Vatanparvarlik odamlarni, oddiylikni hurmat qilishdan boshlanadi
Vatanparvarlik odamlarni, oddiylikni hurmat qilishdan boshlanadi

 

Qoraygan, qavargan, chiniqqan qo‘llar, changi qotgan, ajinlagan yuzlar, quyoshda, shamolda oxori kamaygan kiyimlar, iymangan va samimiy nigohlar...

Shunday insonlarni tushunmasdan, turmushi va tafakkurini his qilmasdan, ularning yaqinida bo‘lib, yordam berib, xizmat qilish zavqini tuymasdan, davlat odamiman, mutaxassis, mutasaddi yoki amaldorman, deb gerdayishdan ma’no yo‘q.

Bugun dunyodagi, yaqin­atrofdagi, O‘zbekistondagi, mahallayu xonadonlardagi muhit, vaziyat, otalardagi g‘amxo‘r o‘ychanlik, onalardagi bezovta jonkuyarlik to‘g‘risida fikrlamagan, o‘zgarish, yangilanish uchun fidoyilik zaruratini ilg‘amagan, anglab ololmagan, anglasada tan olmagan mulozimu mutaxassis kamida uyalishi kerak.

Xalq bilan muloqot qilish, murojaatlarga yechim topishga undalgan siyosatning bosh ma’nolaridan biri odamlarni tushunishga, tushuntirishga imkoniyat yaratish hamdir. Pastga tushish ko‘proq quyoshli, ba’zida changli, gohida yomg‘irli, bahorda yoniq gulli hayotga, sokin mahallaga, taqir-tuqur ro‘zg‘orlarga, kamtaringina dasturxonlarga yaqin bo‘lish, ularning asl tarovatini tuyish, shundan keyin mutaxassisu mulozimlik qilish, hujjatu nizomlar tayyorlash mas’uliyatini sezdirish hamdir.

Keyingi bir necha yilda mamlakatda qancha o‘zgarish, yangilanish bo‘lgani haqida birovga soatlab, kunlab gapirish mumkin. Lekin hech qanday izhor odamning qo‘li bilan tutib ko‘rgani, qalbi bilan his etganiga yetmaydi.

Xudoga shukrki, xalqimizni tushunadigan, turli hududlardagi, qishlog‘u ovullardagi hayotni changu loyi bilan birga yaxshi ko‘radigan, oddiylik va to‘g‘rilik hikmatini o‘tkinchi narsalardan ustun qo‘yadigan davlat xizmatchilarining yangi avlodi shakllanib bormoqda.

Ular taqir yerda yetilgan kamtarona hosildan, gul o‘rab, to‘rtta meva tutgan ko‘chatdan, shijoat bilan yasalgan o‘roq dastasidan, mehr qo‘shib tikilgan kashtalardan, onasiga zo‘rg‘a ergashayotgan qo‘zichoqlar intilishidan, yana ko‘plab oddiy va buyuk hodisalardan zavqlanishni bilishadi. “Pastga tush”, “mahallaga bor”, “uyma­uy yur”, “chorasini topib, yordam ber”, degan topshiriqlarga ular imkoniyat, elga xizmat mas’uliyati va majburiyati deb qaraydi.

Va, albatta, xalq bilan davlat o‘rtasidagi mustahkam aloqani, ishonch va samimiylikni shunday xizmatchilar tutib turadi, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Aslida ular haqida gapirish, iliq so‘z aytib, maqtash ham shart emas. Ular xizmatni qilib, natijadan kuch olib, indamay ishlab yuraveradi.

Lekin, afsuski, real hayot bilan hamnafas bo‘lish, odamlar bilan muloqot qilib, ularga samimiy xizmat qilish, qo‘ldan kelgancha amaliy yordam berish, qo‘llab­quvvatlash bo‘yicha berilgan vazifalarni yaxshi tushunmasdan, buning mas’uliyatini anglamasdan yoki anglashni istamasdan, topshiriqlarga yuzaki yondashayotgan, davlat omonat sifatida bergan vakolat va imkoniyatni birovdan meros qolganday sezib, bo‘lmag‘ur ishlar kayfiyati domiga tushib qolayotgan xizmatchi kimsalar, adashgan mutaxassisu mulozimlar ham bor.

Odamlarning oldiga borib, mahallalar, xonadonlarda yurib, chiroyli rasmga tushishning “pir”i bo‘lib ketgan ishtiyoqmandlar, qog‘oz to‘ldirish, ko‘rimli jadvallar yasash uchungina yugurib yurganlar ikki tomonlama ziyon keltirishi haqida o‘ylamasa kerak.

Sodda va samimiy odamlar rasmiy mutaxassisu mulozim qiyofasida avvali davlatni ko‘rib tushunadi. Uning har bir gapi, va’dasi va mulohazasini davlatniki, deb qabul qiladi. To‘g‘ri bo‘lsa, davlat to‘g‘ri ekan, nomiga uchrashsa, davlatniki ham nomiga ekan, deb o‘ylashi mumkin.

Davlat xizmatchisining yana bir muhim funksiyasi bor. U qonun-qoidani tushuntirish, yordam berish, qo‘llab-quvvatlash asnosida fuqarolarning dunyoqarashi, fikri, o‘ziga va hayotga munosabatini ham o‘zgartira olishi kerak. Nomiga yurib, nomiga majlis o‘tkazib, hududlarga, mahallaga nomiga, o‘lganning kunidan borib keladigan mutaxassisu mutasaddilar odamlarni ruhlantirish, to‘g‘ri dunyoqarashni shakllantirish o‘rniga, teskarisiga sababchi bo‘lishi mumkin.

O‘zingiz o‘ylang, 10 mingta mahallaga beshlik, yettilik tizimini yaratib berish, ularni har tomonlama ta’minlash, o‘ziga, yangilanishga ishonchini, tiriklikka, kerak bo‘lsa, yorug‘ olamda baxtli yashashga hafsalasini ko‘tarishga muhtoj ming-minglab odamlarni ruhlantirish, taqir tomorqalarda bir­ikki dona giyoh undirish osonlik bilan bo‘layotgani yo‘q.

Bu ishlarning boshida, tag zaminida oddiylikka mehr, odamlarga samimiy hurmat, xalqqa xizmat qilish saodati turibdi. Qalbda uchqun bo‘lmasa, qizargan yuzlar, qavargan qo‘llar oldida mas’uliyat sezilmasa, davlat odamiman, el xizmatidaman, deb ovunishdan hech bir ma’no chiqmaydi.

Xizmatchilarning shunday toifasi ham shakllanmoqdaki, ular sodda odamlarning savollariga, juda jo‘n masalalarda maslahat va yordam so‘rashiga, kichkina narsa uchun ko‘p minnatdorlik bildirishiga dimog‘dorlik, ozgina man­manlik kayfiyati bilan qarashni boshlashgan. Ayrim mulozimlar yo‘l uchun, yetkazilgan suv, ta’mirlangan maktab uchun minnatdorlik kutishgacha borib yetishadi.

Odamlarni hurmat qilmaslik, elga nopisand qarash uzoq tariximizda ham, yaqin tariximizda ham yaxshilik keltirmagan, aksincha, ko‘p og‘ir muammolarni qoldirgan. Shuning uchun bepisandlik holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Xalqimiz bilan yuzma­yuz ishlayotgan har bir xizmatchi qizargan yuzli, qavargan qo‘lli shu xalq, oddiy odamlar bo‘lmasa, davlat ham, vakolat ham, martaba, mansabu mulozamat ham hech qanday qiymatga ega bo‘lmay qolishini anglab olishi nihoyatda muhim.

Keyingi bir necha oyda qancha amaldor, qancha hokim almashdi, o‘zgardi? Qancha xizmatchi mulozim bo‘lmag‘ur, mayda ishlarga berilib, kameraga tushdi, oilasini, yaqinlarini uyaltirdi, omonatga xiyonat qildi?

Amaldorlar almashgani, mas’ullar yangilangani vazifalar, mas’uliyat ko‘lami kengayib borayotganidan. Joylarda demokratik boshqaruv sari bosqichma­bosqich qadam qo‘yilmoqda. Jarayon izchil va samarali tashkil etilsa, xizmatchilar faoliyati bo‘yicha asosiy nazorat jamoatchilik, fuqarolar irodasiga o‘tadi. Bu strategik natija bo‘ladi, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishda davom etishiga ishonch va tizim mustahkamlanadi.

Dunyo har kuni murakkablashmoqda. Davlatlar, xalq va millatlar tarixning istalgan pallasida katta sinovlarga duch kelishi mumkin.

“Tahlika nima bo‘lishidan qat’i nazar, agar biz odamlarimizni rozi qilsak, o‘sha tahdidga tayyor bo‘la olamiz. Barqaror va tez sur’atlarda o‘sadigan iqtisodiyot kerak. Yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari kerak. Eksport kerak. Bularning hammasi uchun fidoyilik va vatanparvarlik kerak”.

O‘zini, tasavvuridagi olamini qishlog‘u ovullardagi yurtdoshlarimizning taqir­tuqur ro‘zg‘ori, kamtargina dasturxonidan uzoq yoki ayro o‘ylayotgan, davlat bilan xalqning o‘rtasidagi rishtalar qanchalik nozik ekanini ilg‘amayotgan amaldoru mulozimlar davlat rahbarining bu gaplari haqida xayolni bir joyga qo‘yib o‘ylab olishi muhim.

Xalq bo‘lmasa, davlat ham, amalu martaba ham, uning ro‘zg‘ori but, iqtisodi tetik bo‘lmasa, daromadu xotirjamlik ham bo‘lmaydi. Bir kuni bir katta amaldor ezilib, “uzoq qishloqdagi bir oilaning katagida tovug‘i ko‘paygani mamlakat iqtisodiyotiga nimayam ta’sir qilardi, shuncha ovoragarchilik shartmidi”, deganday savolomuz gapiribdi. Bir qarasang, savolida jon borday. Lekin kengroq o‘ylab qarasang, mamlakatning ulkan ro‘zg‘ori minglab, millionlab kichkina ro‘zg‘orlar bilan chambarchas bog‘langan. Ro‘zg‘orlarda bir shoxda meva, bir ildizda kartoshka kamaysa, davlatga ta’siri bilinadi.

Albatta, bu gaplarni davlat xizmatidagi ko‘pchilik yaxshi tushunadi, ko‘nglidan o‘tkazib his qiladi. Biz ko‘proq tushunmaganlar, anglashga qiynaladiganlar uchun eslatishga, yordam berishga harakat qilamiz.

Vatanparvarlik, fidoyilik haqida gapirish oson emas. Bu tuyg‘ularni tushuntirish yanada qiyin. Odam qayerda bo‘lmasin, o‘zi qilayotgan ishini, vazifasini sidqidildan bajarsa, yolg‘on, qing‘irlik aralashtirmasa, dehqon urug‘ qadab, vaqtida suv quysa, cho‘pon qo‘yini vaqtida o‘tlatib tursa, shuning o‘zi katta gap, buyam bir vatanparvarlik.

O‘zini hurmat qilgan odam avvali o‘zini aldamaydi, ro‘zg‘orini, hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yadi, tomorqasini qarovsiz, bo‘sh yerini daraxtsiz qoldirmaydi, farzandlariga namuna bo‘lish haqida o‘ylaydi, vazifasini to‘g‘ri bajaradi, to‘g‘ri qilingan ishlar yaxshiliklar yaratadi. O‘zimizni hurmat qilish oilamiz, yaqinlarimiz, davlat va jamiyatimiz uchun ham juda muhim ekan. Shu tuyg‘u hammamizga ko‘proq nasib etsin.

 

To‘lqin To‘raxonov.

«O‘zbekiston ovozi», 17.04.2023, №16

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish