
Prezidentimiz raisligida 5-mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlar tizimli olib borilmayotgani tanqidiy tahlil qilinib, kelgusi vazifalar belgilandi.
Darhaqiqat, korrupsiya — insoniyatga, iqtisodiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan xavfli illat sanaladi. Agar uning oldi olinmasa, mamlakatda haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi. Zotan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti e’tiroficha, bugungi kunga kelib, dunyo bo‘yicha bir yilda “beriladigan va yoki olinadigan” poralar qiymati naqd 1 trln. AQSH dollaridan oshmoqda. Umuman, korrupsiya ortidan dunyo iqtisodiyoti yiliga 2.6 trln. AQSH dollari yo‘qotyapti.
O‘z oldiga buyuk millat va davlat qurish maqsadini qo‘ygan O‘zbekiston uchun eng asosiy islohotlar maqsadi — iqtisodiy asoslarni mustahkamlash ekanidan kelib chiqsak, korrupsiya investitsiyalarni jalb etish va milliy iqtisodiyotning jozibadorligini ta’minlashga qarshi eng katta g‘ov kabidir.
Shu ma’noda, yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan 55 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan tashabbuslar ilgari surildi. Ularning hayotga tatbiq etilishi asnosida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshiriladi. Shu o‘rinda alohida e’tirof etish joizki, mazkur ulkan maqsad va harakatda har birimizning vazifamiz, o‘rnimiz bo‘ladi. Ya’ni, vatanparvarlik, daxldorlik, iroda va ishonch bilan har qachongidan ham qat’iy tarzda ishlashimiz maqsadga muvofiqdir.
Ma’ruzadan anglashiladiki, endilikda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini kuchaytirish, ushbu illatga nisbatan yondashuvni tubdan o‘zgartirishni talab etadi. Bu harakatlar natijasida, deklaratsiyalash, noqonuniy boylik orttirishga oid yangi tartiblar amalga kiritiladi. Pirovardida, korrupsiya omillari cheklanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tashkilotlardagi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yanada kuchaytiriladi.
Albatta, sanab o‘tilgan vazifalar mohiyatiga ko‘ra, kichik yoki bir-ikki kunda amalga oshiriladigan islohotlar emas, barchasi vaqt talab qiladi. Biroq, o‘zgarishni bugundan boshlash ham ushbu maqsadlarga yetishning asosiy shartidir.
Ammo afsus bilan aytish joizki, ushbu keskin qadamlarni tashlashga olib kelgan omillar kishini quvontirmaydi. Xususan, korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilmoqda. Ayni jihatning o‘zi endi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari faoliyatini jiddiy isloh etishni talab qiladi va shundan kelib chiqib, hududiy kengashlar tarkibi to‘liq yangilanib, ularga viloyat xalq deputatlari kengashi raislari bosh bo‘ladi. Bundan tashqari, sohalar kesimida ham alohida yondashuv hayotga tatbiq etiladi.
Qayd etish joiz, korrupsiyaga qarshi kurash ushbu yig‘ilishdagina aytilgan vazifalar va takliflardan boshlanmadi. So‘nggi yillarda bu borada qator ishlar amalga oshirildi va dastlabki natijalar ham mavjud. Xususan, yerni hokim qarori bilan ajratishdan to‘liq voz kechilib, auksion tizimiga o‘tkazilgani natijasida bu tizimning yanada xalqchilligi ta’minlandi. Yurtdoshlarimizning eng ko‘p ishi tushadigan sohalardan biri, “Shaffof qurilish” dasturi joriy etilganidan keyin bu sohada ham ijobiy o‘zgarishlar sezildi.
Davlat xaridlari bo‘yicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashtirilib, sog‘lom raqobat bo‘lgani uchun o‘tgan yili 14 trillion so‘m budjet mablag‘i tejaldi.
Bu boradagi o‘zgarishlarni bank-moliya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ham ko‘rish mumkin. Bunda xizmat ko‘rsatish jarayonlarida raqamlashtirishning o‘rni beqiyos ekanini qator misollar ham ko‘rsatib turibdi. Jumladan, birgina maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgani natijasida, sohada murojaatlar soni 2,5 karraga, oliy ta’lim tizimida esa 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga o‘tilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravarga kamaydi.
Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi ortidan 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar olish tartibi bekor qilindi. Natijada, 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingtaga yaqinlashdi.
Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11 milliondan oshdi. Quvonarlisi shundaki, bu kabi ko‘rilgan choralar orqali so‘nggi yetti yilda mamlakatimizga 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirdi, iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga yetdi.
Qurilish sohasi zamonaviy davlatchiligimizda o‘ziga xos va eng ilg‘or yo‘nalishlardan biriga aylangani sir emas. Buning ortidan millionlab oilalar uy-joyga ega bo‘lmoqda, yirik loyihalar amalga oshirilishi iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Biroq yer olish, uy-joylarni avvalo sifatli qurish, qulay shart va narxlarda xarid qilish jarayonlarida adolat va ochiqlikni ta’minlash masalasi ham bugunning eng dolzarb vazifalari qatoridan joy olgani bor gap. Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda mazkur sohaga ham alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, endilikda yirik loyihalar yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi standartlardan kelib chiqib baholanadi. Shuningdek, bunday investitsiya loyihalarida xalqaro korrupsiyaga qarshi standartlar joriy etilib, yirik auksion shartlari raqobatdoshlik ekspertizasidan o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, “Shaffof qurilish” platformasining qamrovini yanada oshirib, uni xalqaro tashkilotlar loyihalariga ham bosqichma-bosqich joriy qilish vazifasi belgilandi.
E’tiborlisi, endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ish uslubi o‘zgartirilib, tajriba tariqasida 5 ta soha, jumladan qurilish sohasining ham komplayeans nazorati agentlikka o‘tkaziladi.
Muxtasar qilib aytganda, so‘nggi yillardagi shiddatli islohotlar silsilasida yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish, o‘ziga xos tarzda tarixiy kunga aylandi. Zero, berilgan vazifalar, o‘rtaga tashlangan takliflar ijrosi aynan islohotlar shiddatiga shiddat, insonlar ishonchiga ishonch qo‘shadi. Pirovardida, har jihatdan erkin va mustahkam bo‘lgan Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans kabi o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlariga yetishi yanada tezlashadi.
Zulayho AKRAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.