lekin baribir kutilgan natija bo‘lmayotgani uchun hududiy kengashlar faoliyatini professional tartibda yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar tayyorlanganini ma’lum qildi.

 

Davlat budjet ijrosi kechikibroq muhokama qilindi

Davlat budjeti – xalqning rizqi hisoblanadi. Uning ortida har bir fuqaroning manfaati, ulushi bor. Mamlakat rivoji nafaqat davlat budjetiga tushayotgan mablag‘larning ko‘payishi, balki ularning to‘g‘ri va samarali sarflanishiga ham bog‘liq. Shuning uchun deputatlar Davlat budjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2023 yil 9 oylik ijrosi yuzasidan hukumat hisobotini ham qizg‘in muhokama qildi. Deputatlar shunchaki eshitmadi, keskin savollar ham bo‘ldi, o‘tkir takliflar aytildi, hukumat faoliyati chuqur tanqidiy tahlildan o‘tkazildi. Chunki davlat budjetining maqsadli va samarali ishlatilishi ijtimoiy kayfiyatga, mamlakatimizning ijtimoiy barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Hisobotda qayd etilishicha, 2023 yilning 9 oyligida yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi joriy narxlarda o‘sish sur’ati 5,8 foizni (yil boshidagi prognoz – 5,4%) tashkil etdi. Bunda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri xizmatlar sohasi bo‘lib, uning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 6,5 foizni (o‘sishdagi hissasi – 2,5 foiz band) tashkil etdi.

Davlat budjetining xarajatlar qismida ijtimoiy yo‘naltirilganlik tamoyili saqlab qolingan holda, umumiy xarajatlarning 98,5 trillion so‘mi yoki 49,0 foizi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun sarflandi. Ushbu xarajatlarning 88,5 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya jihatdan qo‘llab-quvvatlash xarajatlariga to‘g‘ri keldi.

Hisobotdan so‘ng muhokamalar qizg‘in davom etdi. Albatta, ularda fraksiyamiz a’zolari ham o‘z mulohazalari, savollari bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston XDP deputatlari ijtimoiy sohadagi mas’ullarning javobgarligini kuchaytirish, budjet mablag‘larining manzilliligini ta’minlashga oid o‘z takliflari, fikr-mulohazalarini bildirishdi.

 

Mavjuda HASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

– Sovuq kunlar boshlandi, issiqlik ta’minotiga ehtiyoj o‘z-o‘zidan oshadi. Bu bo‘yicha deputatlarga ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Ammo mavsumga tayyorgarlik ishlari yakunlanayotganiga qaramasdan issiqlik ta’minoti uchun ajratilgan mablag‘larning 45 foizga o‘zlashtirilganini nima bilan izohlash mumkin?

Bu savolga Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari javob berarkan, 9 oylik yakuni bo‘yicha raqamlar real holatni ifoda etmasligini, barcha loyihalar yil oxirigacha yakuniga yetkazilishini, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov esa deputatga dekabr oyining ikkinchi yarmida qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.

 

Fraksiyamiz pozitsiyasini bildirdi

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha strategik hujjatlar qabul qilinib, muhim vazifalar belgilanib, katta mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Natijalar oz emas, lekin tahlil va o‘rganishlar ajratilgan qator mablag‘lar o‘z vaqtida ishlatilmasdan kelinayotganini ko‘rsatmoqda.

Rivojlantirish dasturlari va budjet xarajatlarining maqsadli indikatorlarining 9 oylik ijrosi to‘g‘risidagi hisobotda sog‘liqni saqlash tizimida bir qator vazifalar bajarilmasdan qolayotgani aks etgan. Xususan, bolalar tibbiyoti va tug‘uruq muassasalarida yuqori texnologik laboratoriya uskunalaridan to‘laqonli va samarali foydalanish maqsadida reagentlar, sarflanadigan anjomlar hamda servis xizmatlari uchun ajratilgan mablag‘larning 21 foizi o‘zlashtirilgan, xolos. Shuningdek, «Elektron sog‘liqni saqlash» tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integratsiyalashgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi majmuasini yaratish uchun ajratilgan mablag‘larning 26 foizi sarflangan.

Yuqoridagi yo‘nalishlar ijrosi bajarilmaganligi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar berilmagan yoki tender savdolari bilan bog‘liq vajlar ko‘rsatilgan. Bunday holatlar oldingi hisobotlarda ham qayd etilgan. Bu budjet ijrosida tender savdolari surunkali muammoga aylanib qolganini ko‘rsatmoqda.

 

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov fraksiya pozitsiyasini bildirdi.

Sog‘liqni saqlash yo‘nalishiga ajratilgan budjet mablag‘larining o‘z vaqtida va maqsadli ishlatilishiga xalaqit berayotgan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilishi zarur.

Xususan, Davlat budjetidan ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘larni ishlatishda tender savdolari asosiy muammoga aylanib borayotganini hisobga olib, shu yo‘nalishdagi me’yoriy-hujjatlarni soddalashtirish, jarayonni tezlashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish, Hukumat bu borada aniq vazifalar belgilashi kerak, dedi fraksiya rahbari.

Davlat budjetidan ijtimoiy soha, jumladan, sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar inson salomatligi bilan bog‘liq masalalarni hal etishda muhim ahamiyatga ega. Me’yoriy hujjatlar va tartib-qoidalardagi kamchiliklar insonlar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligini unutmaslik kerak, albatta.

Shuningdek, Davlat budjetini, investitsiya dasturlarini rejalashtirishda har tomonlama pishiq-puxta tayyorlanmagan loyihalarni e’tiborga olmaslik yoki ijtimoiy ahamiyati yuqori loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish kerakligi ham qayd etildi.

Vazirlik va idoralar budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish borasidagi xato-kamchilik va qonunbuzilishlarni bartaraf etish choralarini ko‘rib chiqish hamda Davlat budjeti ijrosi ustidan sifatli moliyalashgan nazorat (audit) tizimini kuchaytirish taqozo etilmoqda.

Faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilgan mas’ul vazirlik-idoralar rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish, keyingi hisobotlarda ushbu masalalar bo‘yicha ularning axborotlarini eshitib borish mexanizmlarining kuchaytirilishi maqsadga muvofiqligi ham qayd etildi.

Yakunda Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘llab-quvvatladi.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 13.12.2023, №49

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish