Mahalliy Kengashlar vakolatlari ko‘paymoqda
Mahalliy Kengashlar vakolatlari ko‘paymoqda

 

Kuni kecha davlatimiz rahbari yana bir muhim hujjatni imzoladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidadir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilib, xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mahalliy Kengashlar nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida, ularga o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi.

Shuningdek, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi. Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilganligi hokimiyatlar bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning milliy darajada ijrosini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Mahalliy kengash deputatlarining ish faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tuman, viloyat kotibiyatlari tashkil etildi. Men ham ikki chaqiriq mahalliy kengash deputati sifatida shuni ayta olamanki, ilgari deputat sessiya bo‘lishini yarim soat oldin, boringki, bir kun oldin bilishi mumkin edi. Deputatlarning egasi tuman tashkiliy nazorat ya’ni kadrlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul edi. Deputatlar tuman yoki viloyat sessiyasiga kelib ishtirok etib, kun tartibiga qo‘yilgan masalalarni ma’qullab ovoz berib ketardi. Endichi? Endi esa sessiya bo‘lishini bir necha kun oldin bilishi va kun tartibidagi masalalarni deputatlarning o‘zi o‘rganib, dastlab, doimiy komissiyada muhokama qilib, so‘ng sessiyaga kiritilyapti. Deputatlar sessiyalarda so‘z olib, o‘z munosabatini bildirishmoqda. Joylarga, okruglarga borganimizda deputatlarning jonlanganligini, ishlarida siljish borligini ko‘ryapmiz. Sayyor qabul deysizmi, tadbirlar yoki amalga oshirilayotgan islohotlarda ularning ishtiroki va faolligini ko‘ryapmiz. O‘z navbatida deputatlarning ishini monitoring qilib boruvchi va muvofiqlashtiruvchi tuman va viloyat kotibiyatlari tashkil etilganligi ayni muddao bo‘ldi.

Shuning bilan birga, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlarda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat vakillik organlarini xalqning haqiqiy “ovoziga” aylantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini transformatsiya qilib, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.

Mazkur Farmonda jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilishi taklif etilayotgan vakolatlar ro‘yxati aniq ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tizimlashtirish taklif etilayotgan vakolat funksiyalari aniqlashtirilmoqda. Farmonda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l haritasi” tuzilib, ilovada keltirilmoqda.

Farmondagi yana bir muhim jihat shundaki, unda mahalliy kengashlarga vazifalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanishi va davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, hokimlar mahalliy Kengashlarga hisobdor bo‘ladi va Kengash faoliyatiga bosim o‘tkazishga va ishiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Hozirgi kunda ijro hokimiyati bilan Kengash faoliyatini hokimlar boshqaradi. Bu o‘z o‘zidan ishning samaradorligiga va mahalliy Kengash deputatlarining ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishiga salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bu yangicha tizim mamlakatimizda “Jamiyat - islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oyaning amaldagi ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.

Farmonda shuningdek, mahalliy Kengash vakolatlari va hokimlarning vakolatlari aniqlashtirilishi va ularning huquqiy asoslarini yaratish kabi bir qator vazifalar belgilangan.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi tizim va yangi mexanizm mahalliy Kengash faoliyati va ijro hokimiyatining mas’uliyatini oshirishi shubhasiz.

 

Mavjuda Hasanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish