Birgalikda va murosasiz
Birgalikda va murosasiz

 

Daraxt tanasiga tushgan qurt na uning ko‘kka bo‘y cho‘zib, barq urib yashnashiga yo‘l beradi, na meva tugib, hosil ko‘tarishiga... Hatto ming yillik zabardast chinor ham bu baloi ofat dastidan zaiflashib, yerga qulamog‘i tayin. Bugun davlat va jamiyatning rivojiga jiddiy g‘ov bo‘layotgan illat – korrupsiya xuddi shu kabidir. U nafaqat mamlakatdagi barqaror hayotni izdan chiqaradi, balki odamlarning hukumatga, Konstitutsiya va qonunlarning amalda ishlashiga bo‘lgan ishonchini yo‘qotishi, xalqda tushkunlik, umidsizlik kayfiyatini hosil qilishi mumkin. Korrupsiyaning xavf-xatari, og‘ir oqibati ham mana shunda.

 

5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishi keng jamoatchilikni, boshqacha aytganda, parlament a’zolaridan tortib, turli soha vakillarini, yoshlarimizni bir qadar sergak torttirgani bejiz emas. Tahliliy-tanqidiy ruhda kechgan bu yig‘ilish o‘zi va farzandlarining ertasiga, el-u yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir kishini do‘ppini bir chetga qo‘yib, bafurja o‘ylab ko‘rishga undagani rost.

Aniqki, yig‘ilishda o‘rtaga tashlangan fikr-mulohazalar, ilgari surilgan takliflarni tinglay turib, islohotlarning qonuniyligini ta’minlash jarayonlarida mas’ul idora va tashkilotlargina emas, jamoatchilik, ya’ni, siz-u biz baravar ishtirok etishimiz kerakligini yana bir bor chuqur his qildik. Qonun talablaridan og‘ish natijasida yuzaga keladigan korrupsiyaga qarshi kurashish jamiyatda umummilliy vazifaga, har birimizning vijdon ishimizga aylanmog‘i yangi davr talabi ekanini teranroq angladik.

 

Global tahdid

Joriy yilning 11-fevral kuni Transparency International xalqaro tashkiloti 2024-yil uchun Korrupsiyani idrok etish indeksini e’lon qildi. 180 ta davlatdagi korrupsiya darajasi ekspertlar va biznes hamjamiyatlari (oddiy odamlarning emas!) ning baholari asosida aniqlanadigan ushbu reytingda, ikki yildirki, O‘zbekiston 121-o‘rinni egallab turibdi.

Korrupsiya geosiyosiy kurashlar avj olib borayotgan, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar ko‘plab mamlakatlarni boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ygan hozirgi zamonda hech bir davlatni chetlab o‘tayotgani yo‘q. Hattoki bu jinoyatni sodir etganlik uchun eng oliy jazo – o‘lim joriy qilingan yurtlarda ham uni tag-tomiri bilan yo‘q qilish imkonsiz qolmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, erkin ommaviy axborot vositalari, faol fuqarolik jamiyati va adolatli sudlarsiz korrupsiyani yengib bo‘lmaydi. «Korrupsiya nafaqat rivojlanishga to‘sqinlik qiladigan, balki demokratik tanazzul, beqarorlik va inson huquqlari buzilishining asosiy sababi bo‘lgan global tahdiddir. Xalqaro hamjamiyat va har bir davlat korrupsiyaga qarshi kurashni asosiy hamda uzoq muddatli ustuvor vazifaga aylantirishi shart", - deydi Transparency International tashkiloti rahbari Fransua Valerian.

Tashkilot hisobotida dunyo bugun ekologik inqirozlarga qarshi kurashda halokat yoqasida turgani, korrupsiya bu kurashni tobora qiyinlashtirayotgani ta’kidlanadi. Ma’lum bo‘lishicha, deyarli 6,8 mlrd inson – sayyoramiz aholisining 85 foizi korrupsiya ta’siri sezilayotgan davlatlarda yashamoqda. Bu juda katta raqam.

Darvoqe, Korrupsiyani idrok etish indeksida ketma-ket yetti yildan buyon Daniya (90 ball), Finlandiya (88 ball) va Singapur (84 ball) yetakchilik qilib kelmoqda.

 

Doimiy jarayon

Yuqorida keltirilgan yig‘ilishda mamlakatimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga baho berildi. Aytib o‘tilganidek, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston bu illatga qarshi kurashishda o‘zining qat’iy siyosiy irodasini namoyon etmoqda. Ayni yo‘nalishda huquqiy va institutsional mexanizmlar tubdan takomillashtirildi. «Korrupsiyaga qarshi kurashish» jumlasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritildi. Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilindi.

Shunday qilib, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilayotgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotgani e’tirof etildi.

Yig‘ilishda davlat xaridlari, bank, yo‘l harakati xavfsizligi va ta’lim sohalarida inson omilini kamaytirish orqali shaffoflikni kafolatlash, mohiyatan qaraganda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Chunonchi, yerni hokim qarori bilan ajratishdan to‘liq voz kechib, auksion shaklga o‘tkazilgani natijasida bu tizim xalqchil bo‘ldi. Davlat xaridlari bo‘yicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sog‘lom raqobat bo‘lgani uchun o‘tgan yili 14 trillion so‘m budjet mablag‘i tejalgani sohada dadil o‘zgarishlardan dalolat beradi.

Yoki bugunga kelib, barcha banklar 100 million so‘mgacha maishiy kreditlarni sanoqli daqiqalar ichida onlayn beryapti. Eslang, bir paytlar banklardan bu turdagi kreditni olish uchun odamlar qancha sarsongarchilik bilan ro‘baro‘ kelar edi...

Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida o‘ndan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgani, oliy ta’lim tizimi ham raqamlashtirilgani korrupsiya omillarini keskin kamaytirdi. Aholi va tadbirkorlarga «xalq xizmatidagi davlat» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib kelgani, chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashgani buning yaqqol natijasidir.

Xuddi shunday, elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa 11 milliondan oshdi. «Oldingi 25 yil davomida bu tushunchalar bizga yot edi. Ko‘rib-ko‘rmaslikka olinardi. Bularning hech biri o‘zidan-o‘zi bo‘lgani yo‘q. Hammasiga mashaqqatli mehnatimiz bilan erishdik. Eng muhimi, bularning hisobiga aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarimizga ishonchi mustahkamlandi», - dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda taraqqiyotga tushov bo‘ladigan illat – korrupsiyaga qarshi kurash doimiy jarayon ekaniga urg‘u berildi. Bu boradagi dolzarb masalalar va ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tashkilotlardagi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati kuchaytirilishi, maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vazirlik, idoralar rahbarlari mas’uliyati oshirilishi, davlat xizmatlari darajasini aholi baholaydigan tizim yo‘lga qo‘yilib, eng yomon ko‘rsatkichga ega soha rahbarlariga tegishli chora ko‘rilishi shular jumlasidandir.

 

Xurshida QALANDAROVA,

xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati:

– Yig‘ilishda korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallalarda, maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayotgani tanqid qilindi. Buning yechimi sifatida endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi to‘liq yangilanadigan, ularga viloyat xalq deputatlari Kengashi raislari boshchilik qiladigan bo‘ldi.

Mazkur hududiy kengashlar korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularga barham berish uchun qonunchilikni o‘zgartirish, jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha Milliy kengashga aniq taklif kiritadi. Parlamentning mas’ul qo‘mitalari har bir mahallaga tushib, jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini oydinlashtirishi, mansabdor shaxslar oldiga korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha masala qo‘yishi, sohaga oid takliflar ishlab chiqishi, qonunlarni takomillashtirish choralarini ko‘rishi hayotiy zarurat ekaniga ham diqqat qaratildi.

Bularning bari nimani anglatadi? Tabiiyki, endilikda korrupsiyaga qarshi kurashda davlat va xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydigan deputatlik korpusining roli hamda mas’uliyati sezilarli kuchayadi. Bu masala ular faoliyatining asosiy strategik yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Binobarin, sohada qonunchilikdagi bo‘shliqlarni yaxshi biladigan ham, ularni bartaraf etish uchun haqchil, hayotiy takliflarni beradigan ham aynan deputatlardir.

Shuningdek, Oliy Majlisning tegishli qo‘mitalari quyiga tushib, bevosita jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda ish olib boradi. Bunday amaliyot parlament nazoratining samarasini, qonun ijodkorligi sifatini oshiradi.

Korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish - bu yagona yechim emas. Ushbu jinoyatlarning oldini olish, odamlarimizda bunga nisbatan murosasiz va toqatsiz munosabatni shakllantirish, jinoyatni fosh etishga yordamlashganlarni rag‘batlantirish bo‘yicha ham qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish, preventiv choralarni keng qo‘llash maqsadga muvofiq, albatta.

 

Illat ildizi

Yashirib nima qildik, ayni paytda aholi o‘rtasida davlat xizmatchilarining halolligiga, korrupsiyaviy holatlardan tiyilish tendensiyasi mavjudligiga ishonch hissi unchalik yuqori darajada, deya olmaymiz. Xo‘sh, bunga sabab nima? Jamiyatda korrupsiyaviy jinoyatlarga uzil-kesil barham berishga qanday omillar xalal bermoqda?

Haqiqat shuki, korrupsiya illatining ildizi hashamat va dabdabaga o‘chlik qusurlari bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda, xuddi et bilan tirnoq kabi.

 

Furqat HAMIDOV,

xalq deputatlari Oltiariq tuman Kengashi deputati:

– Bugun davr yangilanayotgani, odamlarimizning, jamiyatning qarashlari o‘sib, hayotiy mezonlarimiz, maqsadlarimiz ilg‘orlashgani haqida g‘urur bilan gapiramiz. Ammo shuncha ijobiy siljishlarga qaramay, bir jihatimiz - hashamat va dabdabaga o‘chligimiz o‘zgargani yo‘q.

Ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlarimizga zid bu ijtimoiy illat faqatgina to‘y-hashamlarimizda ko‘rinmayapti, balki ayrim davlat xizmatchilari faoliyatida ham uchrab turgani taassufli hol. Hashamatga intilish esa korrupsiyaviy jinoyatlarga moyillik tug‘diradi, o‘z mansab va vakolatlaridan moddiy manfaat yo‘lida foydalanishga yo‘l ochadi.

Hozirgi paytda dunyoda, ayniqsa, har tomonlama taraqqiy etgan jamiyatlarda minimalizm ustun ekanini ko‘ramiz. Barcha jabhada qonunlarning mukammal ishlashi, budjet mablag‘larining tiyin-tiyinigacha maqsadli va aniq manzilli sarf etilishi, hashamatdan qochish, amaldorlarning xalq oldida hisobdorligi – aslida ularning rivojlanishiga mana shu omillar sabab bo‘lgan.

Hashamatning ziddi zahri, ya’ni, vaksinasi – bu halollik. Shu ma’noda parlament va hukumat a’zolari, jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari korrupsiyaning oldini olish davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni «halollik vaksinasi» bilan emlashdan boshlanishini alohida ta’kidlagani ko‘pchilikning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Bundan buyon ishga olishdagi tartib va yondashuvlarni takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildiki, ularning ro‘yobga chiqishi, shubhasiz, korrupsiyaga toqatsiz kadrlar safi kengayishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, budjet va budjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar kuchaytirilishi, davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni tezroq qabul qilish zarurati qayd etildi.

Mansabdor shaxslar faoliyatida hashamatni cheklash, shu jumladan, ularning transport ta’minoti darajasini pasaytirish, davlat xizmatchisi faoliyatida hashamatni ko‘z-ko‘z qilish hollarini odob-axloq kodeksini buzish sifatida baholashga doir g‘oyalar kuchli ijtimoiy siyosat tarafdori bo‘lgan Xalq demokratik partiyasi saylovoldi dasturida ham o‘z ifodasini topgan. Maqsadimiz esa ezgu - budjet mablag‘lari ortiqcha sarflanishining oldini olish, xalq pulini ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish kabi dolzarb sohalarga qaratish, davlat va jamiyatda ijtimoiy adolat hamda ijtimoiy barqarorlikni qaror toptirishdan iborat.

 

Fikri toza avlod kerak

Muhsiddin Nizomiddinov,

xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi deputati:

– Korrupsiyaga qarshi kurashish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yig‘ilishda Prezidentimiz mazkur masalada faqat davlatning sa’y-harakati bilan kutilgan natijaga erishib bo‘lmasligini, bu butun jamiyatimizning ishi ekanini aytib o‘tdi. Umuman olganda, korrupsiya va unga yetaklovchi loqaydlik, beparvolik, poraxo‘rlik, soxtakorlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish singari illatlarga qarshi kurash butun jamiyatning maqsadiga aylanishi kerakligi ko‘p bora davlatimiz rahbari tomonidan tilga olinadi.

Yig‘ilishda kadrlarda fidoyilik, korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamjihatlik yetishmayotgani eng katta kamchilik sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni qadrlash, kechagi kun bilan bugungi kun farqini yaxshi tushunish, mahallada, to‘y-ma’rakada ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, halollik va shukronalik bilan hayot kechirishni tushuntirish ishlari bo‘yicha jamiyatimizda namunali tajribalar aytarli yo‘q.

Yosh deputatlar sifatida biz ham Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida Jamoatchilik kengashiga jalb etilib, hozirgi hal qiluvchi jarayonda o‘z g‘oyalarimiz, tashabbuslarimiz bilan faol bo‘lishimiz kerak.

Hozirgi kunda yoshlarimiz ta’lim olish hamda mehnat bozoriga kirib, o‘z o‘rnini topishida turli ko‘rinishdagi korrupsiyaviy holatlarga duch kelishi mumkinligini inkor qilolmaymiz. Bunday vaziyatda qonun talablarini buzmaslik, halollikda sobit turish uchun ham yoshlarimiz orasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, poraxo‘rlik, ta’magirlik kabi illatlardan uzoq bo‘lishi uchun tushuntirish-targ‘ibot ishlarini mazmunan yangicha va samarali tarzda amalga oshirish kerakka o‘xshaydi.

Prezidentimiz hammamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishishimiz muqarrarligini, butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga «jamiyat tanasidagi saraton» sifatida qarash kerakligini ta’kidladi. Shuning barobarida fikri toza, korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodni kamolga yetkazish bugunning ustuvor vazifalari qatoriga kiritildi. Kelajagimiz egalari «halollik vaksinasi» bilan emlangan, dabdaba, hashamat singari mayda havaslarni emas, balki katta-katta maqsadlarni oldiga qo‘yib, qalbida xalqini, Vatanini sevadigan insonlar bo‘lishi uchun bugun biz o‘zgarishimiz kerak. Tafakkurimiz, maqsadlarimiz bir joyda depsinib qolmay, yuksalishi lozim.

Korrupsiyaga qarshi birgalikda va murosasiz kurashsak, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijadorligini xalqimiz sezadi, qonunlar amalda to‘liq va mukammal ishlaydi, hududlar hayotida o‘sish, rivojlanish va samaradorlik yanada yuqori bo‘ladi.

 

Farida MAHKAMOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 12.3.2025, №10

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish