Inson ruhiyatiga tahdid solishga yo‘l qo‘yilmaydi
Inson ruhiyatiga tahdid solishga yo‘l qo‘yilmaydi

 

Koinot gultoji insondir azal,

Undadir eng oliy tafakkur amal.

U hatto tubanlik ichra ham tanho,

Yo, falak, ijoding buncha mukammal.

Abdulla ORIPOV

 

Ba’zida inson o‘zi yashayotgan muhit, boshidan o‘tkazgan voqea-hodisalar oqibatida shunday holatga tushadiki, yaqinlari, qarindoshlari yoki hamkasblaridan hech biri yordam bera olmaydi.

Mutaxassis, psixologga murojaat qilish hozir tanqid qilinadigan narsa emas. Aksincha, psixologlarning roli hozir kun sayin ijobiy tomonga rivojlanib bormoqda. Nafaqat ijtimoiy muammolar sohasida, balki davlat ahamiyatiga molik darajalarda ham malakali mutaxassislarga ehtiyoj ortib bormoqda.

Psixologiya fanining keng qo‘llanila boshlashi inson omilini har qachongidan yuqori saviyaga ko‘tarib, uning kuchi, idroki, salohiyati, ruhiy hamda ma’naviy barkamolligini bevosita taraqqiyot, rivojlanish va sivilizatsiya bilan uzviy bog‘ladi.

XXI asrning o‘ziga xos ruhiyati bor. Rivojlangan dunyoda psixologlar 300 dan ortiq yo‘nalishda ish olib boryapti. O‘zbekistonda ham ko‘plab sohalarga psixologik xizmatlar kirib keldi. Maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’limgacha psixologlar faoliyat olib boradi. Tibbiyot muassasalari, mudofaa, ichki ishlar, prokuratura sohalarida psixologik xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatimizda bugungi kunda psixologiya yo‘nalishida maslahat berish, onlayn va oflayn formatda seminarlar o‘tkazish orqali xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati keng tarqalmoqda.

Biroq, ushbu ijtimoiy munosabatlarning huquqiy asoslari aniq belgilanmagan. Masalan, xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarga nisbatan talab belgilanmagani, psixolog yordam ko‘rsatish sifati va mazmuniga hamda psixologning xulq-atvoriga nisbatan talablar nazarda tutilmagani, psixologik faoliyat bilan shug‘ullanish sohasini boshqarish va nazorat qilish tartibi mavjud emasligi, malakaga ega bo‘lmagan shaxslarning insonlar ongiga turlicha ta’sir o‘tkazishi oqibatida salbiy holatlarga sabab bo‘lmoqda.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘pincha ayollarga ruhiy ta’sir o‘tkazish ommalashib bormoqda va bu holat ba’zi hollarda oila mustahkamligini yemirmoqda. Biz sharq madaniyatida tarbiya topgan xalq sifatida jamiyat barqarorligiga xavf soluvchi ta’sirlardan aholini, ayniqsa, yoshlarni himoya qilishimiz shart.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida''gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, psixologiya yo‘nalishidagi maslahat, o‘quv-trening kurslari, seminarlar insonning ruhiyati, sog‘lig‘i, harakati, oilaviy munosabatlariga ta’sir o‘tkaza olishi sababli ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslardan bilim-malaka va tajriba talab qilinishi, 2-3 oylik o‘quv kurslarini tugatib faoliyat yuritayotgan «psixologlar» faoliyatiga chek qo‘yilishi, xususiy tartibda faoliyat olib boruvchi psixologlarda malaka sertifikati bo‘lishi kerakligi kabi me’yorlar belgilanmoqda.

Qonun loyihasi bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishni huquqiy jihatdan tartibga solish, jumladan, psixologik yordam ko‘rsatish borasidagi asosiy tushunchalarning mazmunini huquqiy jihatdan belgilash, psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy qoidalari, standartlari, tartibini joriy etish, ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini belgilash, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalarini aniqlashtirish, psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional uyushmalar faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish, ta’lim tashkilotlarida psixologik yordam ko‘rsatish, qolaversa, huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilash nazarda tutilmoqda.

Inson qalbini go‘zal qiladigan, insoniylik his-tuyg‘ularini uyg‘otadigan narsa bu – ma’naviyat. Ma’naviyat, garchi u barcha odamlarga xos bo‘lsa-da, hech o‘zgarmaydigan, doimiy o‘lcham, deb bo‘lmaydi. Yuksak ma’naviylik O‘zbekiston xalqi intilayotgan ustuvor maqsadlardan biridir. Ezgu maqsadimiz yo‘lida to‘siq bo‘ladigan har qanday salbiy holatlarning oldini olish, insonlarga zarar yetkazadigan harakatlarni qonun yo‘li bilan cheklash demokratik jamiyat asoslaridandir.

 

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 10.07.2023, №27

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish