Yurtimizning yashillik darajasi yanada ortadi
Yurtimizning yashillik darajasi yanada ortadi

 

2025 yil — Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yili

 

Havoning ifloslanishi inson salomatligi uchun eng jiddiy tahdidlardan biriga aylandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili 9 millionga yaqin odam havo, tuproq va suvning ifloslanishidan vafot etadi. Ekologik muammolarning chuqurlashishi, iste’molga yaroqsiz suv, chang-to‘zonlardan yana millionlab kishilar, birinchi navbatda bolalar, ayollar, keksalar sog‘lig‘iga ziyon yetmoqda.

Mana shunday sharoitda global iqlim o‘zgarishlari, atmosferaning ifloslanishi, qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashning birlamchi yechimi yashil iqtisodiyotga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish, ekologik toza transport turlarini rivojlantirish hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda 2030-yilga qadar yashil maydonlarni 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadda so‘nggi uch yilda respublika bo‘yicha jami 736 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.

Bu ishlarni faol davom ettirish, «O‘zbekiston–2030» strategiyasini Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni izchil hayotga tatbiq qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Davlat dasturiga ko‘ra, joriy yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarning yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish chora-tadbirlari yangi bosqichga ko‘tariladi. Aholi uchun barpo etilayotgan piyodalar va alohida velosiped yo‘laklari bo‘yida daraxtlar va o‘simliklarni ekish orqali «Soyali sayr ko‘chalari» tarmog‘i yaratiladi, sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari barpo etiladi. «Yashil makon» umummilliy loyihasi va «Mening bog‘im» loyihasi doirasida 200 million tup daraxt hamda butalar ekilishi, «yashil bog‘lar» va «yashil jamoat xiyobonlari»da quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritkichlardan foydalanish ham ko‘zda tutilmoqda.

 

Bu sa’y-harakatlar zamirida cho‘llanish, havo ifloslanishi kabi muammolarni yumshatish, hududlar qiyofasini go‘zallashtirish, yashillikka burkangan manzillarni ko‘paytirish va odamlar hayoti sifatini yaxshilash maqsadlari mujassam.

 

Odiljon IMINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

– Yashillashtirishning asosiy afzalliklaridan biri havo sifatini yaxshilashdir. Zotan, ekologik muammolardan birinchi navbatda ijtimoiy yordamga muhtoj aholi ko‘proq ziyon ko‘radi. Chunki, oddiy misol, hamma ham uyiga suvni yoki havoni tozalovchi filtrlarni qo‘yish imkoniyatiga ega emas. Agar biz ekologik muammolarning samarador yechimlarini amaliyotga yo‘naltirsak, o‘z-o‘zidan juda ko‘plab ijtimoiy masalalarda ham yangi qadamlarni qo‘ygan bo‘lamiz.

Yana bir jihat. Ko‘chat ekish mavsumlarida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga ishsiz aholini, birinchi navbatda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarni faol jalb etishga e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, ekologiya sohasiga ixtisoslashgan oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi. Aytaylik, ekolog-biolog, ekoximik, ekologik auditor, nutritsolog kabi ko‘plab zamonaviy kasblarga kundan-kun ehtiyoj ortmoqda. Shuni inobatga olib, oliy ta’lim bo‘g‘inida minglab yoshlarni ekologiya bilan bog‘liq kasblarga yo‘naltirish uchun yangi mutaxassisliklar ochilishi ayni muddaodir.

 

Bahorda 125 millionta ko‘chat

Shu kunlarda ayni ko‘chat ekish mavsumi qizg‘in pallaga kirmoqda. Yurtimizda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar tobora keng qamrov kasb etmoqda. Lekin bu ishlar kutilgan natijani beryaptimi? Ekin mavsumida nimalarga e’tibor qaratilyapti? Ko‘chatlar qanday parvarishlanyapti va qanday tanlanyapti?

Bu savollarimizga javob olish uchun soha mutaxassislariga yuzlandik.

 

O‘lmas SOBIROV,

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘lim boshlig‘i:

– Bilasiz, O‘zbekiston iqlimi juda o‘zgaruvchan. Ba’zi hududlarimizda namlik yuqori yoki me’yorida bo‘lsa, ba’zi joylar qurg‘oqchilikka moyil. Ko‘chatlarni ekishda va tanlashda birinchi o‘rinda shu masalaga e’tibor qaratyapmiz. So‘ng ularning har birini parvarishlash uchun mas’ullar biriktirilib, «yashilmakon.eco» elektron platformasiga kiritib borilmoqda. O‘tgan yillar davomida bu borada yetarlicha tajriba to‘pladik, xatolardan saboq chiqardik.

Jumladan, vazirligimiz tomonidan 2024 yil kuzgi ko‘chat ekish mavsumi ilmiy asoslangan holda e’lon qilindi. Vegetatsiya muddati tugashi bilan 8 noyabrda respublikamizning tog‘li hududlarida, boshqa hududlarda 12 noyabrda, Surxondaryo viloyatida esa 15 noyabrda ko‘chat ekish ishlari boshlangani yaxshi natija berdi. Yil davomida 253 ta suv qudug‘i qazilib, 3,2 ming km sug‘orish tarmog‘i barpo etildi. Suvsiz hududlarga 1900 dan ortiq maxsus texnika jalb qilindi. Respublikamizning shahar va tumanlari markazlarida jami 347 gektar maydonda «yashil bog‘lar» yaratildi.

Joriy yilda orttirgan tajriba va bilimlarimizdan yanada samarali foydalanishni maqsad qilganmiz. Bahor mavsumida 125 mln, kuzda 75 mln tup daraxt va buta nihollari ekish, «Yashil bog‘lar» sonini 700 tadan oshirish rejalashtirilgan. Xususan, yirik sanoat korxonalari va ularga tutash hududlarda 10 million tup ko‘chatdan iborat «yashil belbog‘»lar yaratiladi. Yil davomida o‘rmon muhandisi, biolog-botanik, dendrolog, tuproqshunos, irrigator, gidrogeolog, gidrolog kabi mutaxassislar ishtirokida tegishli hudud tuproq-iqlim sharoitiga mos ko‘chat turlarini tanlash, ekish, parvarish qilish va sug‘orish bo‘yicha ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etiladi.

 

Galofit bog‘lari barpo etiladi

Bobur HUSANOV,

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mas’ul xodimi:

– Bu yildan boshlab yana bir yangilik joriy etilmoqda. Ya’ni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarining tanlangan hududlarida 1 tadan, jami 5 ta galofit bog‘lari tashkil etiladi. Xo‘sh, galofit bog‘lari nima o‘zi?

Sho‘r va suvsizlikka chidamli o‘simliklar turi galofitlar deyiladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, dunyoda u yoki bu tarzda galofitlarga tegishli bo‘lgan 3 mingga yaqin o‘simlik turlari mavjud. Galofitlarning aksariyati o‘simlik, ammo butun bir o‘rmonlarni hosil qiladigan nabotot turlari ham mavjud. Tuprog‘i sho‘r yerlarimizda ulardan foydalanish samarali natija berishi aniq.

Bundan tashqari, barcha hududlarda ko‘chatchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi subyektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ekiladigan nihollarning zaxirasi yaratilmoqda.

Bahor mavsumida ko‘chat sotish yarmarkalari va savdo nuqtalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Respublikaning mavjud iqlim zonalari va ulardagi sharoitlardan kelib chiqib Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida «in-vitro» laboratoriyalari tashkil etiladi. Bu esa o‘rmon zonalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Orol tubida «yashil qoplamalar»

Zafar ESHONQULOV,

O‘rmon xo‘jaligi agentligi mas’ul xodimi:

- Bu yil ana shunday hududlarining o‘zida 250 ming gektarda «yashil qoplamalar» - himoya o‘rmonzorlarini barpo etmoqchimiz. Shuningdek, tog‘li, vodiy, to‘qay hududlarda ham o‘rmonlarni kengaytirish tadbirlari olib boriladi.

Orol dengizi tubida 100 ming gektar flora va faunadan iborat «yashil qoplama» yaratilib, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlar maydoni 2,1 million gektarga yetkaziladi. Buning uchun birinchi navbatda o‘simliklar dunyosini yaratish, 1 yillik, ko‘p yillik, ko‘kka bo‘y cho‘zadigan daraxtlarni ekishimiz zarur. Yashillik bor joyda tiriklik bor, hayot bor. Shu ma’noda yuqorida sanab o‘tilgan aniq chora-tadbirlar samarasida respublikamizda yashillik darajasini joriy yil yakuniga qadar yanada oshirishni mo‘ljallayapmiz.

Inson salomatligini ta’minlashning 17 foizi ekologik omillarga bog‘liq bo‘lgani kabi jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni qaror toptirish bu masalaga jiddiy yondashuvni talab qiladi. Ayni sohadagi islohotlar mazmun-mohiyatan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining g‘oya-tashabbuslari bilan ham uyg‘undir.

 

Xurshidabonu NAZAROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 12.3.2025, №10

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish