
Bu savolga birgina jumla bilan, ya’ni, parlamentda, deb javob berish mumkin. Ammo qanday «tug‘ilishi» haqida so‘ralsa, bir necha bosqichli, murakkab jarayon ko‘z oldimizda gavdalanadi.
Bilamizki, har bir tizim ma’lum bir mexanizm asosida, belgilangan tartib-qoidalarga rioya etish orqali o‘z faoliyatini olib boradi. Ta’kidlash kerakki, Oliy Majlis palatalari ham ayni shu mezonlarga bo‘ysunadi. Ya’ni, Qonunchilik palatasi qonunlarni bir necha bosqichda ko‘rib chiqadi, Senat esa ularni tasdiqlaydi. Quyi palata qo‘mitalarida, fraksiyalarda mutaxassislar, ekspertlar bilan birgalikda bizga ko‘rinmagan uzoq yo‘lni «bosib o‘tgan» qonun loyihalari palata majlisiga kiritiladi.
Kecha Qonunchilik palatasi majlisida ham ana shunday loyihalarning bir qanchasi navbati bilan ko‘rib chiqildi. Deputatlar fikrlari, savol-javoblari, fraksiyalar esa pozitsiyalari bilan ularning qay biriga ko‘proq, qay biriga kamroq «hujum» qildi.
Shiorlardan iborat takliflar emas, aniq mexanizm kerak
Bola huquqlarini ta’minlash davlat siyosatining muhim strategik yo‘nalishi sanaladi. Yurtimizda ham bu borada muayyan chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bog‘liq 40 dan ortiq hujjatlar qabul qilingan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi me’yorlar kiritildi. Natijada bolaning jismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlatning ijtimoiy majburiyatlari kengaytirildi.
Palata majlisida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning 2024-yildagi bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonovaning aytishicha, 2024-yilda 35 ta shaxsiy qabullari tashkil etilgan bo‘lib, ularda jismoniy va yuridik shaxslardan 160 ta murojaat tushgan. Murojaatlar tahlili va monitoringi asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan ta’sir hujjatlari orqali munosabat bildirilgan. Xususan, 9 ta ogohlantirish, 3 ta taqdimnoma, 18 ta xulosa va 6 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan. Bola huquqlari sohasidagi qonunchilikda mavjud muammolar tahlili negizida davlat organlari va tashkilotlarga 40 ta tahliliy axborot yo‘llangan.
Ma’ruzaga ko‘ra, 2024-yilda fuqarolarning murojaatlari va bolalarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarga oid sud xabarnomalari asosida Bolalar ombudsmani va uning kotibiyati xodimlari 46 ta fuqarolik, jinoiy va ma’muriy ishlar yuzasidan sudlarda kuzatuvchi sifatida qatnashgan.
Deputatlar bolalarning shaxsan o‘zidan ham murojaat bo‘lgan yoki yo‘qligiga oid masalada ma’lumot so‘radi. Vakilning ta’kidlashicha, 8 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalardan hisobot davrida 44 ta murojaat kelib tushgan. Afsuski, har uchinchi murojaat bolaga nisbatan zo‘ravonlikka oid. Xususan, bolalar ta’lim muassasasi yoki oilada zo‘ravonlikka duch kelayotgani ifodalangan.
Shuningdek, bolaning bilim olish yoki oilaviy muhitga bo‘lgan huquqi cheklanayotgani yuzasidan ham murojaat qilingan. Ayrimlarida bola sudda ishtirok etgan bo‘lsa-da uning ovozi inobatga olinmaganiga oid masala ham o‘rin olgan. Bunday murojaatlarni hamda unga oid bo‘lgan sud hujjatlarini o‘rganish natijasida sud qarorlariga protest kiritish to‘g‘risidagi iltimosnomalar ham yuborilgan. Voyaga yetmagan qizlarni majburan turmushga uzatishga urinish holatlari ro‘y bergan va ular doimiy nazoratga olingan.
Aytish kerakki, ushbu masala avvalroq O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida atroflicha muhokama qilingan edi. Deputatlar ma’ruza bo‘yicha o‘z savollari, biroz keskin taklif va munosabatini bildirdi.
Jumladan, inklyuziv ta’lim tizimini ham chuqurroq o‘rganish lozimligiga e’tibor qaratildi. Xususan, fraksiya a’zosi Irina Tokareva bu boradagi o‘rganishlariga to‘xtalib o‘tdi. Ya’ni, maktablarda nogironligi bo‘lgan bolalar bilan maxsus sertifikatga ega bo‘lgan mutaxassislar emas, oddiy o‘qituvchilar ishlayotgani ma’lum bo‘lgan. Ayrim ko‘zbo‘yamachiliklar, nogironligi bo‘lgan bolalarning darsga qatnashi bilan bog‘liq muammolar ham Bolalar ombudsmanining hamisha e’tiborida bo‘lishi zarurligiga urg‘u berildi.
Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, 2024-yilning yanvar oyidan boshlab, Ijtimoiy himoya agentligining hududiy boshqarmalarida yagona psixologik-tibbiy pedagogik komissiyalar shakllantirildi. Aynan ularning bergan xulosasi asosida bolalarni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi yoki umumiy tartibdagi muassasada o‘qishiga oid masala hal qilindi.
«Shu bilan birga, Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligiga inklyuziv sinflar borasida o‘z pozitsiyasini bildirgan. To‘g‘ri, bugungi birlamchi bosqichda inklyuziv sinflar soni oshib bormoqda. Lekin inklyuziv ta’limning sonidan sifatiga o‘tish jarayoni birgalikda olib borilishi shart», — dedi Bola huquqlari bo‘yicha vakil.
Quyi palata majlisida boshqa partiyalar qatori XDP fraksiyasi ham o‘z pozitsiyasini bildirdi. Unga ko‘ra, Bolalar ombudsmani instituti bugungi kunda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2024-yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida»gi qonuni asosida Bolalar ombudsmanining davlat va jamiyat hayotida ta’sir choralari hamda imkoniyatlari ortib borayotgani ma’ruzada aks etgan.
Natijada kelib tushgan murojaatlarning 84,3 foizi Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Shuningdek, davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishiga qo‘l qo‘yilgani yuzasidan ta’sir hujjatlari orqali munosabat bildirilib, 1 ta ogohlantirish, 6 ta xulosa, 6 ta sud hujjati ustidan protestlar keltirish to‘g‘risidagi iltimosnomalar kiritilgan.
Hisobot davrida Bolalar ombudsmani tomonidan bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani holatlarini o‘z tashabbusiga ko‘ra tekshirish bilan bog‘liq materiallar asosida Oliy Majlis Senatiga 5 axborot, bola huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish borasida mahalliy hokimiyat organlari tomonidan chora-tadbirlar ko‘rilishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga 6 ta, boshqa davlat organlariga 981 ta so‘rov kiritilgan.
Ayniqsa, Bolalar ombudsmani institutining mahalliy hamda milliy darajadagi siyosatni ishlab chiqishda bolalar va yoshlarning manfaatlariga ta’sir ko‘rsatadigan qarorlar qabul qilishda ularning fikrini inobatga olish ko‘zda tutilgan. Buning uchun amaliyot hamda mexanizmni kuchaytirish uchun 18 ta aniq maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasidagi faolligi alohida e’tirof etildi.
Biroq amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, Bolalar ombudsmani keyingi faoliyatida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar ham bor. Partiya fraksiyasi bu boradagi o‘z fikrlarini bildirdi.
Birinchidan, ma’ruza so‘nggida keltirilgan takliflarning aksariyati umumiy ko‘rinishga ega bo‘lib, uni amalga oshirish mexanizmlarini aniq tarzda belgilash lozim.
Ikkinchidan, hisobotda keltirilgan 18 ta amalga oshirilgan maqsad va vazifalar ko‘rsatilgan takliflar bilan mantiqan mos kelmaydi.
Uchinchidan, ularning ayrimlarida ijtimoiy ahamiyati jihatidan muhimroq bo‘lgan mavzularga urg‘u qaratish lozim. Xususan, fraksiya bolalarning inklyuziv ta’lim olish borasida buzilgan huquqlarini ta’minlash masalasini ma’ruzada tavsiya etilayotgan bolalar raqamli savodxonligini oshirish borasidagi tashabbuslaridan muhimroq, deb hisoblaydi.
To‘rtinchidan, Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risidagi qonunda belgilangan vazifalar doirasida amaliy ishlar, jumladan, aholi o‘rtasida bola huquqlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazish, shuningdek, bola huquqlari amalga oshirilishi to‘g‘risida statistik ma’lumotlar tahliliy-tanqidiy jihatdan yetarli darajada emas.
Beshinchidan, fraksiya fikricha, hududlarda bolalarning huquq va erkinliklarini ta’minlash va qonun buzilish holatlarini bartaraf etishda mintaqaviy vakillarning o‘rni juda katta. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z navbatida joylarda bolalar huquqlarini himoya qilish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yuqorida keltirilgan fikrlar, albatta, tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, Bolalar ombudsmani institutining bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish borasida natijadorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov fraksiyalar pozitsiyalarini tinglar ekan, ularda bildirilgan takliflarning barchasi asosli va Bolalar ombudsmanining kelgusi faoliyatida asqotishini ta’kidladi. Ayniqsa, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining fikrlari, tavsiyalari juda o‘rinli ekani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, ma’ruzaning oxirgi qismiga o‘zgartirish va tuzatishlar kiritilishi kerakligiga e’tibor qaratildi.
«Ma’ruzada qator takliflar o‘rin olgan. Lekin uni kim qiladi, qanday qiladi, degan savollarga javob yo‘q. Masalan, strategiya qabul qilinishi aytilgan. Biroq kim qabul qiladi, qachon qabul qilinadi, nima uchun kerak bu hujjat, degan masalalar bor. O‘ylaymizki, barchasining egasi va ijrochisini aniqlab berish kerak bo‘ladi», — dedi Spiker.
Taklif va tavsiyalar asosida vakilning ma’ruzasi qabul qilindi.
Tabiiy boyliklar tuganmas emas
Majlisda, shuningdek, yer osti suv resurslarini muhofaza qilish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasiga oid qonun loyihasi muhokama qilindi. Tashabbuskorlar birinchi va ikkinchi o‘qish orasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot bergach, loyihaga moddama-modda munosabat bildirildi.
Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida deputat Zuhra Shodiyeva masala yuzasidan fikr bildirib, o‘z takliflarini ifoda qilgan edi. Deputatning aytishicha, so‘nggi yillarda energiya resurslari kabi suv osti resurslari taqchilligi yuzaga kelayotgani, shu bois, qonunning konseptual qismida yer osti suvlaridan yerlarni sug‘orish va boshqa maqsadlarda foydalanish keskin oshgan. Bundan tashqari, quduqlarni ruxsatsiz burg‘ulash va nazoratsiz, hisobga olmasdan suvdan foydalanish holatlari ham davom etmoqda. Shuning uchun yer osti suv resurslarini muhofaza qilish choralarini kuchaytirishga doir me’yorlarni aniqlashtirish, takomillashtirish zarur. Zero, cheksiz va tuganmas bo‘lmagan tabiiy boyliklarni asrash va muhofazalash shartdir.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Namanganda 4 milliard, Surxondaryoda 18 million so‘m, Buxoroda esa hisobi yuritilmagan
Bu nimani anglatadi? Gap shundaki, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda boshqa bir shaxsning rasmi ko‘rsatilib, kasalligi aytilib, yordam so‘rash avj oldi. To‘g‘ri, xalqimiz xayrsevar, biroq bundan firibgarlar ham foydalanib qolmoqda. Yuqorida ko‘rsatilgan raqamlar esa birgina ism-sharif yoki soxta xayriyachilar tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan mablag‘lar miqdori.
Xususan, 2022-yilda «Saxovat-Namangan» fondi rahbarlari shaxsiy bank kartalarida yig‘ilgan 4 milliard so‘m xayriyalarni o‘zlashtirib yuborgan. 2023-yilda Buxoro shahridagi bir ayol ijtimoiy tarmoqlarda bemor holatda yotgan erkakning rasmini olib, masjidlar oldida rasmdagi shaxs og‘ir ahvolda qolgan eri ekanini aytib, pul yig‘ib yurgan. 2024-yilda Termiz shahrida «Ehson hadyalar (Surxondaryo)» telegramm kanali ochilgan va unda yig‘ilgan 18 million so‘m shaxsiy ehtiyojlar uchun ishlatib yuborilgan. Afsuski, bu kabi holatlar talaygina.
Shundan kelib chiqib, qonunchilikka yangi tartib kiritilmoqda. Ya’ni, jismoniy va yuridik shaxslar, nodavlat notijorat tashkilotlarining homiylik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik subyektlarini bu jarayonga kengroq jalb etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda fraksiyalar yig‘ilishlarida hamda palata majlisida ko‘rib chiqildi.
Homiylik mablag‘lari yig‘ishni qonuniy jihatdan tartibga solishni nazarda tutuvchi mazkur loyiha 10 ga yaqin qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni o‘z ichiga olgan. Masalan, homiylik xayriyalarini yig‘ishda xayriya qutisi va homiylik tashkiloti tushunchasiga oydinlik kiritilmoqda. Shu bilan birga, bu boradagi axborotni oshkor etish va jarayonning ochiqligini ta’minlashga doir me’yor ham o‘rin olgan. Homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi, tashkilotlarning huquq hamda majburiyatlari ham ko‘rsatilgan.
Deputatlar muhokama jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari yig‘ishga oid harakatlarini tartibga solish masalasiga doir qonun loyihasida jismoniy shaxslarning majburiyatlari ochiq qolayotganini ta’kidladi. Vaholanki, tushuntirish xatida jismoniy shaxslarning huquqbuzarliklari misol qilib olingan. Shundan kelib chiqib, jismoniy shaxslarning majburiyatlari aniq ko‘rsatilishi, ularga ham muayyan javobgarlik belgilanishiga oid me’yorlar keltirilishi lozim.
Tashabbuskorlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar ko‘ngilli sifatida boshqa odamning manfaatini ko‘zlab faqatgina e’lon berish huquqiga ega bo‘ladi. Ya’ni, homiylik xayriya oladigan odam yoki uning yaqin qarindoshi (oila a’zolari)ning nomiga ochilgan bank hisobvaraqlari yoxud plastik karta raqami ko‘rsatilgan holdagi ma’lumotlar tarqatiladi. Shuningdek, homiylik yordami oluvchi jismoniy shaxslar xayriya mablag‘larining miqdori va ulardan maqsadli foydalangani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xayriya bergan shaxslarning talabiga asosan taqdim etishi ham belgilanmoqda. Ya’ni, homiylik yordamlari oluvchilarning hisobdorligi yuzaga keladi va shaffoflik ta’minlanadi. Bularning barchasi turli firibgarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Deputatlar qonun loyihasini konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatladi.
Qoidabuzar haydovchiga ham javobgarlik, ham nazorat kerak...mi?
Quyi palata majlisida muhokama qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, huquqbuzarliklar profilaktikasiga tegishli bo‘lgan me’yoriy hujjatga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ayni masala O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida ham ko‘rib chiqilgan edi. Unda deputat Zuhra Shodiyeva shu mazmundagi savol bilan murojaat qildi.
Gap shundaki, tashabbuskorlar huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bog‘liq masalalarni tartibga soluvchi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishga oid loyihani parlamentga kiritgan. Unda oilaviy zo‘ravonlik sodir etgani uchun MJtKning 592 (prim 2) -moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan hamda sodir etgan ma’muriy huquqbuzarligi uchun sud tomonidan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslarni profilaktik hisobga olinadigan shaxslar qatoriga kiritish nazarda tutilmoqda.
Qayd etildiki, ichki ishlar organlarida profilaktik hisobga olingan shaxslar bilan ishlash amaliyoti samaradorligini yanada oshirish maqsadida xavf darajasi past bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarning qayta-qayta suhbatga chaqirilishi haqli e’tirozlar hamda ish hajmining oshishiga olib kelayotganligi sababli, zamon talablari asosida profilaktik hisobga olish tartibini qayta ko‘rib chiqish hamda optimallashtirish zarurati vujudga kelmoqda.
Zuhra Shodiyevaga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan me’yorlar bilan bir shaxs huquqbuzarligi sababli jarima to‘laydi, haydovchilik guvohnomasidan ayriladi, transport boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi. Guvohnomaga ega bo‘lishi uchun qayta o‘qishi esa vaqt, mablag‘ talab qiladi. Shuning o‘ziyoq bir fuqaro o‘zini o‘zi tarbiyalashi uchun yetarli. Zero, bugungi kunda qayta o‘qish va haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishning o‘zi katta mashaqqatga aylanib bormoqda. Deputat huquqbuzarni profilaktik nazoratga olishning sababi bilan qiziqdi.
Tashabbuskorlarga ko‘ra, bularning hech biri bir insonning o‘limiga sabab bo‘lishi qadar og‘ir javobgarlik emas. Chunki odamlarning hayotiga nuqta qo‘yishdek ayanchli oqibat bilan tugagan avtohalokat sababchisining haydovchilik guvohnomasi bekor qilinadi. Transport qoidalarini ana shu tariqa qo‘pol ravishda buzib, xulosa chiqarish o‘rniga o‘zboshimchalik bilan avtomobil boshqarish holatlarining oldini olish ko‘zda tutilgan. Har bir profilaktika inspektori o‘z hududidagi transport boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslar ustidan nazorat o‘rnatsa, huquqbuzarliklar jinoyatga aylanib ketishining oldi olinadi.
XDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimovaning ta’kidlashicha, mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish, huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shunga qaramay, bunday holatlar yoshlar orasida tez-tez uchramoqda. Afsuski, ularning ayrimlari qayta-qayta huquqbuzarlik sodir etmoqda. Deputat tashabbuskorlardan qonunda aynan jinoyatlarning motivlarini, ijtimoiy oqibatlarini o‘rganish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish lozimligiga alohida urg‘u berdi.
Qonun tashabbuskorlari deputatlar bildirgan fikrlarni keyingi o‘qishlarga o‘rganib chiqishi va tegishli tartibda loyihaga kiritishini qayd etdi. Shu tariqa mazkur qonun birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 26.2.2025, №8