Barchamizga ma’lumki, joriy yil 23-25 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifi doirasida Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszi bilan uchrashuv o‘tkazdi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasi bilan munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarildi. Binobarin, O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatida Xitoy bilan bo‘lgan munosabatlar dolzarbligicha qolmoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekiston ushbu mamlakat bilan tashqi savdo, transport kommunikatsiyasi sohasidagi hamkorliklar jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgani ham sir emas. Xitoyning O‘zbekistonga qaratilgan tashqi siyosatida o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, suhbatda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etilib, bu galgi tashrif har tomonlama strategik sheriklikni kengaytirishga yangi kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.
Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi 2 barobar, qo‘shma korxonalar soni 3 barobar oshdi. E’tiborli jihati shundaki, Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish borasidagi tajribasi faol joriy qilinmoqda.
Uchrashuvda mamlakatimiz texnik yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash markazlarini tashkil etish, Xitoyning ijtimoiy himoya va sug‘urta, aholiga manzilli yordam ko‘rsatish borasidagi tajribasini o‘rganishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish va “O‘zbekiston-Xitoy” do‘stlik guruhlarini faollashtirish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari XXR raisi bilan 15 tadan ortiq o‘zaro kelishuv bitim va hujjatlari imzolandi.
Jumladan, Prezidentimizning Xitoyga tashrifi amaliy masalalarni hal qilishga qaratilgan. Ikki davlat rahbarlari tor va keng doirada strategik masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston o‘zining keyingi istiqboli uchun Xitoyning asosiy savdo va boshqa sohalardagi hamkoriga aylanishdan manfaatdor. Bugungi beqaror vaziyatda o‘z o‘rniga, mavqeiga, iqtisodiy taraqqiyotiga ega bo‘lgan Xitoy bilan aloqalar O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘ladi deb o‘ylayman. Birgina energetika ta’minotini olsak ham, bugun Xitoy kompaniyalari ishtirokida quyosh panellari ishlab chiqarish, texnik modernizatsiya qilishda ishlar olib borilyapti. Bundan tashqari, ta’lim, ijtimoiy infratuzilma, ijtimoiy siyosat sohalarida ham Xitoy tajribasini qo‘llash nazarda tutilyapti. Savdo, sarmoyaviy sohalarda aloqalar O‘zbekiston iqtisodiy, ijtimoiy nuqtayi nazardan yuqori bosqichga ko‘tarilishida muhim bo‘ladi. Yana qo‘shimcha qilish mumkin, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohalarda, bundan O‘zbekiston manfaatdor. Prezidentimiz ham davlatimizni rivojlantirish yo‘lida eksportni qo‘llash, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, tranzit yo‘llarini kengaytirish masalalarini ko‘tardi. Bu borada Xitoy tajribasi bizga qo‘l keladi. Umuman olganda jahon bozorida Xitoy kapital qo‘yilmalari bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Shu bilan birga, dunyo bo‘yicha logistika imkoniyatlari ham juda yuqori, tashuvchi kompaniyalari ko‘p. Shu ma’noda Xitoy bilan strategik hamkorlikdan manfaatdormiz. O‘zbekiston va Xitoy uzoq tarixga, noyob madaniyat hamda ulkan intellektual salohiyatga ega. Bu davlatlararo gumanitar hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish, shuningdek, o‘zaro madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
O‘rol O‘ROZBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.