Izchil xamkorlik ijtimoiy barqarorlik kafolatiga aylanmoqda
Izchil xamkorlik ijtimoiy barqarorlik kafolatiga aylanmoqda

 

Davlatimiz rahbari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23-25 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Ta’kidlash kerakki, bu 2024 yildagi ilk rasmiy tashrifi bo‘lgani ham chuqur ma’no mazmunga ega.

O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari tarixiy ildizi bir necha ming yilliklarga borib taqaladi. Bugungi O‘zbekistonning ochiqlik, do‘stonalik, o‘zaro tenglik kabi prinsiplarga asoslangan tashqi siyosati natijasida O‘zbekiston–Xitoy hamkorligi mustahkam asosga ega yangi davrga qadam qo‘ymoqda. Buni statistik raqamlar ham tasdiqlaydi. Xususan, o‘tgan 2023 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 50 foizga oshib, 14 milliard dollarga yetgan. Shu raqamning o‘zi ham mamlakatimizning eng yirik hamkorlaridan biriga aylanganining yaqqol isboti.

Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng imzolangan Qo‘shma bayonotda o‘zaro manfaatli hamkorlikni turli sohalarda har tomonlama mustahkamlash hamda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklikni mazmun jihatidan boyitishga intilishi tasdiqlandi. Bu o‘zaro munosabatlarning yangi davri boshlanishidan darak bermoqda.

Bu barchamizni barqarorlik va hamkorlikning zarurati va ahamiyati haqida mushohada yuritishga undaydi. O‘zbekiston–Xitoy munosabatlaridagi bir nechta muhim omillarga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Jumladan:

Birinchi masala – O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va qishloq masalalari vazirligi o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida ahdlashuv bayonnomasi.

Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish bilan bog‘liq tajribasini butun dunyo tan olib undan andoza olmoqda. Yurtimizda ham bu tajribaning aynan xitoylik mutaxassislar yordamida qo‘llanilishi aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy.

Ikkinchi masala – shiddat bilan o‘sib borayotgan o‘zaro iqtisodiy hamkorlik.

Bunda Xitoydan jalb qilinayotgan faol investitsiyalar oqimi natijasida barqaror ish o‘rinlari yaratilib, doimiy daromadga ega bo‘lgan iqtisodiy faol aholi qatlami kengayadi.

Uchinchi masala – “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi.

Tarixdan ma’lumki, savdo yo‘llari kesishgan nuqtalarda zamonasining yirik shaharlari paydo bo‘lgan. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining amalga oshishi Markaziy Osiyoga, jumladan, O‘zbekistonga G‘arb va Sharqni bog‘lovchi transport xabi bo‘lish imkoniyatini yaratadi. Bu eksport-import hajmining keskin oshishiga, ishchi kuchining erkin harakatlanishiga zamin yaratadi. Natijada yurtimizdagi ijtimoiy barqarorlikning yanada mustahkamlanishiga asos bo‘ladi.

Qayd etish zarurki, O‘zbekiston–Xitoy hamkorligining mustahkamlanishi mamlakatimizda umumiy turmush farovonligi oshishida, dolzarb ijtimoiy masalalar samarali hal etilishida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Xitoy bilan aloqalar har tomonlama mustahkamlanishi xalqimizning tarixiy an’analari va bugungi manfaatlariga to‘liq mos keladi.

Xalq demokratik partiyasi o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladigan tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish