Bolalikning katta o‘yinlari
Bolalikning katta o‘yinlari

 

Umumxalq bayramimiz Navro‘z milliy o‘zligimizning ajralmas qismidir. Ushbu betakror ayyom azal-azaldan insonlar qalbiga shodu xurramlik olib kelishi bilan birga, yaratuvchanlik zavqi va shijoatini uyg‘otib kelgan. Bayram arafasida yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan turli tantanali marosimlar, xalq sayillarini qadim an’analar o‘zgacha shukuh bilan bezaydi.

Bayram yaqin, shunday kunlarga yetkazganiga shukr, deb yana sayillar haqida o‘ylaymiz. Shu pallada xayolimga milliy o‘yinlarimiz keldi. Qiziq, biz bolaligimizda faqat Navro‘zda emas, har kuni shu o‘yinlarni o‘ynar edik.

Bolaligimizni, do‘stlarimiz, tengdoshlarimiz, aka-uka, opa-singillarimiz bilan talashib, tortishib o‘ynagan milliy o‘yinlarimiz haqida yozmoqlikka qaror qildim.

 

O‘yin aslida tarbiyadir

Ma’lumotlarga qaraganda, bolalikda o‘ylangan o‘yin kishining kamolotida muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun o‘yinlar hordiq chiqarish, maroqli vaqt o‘tkazish bilan birga tarbiyalash vositalaridan biridir. Insoniyat yaralibdi uning hayotida turli o‘yinlar paydo bo‘lgan, rivojlangan, takomillashib borgan. Keyinchalik o‘yinlar turli marosimlarga aylangan, hattoki, ular orasida san’at darajasiga ko‘tarilganlari ham bor.

Bugunga kelib biz ancha zamonaviylashib, xalqaro maydonda o‘rin topishga tobora kuch va g‘ayratimizni ko‘proq sarflayapmiz. Buning uchun avvalo bolalarimizni bir nechta xorijiy til o‘rgatyapmiz, kompyuter texnologiyalari, IT, robototexnika, muhandislik va yana boshqa ko‘plab zamonaviy kasblarga qiziqtirishga urinyapmiz. Hozir hali bir yoshga to‘lmagan bola ham uyali telefonga yopishadi, undagi rang-barang harakatlar, videolarni tomosha qiladi. Bir tomondan bu yaxshi.

Zamon bilan hamnafas bo‘lish, u berayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish yaxshi, hatto bu ehtiyoj va talabdir. Lekin me’yorni ham unutmaslik kerak. Bugun aksariyat bolalar onlayn o‘yinlar, virtual hayotga shu qadar ishonadiki, tashqaridagi haqiqiy hayotni unutib qo‘ymoqda.

Ta’lim-tarbiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri jismoniy tarbiya sanaladi. Tabiatning barcha omillari, ya’ni quyosh, suv, havo singari harakat o‘yinlarining ham tarbiyada ahamiyati beqiyosdir. Chunki o‘yinlarda inson hayoti, boshidan kechirayotgan voqea-hodisalar va ularga nisbatan munosabat namoyon bo‘ladi. Bular esa bolalarda odob, axloq, jasurlik, mardlik, vatanparvarlikni tarbiyalashda katta hissa qo‘shadi.

Deyarli barcha harakat o‘yinlari aqliy, estetik, mehnat va axloqiy tarbiyaga uzviy bog‘langan bo‘ladi. Shu asosda bolalar nutqini o‘stirish, til boyligini kengaytirish, zukkolik, quvnoqlik, xursandlik kabi ruhiy emotsional holatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Pedagog olimlardan milliy o‘yinlar borasida gap ketganda ularning inson tarbiyasidagi ahamiyati naqadar katta ekaniga e’tibor qaratgan. Xususan, milliy o‘yinlar har bir millatning qadriyatlari ko‘zgusi ekani e’tirof etiladi.

Masalan, milliy o‘yinlarda mag‘lub bo‘lgan raqib ustidan masxara qilish mumkin bo‘lmagan. Aksincha, o‘yindagi raqibning xatosi yoki kamchiligi birga hal etilgan. Shu sababli ham o‘rtada adovat emas, haqiqat, mahorat va iroda bellashgan.

Bolalar o‘yin paytida ijodiy faoliyat ko‘rsatish orqali o‘zlaridagi tashkilotchilik qobiliyatini ham shakllantirib borgan. Ayniqsa, jamoaviy o‘yinlarda bu yaqqol aks etgan. Misol uchun, yetakchi va aqlli bolalar maqsadga erishish yo‘lida o‘rtog‘iga yordam berishni o‘rgangan va bu borada to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmasini oshirgan. Bu esa ijodiy tashabbuskorlik sanaladi.

 

Eramizdan avvalgi o‘yinlar

Folklorshunoslarning yozishicha, tarixiy manbalarda xalq o‘yinlarining kelib chiqishi hamda rivojlanishiga doir qiziqarli hikoyalar, voqealar talaygina. Ayrim olimlar xalqimiz sevib o‘ynagan o‘yinlar eramizdan avvalgi davrlarga borib taqalishini ham asoslab bergan. Ularning fikrini arxeologik, etnografik, folklor va boshqa manbalar to‘la-to‘kis tasdiqlashiga taalluqli manbalar mavjud. Ulardan birida yozilishicha, saklar, massagetlar va boshqa qabilalardagi o‘yinlar, musobaqalarni bugun ham xalqimiz sevib o‘ynaydi. Otlar ishtirokidagi yoki kurash uslubidagi o‘yinlar ana shular jumlasidandir.

Kurash, ko‘pkari singari o‘yinlar qadimdan saxovat belgisi sifatida qaralgan. Sababi, o‘sha paytlarda mashhur uloqchilar, polvonlar va boshqa ishtirokchilar tez-tez musobaqalar o‘tkazib, to‘plangan mablag‘ yoki sovrinni yetim-yesirlar, ko‘p bolali oilalar hamda qariyalarga hadya etgan.

Shuningdek, bolalar o‘rtasida mumtoz o‘yinlar ham bo‘lgan. Ular tarixiy hujjat sanaladi. Masalan, «Quvlamachoq», «Berkinmachoq», «Ko‘kterak», «Besh tosh», «Lanka», «Podachi», «Chavandoz», «Chillik» kabi milliy o‘yinlar bo‘lgan. Bir nomdagi o‘yinlar turli hududlarda turlicha usulda o‘ynalgani ham fakt. Shuningdek, bir viloyatda uchragan o‘yinlar boshqa joyda uchramasligi yoki kamdan-kam kuzatilishi ham mumkin.

Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Guljahon Mardonovaga ko‘ra, «Qarmoqcha» o‘yini shofirkonlik bolalarning ijod mahsulidir. U baliq ovi haqida bo‘lib, baliqchi ham, baliqlar ham bolalarning o‘zi. Ovchi obrazidagi bola yarim cho‘k tushgancha qo‘llari bilan uchiga qum to‘latilgan qopcha o‘rnatilgan arqonni aylantira boshlaydi. Bolalar esa ramziy ma’nodagi qarmoqqa tushib qolmaslik uchun jon holatda sakraydilar.

 

Mag‘lubiyat ham tarbiyalaydi

Shoshtepalik bolalardan yozib olingan «Joyingni top» o‘yini ham ularning kashfiyoti. Tevarak-atrofdagi kattalar, tengdosh bolalar hayoti, faoliyati bu o‘yin mazmuni uchun asos bo‘lgan. O‘yinda qisqa masofa belgilangan. Har bir bola to‘g‘ri to‘rtburchak ichida tez va chaqqon harakat qilib o‘zi istagan burchakni egallashi kerak. O‘rtada turgan qorovul esa bunga yo‘l qo‘ymaslikka intiladi. To‘rtta burchakni ishg‘ol etgan bolalar uning qo‘liga tushmaslikka harakat qiladi. Qorovul qaysi bolani ushlab olsa, u bilan o‘rin almashadi.

Boysunlik bolalar bahor fasliga tegishli «Chuchmomo» o‘yini muallifidir. O‘yinda o‘g‘il va qiz bolalar ishtirok etadilar. U bahor boshlanishi, tabiat uyg‘onishi bilan bog‘liq bo‘lib, boshidan to oxiriga qadar vosita sifatida chuchmomo ishlatiladi. Bu esa yana ko‘klamga eson-omon yetganlik, shukronalik belgisidir. «Chuchmomo» o‘yinida ishtirok etish uchun jismonan baquvvat bo‘lish kerak.

Xalqimiz azaldan tabiatni ardoqlagan. Turna, qarg‘a, olmaxon, laylak bilan bog‘liq o‘yinlar xalqimiz bisotida talaygina. Milliy o‘yinlarni o‘rganar ekansiz ularning aksariyatida toshning ishtirokini ko‘rasiz. Ular orasida qizlar o‘ynaydiganlari ham bisyor. Harakatli o‘yinlar bo‘lib, asfaltga chizilgan kataklar va raqamlar bilan janubiy viloyatlarda «Happak», vodiy taraflarda «Lappak», mayda toshchalar bilan «To‘p tosh», bir nechta ishtirokchi va koptok yordamida «Jambil» kabi o‘yinlar sevib o‘ynalgan.

Umuman, har bir hududning o‘ziga xosligi bo‘lgani kabi o‘yinlari ham shunga ko‘ra ommalashgan.

 

Dor o‘yini

Bumayram SOBIROVA,

O‘zbekiston XDP Farg‘ona tuman kengashi raisi:

— Shohimardonda yo‘qolib ketayotgan bir qancha milliy urf-odat, an’analarimiz saqlanib qolgan. Ana shunday avloddan avlodga o‘tib, kamol topayotgan an’analardan biri polvonlik va dorbozlik o‘yinlaridir. Qadimdan Shohimardon polvon va dorbozlari yurtimiz va jahonning ko‘plab davlatlarida bo‘lib, o‘zlarining kuch va mahoratlarini namoyish etganlar.

Ayni paytda Shohimardon markazidagi ikkita dor maydonida navbat bilan 3 ta polvonlik va dorbozlik truppalari o‘z san’atini namoyish etmoqda. Bular Lochin Usmonovning nabiralari, Tursunali polvon hamda Ahad polvonning dorbozlik truppalaridir.

Avval kattalar o‘z mahoratini namoyish etadi. Keyingi navbat eng yosh polvonlarning o‘yinlariga beriladi. Bunda 8-10 yoshli polvonlar polvontoshlar, turli akrobatik o‘yinlar bilan tomoshabinlarni bahramand etishadi. 32 kilolik toshlarni yuqoriga ko‘tarish, otib o‘ynash, yarim doira shaklida o‘zidan 6-7 baravar og‘ir yukni ko‘tara olish, avtomobil tortish, pichoqli narvonlardan ko‘tarilish, yuqoridan shishali yerga sakrash, olov halqalardan akrobatik usulda sakrab o‘tish, olov ustida yurish kabi tryuklar bajariladi.

Ba’zi tomoshalar kechqurun ham davom etadi. Tomoshaning oxirida asosiy o‘yinlardan biri – dor boshlanadi. Boshlovchi muxlislarni o‘z e’tiboriga qaratib, dorga chiqib ketayotgan dorbozga oq fotiha beradi. Dorboz 10 kilolik langarni ko‘tarib muvozanat saqlagancha dorga ko‘tariladi.

Tursunali polvonning so‘zlariga ko‘ra, odamlarda ixlos bo‘ladi polvonlarga nisbatan. Ularning ixlosini so‘ndirmaslik, saqlab qolish qiyin masala. Shuning uchun u shogirdlariga bilagida kuchi bor odam, hamisha aqlini ishga sola bilishi, odamlarga kamtarlik bilan munosabatda bo‘lishi shartligini ta’kidlaydi.

 

«Mak-mak»

Shahlo XUDOYQULOVA,

O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashi bo‘lim boshlig‘i:

— Yoshligimizda bayramda dugonalar bilan ko‘rishish va shu asnosida to‘dalashib o‘yinlar o‘ynash imkoni paydo bo‘lardi. Ular orasida eng osoni «5 tosh» deb atalib, 5 ta toshni har xil shaklda qo‘ldan qo‘lga o‘tkazish, to‘p yordamida 2 guruhga bo‘linib, o‘rtaga kirgan raqiblarni to‘p bilan urish, rezinka yordamida o‘yin qismlarini o‘zimizcha 1 dan 11 gacha bo‘lgan holda sakrab raqiblardan o‘zib ketish kabi harakatlar bilan kun kechikib qolganini ham sezmasdik.

Yerga raqamlarni chizib, tosh otib, bir oyoqda yoki ikki oyoqda bo‘lsin sakrab-sakrab «mak-mak» deb atalgan o‘yinning qoidasiga ko‘ra belgilangan manzilga yetib borish kabi harakatlarni bajarardik.

Telefon va gadjetlar yo‘q zamonda mehr-oqibat ham boshqacha edi. O‘yinlar ham juda sodda va tabiiy bo‘lib, ular bolalarni o‘zaro biriktirib, birga mehnat qilish, birga yasash va bir-biriga ulashish, do‘stlik va hamjihatlikni tarannum etardi. Bayramlar do‘stlar va ular bilan o‘ynaladigan o‘yinlar sabab yanada zavqli edi.

Istardimki, farzandlarimiz yugursin, quvlasin, sakrasin, kulsin, kuylasin, umuman, ko‘proq harakatda bo‘lishsin. Bunda esa biz kattalarning o‘rni va e’tibori talab etiladi.

 

«Oq sholi va ko‘k sholi»

Nigora SAFAROVA,

Buxoro davlat pedagogika instituti professori:

— O‘zbek folklorining boshqa janrlari kabi bolalarning an’anaviy o‘yinlari ham o‘ziga xos tarixiy-genetik ildizlarga va badiiy tadrijga ega. Ularning badiiyatida rang ramziyliklarining ham alohida o‘rni bor.

Aytaylik, bolalar o‘rtasida keng tarqalgan «Oq terakmi, ko‘k terak», «Oq sholi, ko‘k sholi», «Bo‘yoqlar» singari o‘yinlar shular jumlasidandir. Ularda ibtidoiy ajdodlarimizning ranglar haqidagi mifologik qarashlari o‘z aksini topgan. Bu o‘yinlar uzoq zamonlardan beri bolalar repertuarida yashab kelmoqda. Ular haqida o‘zbek bolalar folkloriga bag‘ishlangan deyarli har bir ishda ma’lum fikr bildirib o‘tilgan.

Jumladan, «Oq terakmi, ko‘k terak» o‘yini ibtidoiy insonlarning daraxt topinchiga ishonchi, qadimiy marosimlar, oq va ko‘k ranglariga nisbatan magik-e’tiqodiy qarashlari asosida kelib chiqqanligi aytilgan, «Oq sholi, ko‘k sholi» o‘yinining genezisi faqat rang ramziyliklari bilan bog‘liqdir.

Ammo keyingi kuzatishlarimiz va tadqiqotlarimiz jarayonida uzoq davrlardan beri sholikorlik bilan keng shug‘ullanib kelayotgan Xorazm xalqi bolalari orasida hamon faol o‘ynalib kelinayotgan bu o‘yinning genezisi ko‘proq qadimgi insonlarning mavsumlarni ranglar vositasida talqin qilishga aloqador tajribasi asosida shunday nomlaganligi ravshanlashdi.

Binobarin, «Oq sholi, ko‘k sholi» o‘yinida sholining yaxshi yoki yomon hosil berganligiga ishora qiluvchi ma’no yetakchilik qiladi. Bunda «oq sholi» oppoq, bo‘liq, sifatli, yaxshi guruch donalarini anglatsa, «ko‘k sholi» birikmasi kasallangan, qoraygan, sifatsiz guruch donalariga yoki kurmakka nisbatan qo‘llangan. Mazkur ranglarda ham qadimgi insonlarning oq va ko‘k ranglar haqidagi mifologik tasavvurlari, jumladan, oq rangda baxt, omad, yorug‘lik, yaxshilik, ko‘k rangda esa mangulikka yetaklovchi ramziy ma’nolar aks etgan.

Navro‘z kunlari bolaligingizni, tabiatga yaqin bo‘lgan paytlaringizni eslang, nabirangiz, farzandingiz, uka-singillaringiz bilan birga tabiatdagi shukuhdan bahra oling. Qarang, tashqarida osmon bo‘yi hayot jo‘sh urmoqda.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 20.03.2023, №11-12

 

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish