XDP faollari – hududlarda: Yuzma-yuz muloqotlar

 

Kambag‘allikka qarshi kurashish, ijtimoiy inklyuzivlikni oshirish va tengsizlikni kamaytirish orqali insonlar hayotini yaxshilash, har bir fuqaroning kafolatlangan tibbiy yordamga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ta’limning barcha shakllariga g‘amxo‘rlik qilishga oid davlat majburiyatlari yangi tahrirdagi Asosiy Qonunimizda belgilab qo‘yilgan. Albatta, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat bu majburiyatlarning amaliy tasdig‘ini topishi, har bir insonning davlat e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmasligini kafolatlashga xizmat qilmoqda. Lekin tizimli islohotlar hamma joyda va bir xil darajada samaradorlik kasb etyapti, deya uzil-kesil xulosa bildirish ayni chog‘da, yumshoqroq aytganda, shoshma-shosharlik bo‘lishi tayin.

Xalq vakillarining hududlarga chiqib, o‘z vakolatlari doirasida o‘rganishlar va nazorat-tahlil ishlarini olib borishi bu borada real holatlarga ko‘zgu tutib, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, odamlarni bugungi kundan rozi qilish yo‘lida hayotiy tashabbus va g‘oyalarni ishlab chiqishga zamin yaratmoqda.

Shu ma’noda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlarimizdan iborat ishchi guruh joylarda kambag‘allikni qisqartirish, bandlik, ta’limni rivojlantirish va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, pensiya tayinlash jarayonidagi masalalarni atroflicha o‘rganayotgani, muammolar yechimiga qaratilgan jo‘yali takliflarni ilgari surayotgani e’tirofga molikdir.

Yaqinda O‘zXDP fraksiyasi va partiya Markaziy Kengashi vakillari Namangan va Farg‘ona viloyatlarida bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, vaqt harchand tig‘iz bo‘lishiga qaramay, ishchi guruhi tomonidan viloyatning 12 ta tumani va 1 ta shahrida joylashgan mahallalar hamda ijtimoiy muassasalarda aholi, xususan, partiya elektorati bilan yuzga yaqin uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu uchrashuvlarda mingdan ortiq fuqarolar ishtirok etib, o‘zlarini o‘ylantirayotgan turli masalalarda muammo va takliflarini bayon qildi.

Yuzma-yuz muloqotlar asnosida «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining ustuvor maqsadlari va muhim vazifalar mohiyati, ahamiyati keng jamoatchilikka yetkazildi. Shu bilan bir qatorda O‘zXDPning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturi yuzasidan keng ma’lumotlar berildi. Partiya fraksiyasi a’zolarining ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari bilan tanishtirildi.

Aholi manfaatlarini hisobga olgan holda, partiyaning Saylovoldi dasturi va siyosiy pozitsiyasidan kelib chiqib, tashkilotlar kesimida jami 10 ta yo‘nalishda o‘rganish ishlari tashkil etildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlarini kafolatlash, pensiya tayinlash jarayonida uchraydigan muammolarni bartaraf etish, ta’lim sohasidagi kamchiliklarni aniqlash va zarur choralarni ko‘rish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash, subsidiyalar ajratish, bandlik darajasini yaxshilash, mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash, sifatli ijtimoiy, kommunal va xizmatlar ko‘rsatish holatlari o‘rganildi. Shuningdek, davlat budjeti va hududlarda investitsiya dasturlari ijrosi ustidan nazorat tadbirlari bilan bog‘liq masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi.

Tarozi bosgulik yutuqlar, ijtimoiy sohalarda siljishlar bor, biroq aniqlangan kamchiliklar ham oz emas. E’tirofli jihatlardan biri shuki, uchrashuvlar va nazorat-tahlil tadbirlarida mahalliy Kengash deputatlari hamda partiya hududiy tuzilmalari rahbarlari faol qatnashib, viloyat, tuman darajasida hal qilinishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar yechimida aniq chora-tadbirlarni belgilab olishdi.

Bugun xalq vakillari zimmasida vakolat ham, mas’uliyat ham karrasiga oshgan. Bu esa ularning faoliyatida mudroq kayfiyatga tamomila barham berib, jonkuyarlik, xalq dardida bedorlik xislatlarini toblayotgani mana shunday mazmundagi tadbirlar davomida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

 

Ko‘zdan panadagi muammolar bilan to‘qnash keldik

Zulayho Akramova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Kambag‘allikni qisqartirish va kuchli ijtimoiy himoyaning mukammal tizimini yaratish Yangi O‘zbekiston siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi. Barcha islohotlar «Inson qadri uchun» tamoyili asosida olib borilmoqda.

Aholi uchun muqim va daromadli ish joylarini yaratish, shu orqali kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirilgan transformatsiya dasturlari joylarda amaliy natijasini berayotganiga Namangan viloyati misolida ham guvohi bo‘ldik. Binobarin, joriy yilda respublika bo‘ylab 1,5 million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish, 5 mln 200 ming kishini ishli qilish ko‘zda tutilayotgan bir paytda ushbu maqsadga erishish barcha darajadagi davlat organi va tashkilotlarining birinchi da rajali vazifasiga aylangani, «Kambag‘allikdan — farovonlik sari» dasturi doirasida manzilli chora-tadbirlar qizg‘in tus olayotgani mazkur viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ham zalvorli o‘zgarishlarga turtki beryapti.

Bilamizki, vodiy ahli, jumladan, namanganliklarda omilkorlik, ishbilarmonlik salohiyati yuqori. Viloyatda sanoat va ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish jadal o‘sib bormoqda. Ziroatchilik, tomorqa dehqonchiligida ham namanganliklarning o‘z tajriba maktabi bor. Bu esa, tabiiyki, aholining bandlik darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu yilning o‘tgan qisqa davrida ishsizlik ko‘rsatkichi 1,2 foizga kamayib, 5,8 foizga tushgani – bu dadil natija!

Sohalar kesimida tahlil etilganida, tijorat banklari tomonidan aholini doimiy ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish yo‘nalishlarida 20,7 ming kishining bandligi ta’minlangan. Yuqorida aytib o‘tganimdek, sanoat va ishlab chiqarishdan tashqari, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalarida investitsiya dasturlarining izchil tatbiq etilayotgani yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatini oshirmoqda. Bundan tashqari, ishsiz fuqarolarni Namangan shahri, Uchqo‘rg‘on, To‘raqo‘rg‘on va Namangan tuman kasbiy ko‘nikmalar markazlarida hamda viloyat bandlik boshqarmasi tashabbusi bilan 23 ta nodavlat, 20 ta professional ta’lim muassasalari va 16 ta ustoz-shogird maktablarida bepul o‘qitish yo‘lga qo‘yilgani ayni muddaodir.

Qizig‘i, tumanlar kesimidagi o‘rganishlar davomida bu boradagi yutuqlar bilan birga ko‘zdan panada qolib ketgan qator muammolar bilan ham to‘qnash kelindi. Birgina misol keltiraman. Norin tumanida joriy yil boshidan aholini tadbirkorlikka jalb qilish orqali ish o‘rinlari ko‘proq yaratilgan. Bu yaxshi, albatta. Lekin mahallalarda faoliyat yuritayotgan xizmat ko‘rsatish (oshxona, sartaroshxona, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, kichik savdo do‘konlari va boshqalar) shoxobchalarida odatda 2 nafardan 10 nafargacha xodimlar ishlayotgan bo‘lsa-da, soliq hisobotlarida 1 nafardan ko‘rsatilgan. Xuddi shunday, ishlab chiqarish obyektlarida ham soliq hisobotlarida ishchi-xodimlar soni kam keltirilgan.

Bundan anglaymizki, mahalla yettiligi tomonidan o‘z hududida joylashgan yuridik korxona va tashkilotlarda legallashtirish va ish o‘rinlarini to‘liq ko‘rsatish bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirishga, tuman soliq inspeksiya bilan birgalikda mahallalardagi xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish obyektlarini qayta tekshiruvdan o‘tkazishga ehtiyoj sezilmoqda.

Tumanlarda Migratsiya agentligining bo‘limi mavjud bo‘lmagani sababli xorijdan qaytgan mehnat muhojirlarining hisobini yuritish, chet elga bormoqchi bo‘lgan fuqarolarga maslahat va yo‘nalishlar berish bo‘yicha muammolar ham o‘z yechimini kutib turibdi.

Fuqaro o‘zini o‘zi band qilishi uchun imtiyozli kredit olmoqchi bo‘lsa, «Onlaynmahalla.uz» platformasi orqali murojaat etishi lozim. Murojaat MFYdagi hokim yordamchisining tavsiyanomasi bilan bank tomonidan ko‘rib chiqiladi. Hokim yordamchisi mahallaga ajratilgan kredit limiti bo‘lsagina, tavsiyanoma berishi mumkin, yo‘qsa, fuqaroga «rad qilish» to‘g‘risidagi xabarnomani uzatishga majbur. Bu esa fuqarolarning hokim yordamchisiga ishonch hissi kamayishiga olib kelmoqda. Kreditni beruvchi – bank, javobgar esa hokim yordamchisi bo‘lib qolmoqda.

Migratsiyadan qaytgan fuqarolarni ishga olgan kichik va yirik korxonalarga bu xodimlarning malakasini oshirganligi uchun subsidiya ajratish tizimi ham qayta yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

O‘rganishlar va muloqotlar jarayonida aholi hamda tadbirkorlar bandlikni ta’minlash, kambag‘allikka qarshi kurashish borasida o‘zlari duch kelayotgan vaziyatlarga tayanib, mana shunday asosli takliflarni yetkazishga astoydil jidd-u jahd etgani bizni mamnun qildi. Demak, odamlarimiz ong-u tafakkuri o‘zgargan, ijtimoiy islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi uyg‘ongan, asosiysi, biz, xalq vakillariga umid va ishonch ko‘zi bilan qaramoqdalar.

 

Ta’lim rivojlansa, jamiyatda o‘sish bo‘ladi

Zuhra SHODIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijasi, el-yurt taqdiri, jamiyat hayotidagi o‘sish ta’lim-tarbiya rivojiga qaratilayotgan e’tibor, ajratilayotgan resurslar bilan uzviy bog‘liq.

Namangan viloyatida so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim va kasb-hunar ta’limi tizimida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilayotganini qayd etib o‘tish kerak. Viloyatning maktab bitiruvchilari respublika va xorijdagi nufuzli OTMga kirish bo‘yicha yildan-yilga yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgani buning yorqin dalili. Viloyatda bo‘lgan chog‘imizda eng chekka, olis hududlarda ham havas qilgulik sharoitlarga ega maktab va bog‘chalarni ko‘rib, ochig‘i, dilimiz yorishdi. Bilimga chanqoq o‘g‘il-qizlar, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan pedagog-o‘qituvchilar bilan uchrashuv va muloqotlar ular uchun ham, biz uchun ham foydali bo‘ldi.

Biz uchun foydalisi shundaki, hudud ta’lim tizimida uzoq yillardan beri yechimini kutayotgan muammolar bilan yuzma-yuz keldik. O‘sha muammolar bilan yashayotgan insonlarning tashvish va o‘ylarini yuragimizda his qildik. Xalqchil takliflar ishlab chiqish uchun dolzarb asoslarni belgilab oldik.

Masalan, Kosonsoy tumanida joylashgan 8-sonli umumta’lim maktabi 960 o‘rinli bo‘lib, bugungi kunda 1 ming 927 nafar (2 baravar ko‘p!) o‘quvchi tahsil olmoqda. Ta’lim muassasasida 4 ta inklyuziv sinf tashkil etilgan. Maktabda investitsiya dasturi asosida qo‘shimcha 540 o‘rinli o‘quv binosi qurilmoqda. Lekin Navbahor, Gulobod, Chorbog‘, Tagijar kabi mahallalardan olis masofadan qatnab o‘qiyotgan o‘quvchilar uchun qo‘shimcha maktabga ehtiyoj mavjud. Hududda yangi turar joylar qurilayotgani va aholi soni ortib borayotganini hisobga olgan holda kamida ming o‘rinli yangi maktab qurilishiga amaliy yordam so‘raldi.

Yoki Pop tumanidagi 7-bolalar musiqa va san’at maktabini borib ko‘rganimizda madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun qishda sovuq, yozda issiq, o‘rindiqlari qattiq, yoritgich chiroqlari talabga javob bermaydigan konsert zali muassasa jamoasi va o‘quvchilarining haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotganini bildik. Ushbu tumandagi 19-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti esa 1957 yilda hashar yo‘li bilan qurilgani va hozirgacha bu MTTda ta’mirlash yoki qayta qurish ishlari bajarilmagani bizni ham hayratlantirdi, ham o‘ylantirdi.

Chust tumanida esa aksariyat maktablarda bitta sinfda o‘quvchilar soni me’yordan ancha yuqori ekani, ellik foiz kompyuterlar yaroqsiz holatga kelib qolgani, oliy toifali o‘qituvchilarning kamligi, ko‘pchilik o‘qituvchilarning pedagogik mahorati hamda bilim darajasi pastligiga doir muammolar kishi ko‘nglini xijil qilmay qolmaydi.

Tizimdagi shu singari kamchilik va bo‘shliqlarni yanada aniqlashtirib olib, ularni hal etish borasida tezkor, natijador choralarni taklif qildik. Mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz ham o‘z hududlari bo‘yicha tegishli masalada deputatlik so‘rovi yuborish, xalq deputatlari tuman Kengashi komissiyasi va sessiyasiga kiritgan holda muammoni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatishga bel bog‘laganini aytib o‘tish o‘rinli.

Yana bir gap. Chet tillarini, zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rganish uchun maktabdan so‘ng o‘quv kurslariga, repetitorlarga borib, vaqt, pul sarflayotgan qancha yoshlarimiz bor. Shuning o‘zi ham umumta’lim maktablarida bu yo‘nalishlarda o‘qitishni yanada chuqurlashtirishga talab borligini ko‘rsatadi. Partiyamiz bu muammolarga yechim sifatida chet tillari hamda IT bo‘yicha mavzularni chuqurroq tushunish va teran o‘zlashtirish uchun maktablarda nazariy bilim hamda amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan o‘quv soatlarni, darslarni ko‘paytirish zaruratiga urg‘u berib kelayotgani bejiz emas.

Unutmaylik, taraqqiyotga faqat ta’lim orqali erishiladi. Qaysiki, jamiyatda inson kapitali rivojlansa, xalqning, millatning intellektual darajasi ortadi.

 

Qat’iy yondashuv kerak

Ilhom ATABAYEV,

O‘zXDP Namangan viloyat kengashi raisi:

– Bugungi kunda dunyoda inklyuziv jamiyat tushunchasi keng tarqalgan. Har qanday mamlakat yuksak taraqqiyotga erishishi uchun unda yashovchi har bir shaxs faol fuqarolik pozitsiyasini egallashi shart. Aynan shu me’yor nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham jamiyatimizdagi faolligi yanada oshishida o‘z tasdig‘ini topadi.

Yurtimiz hududlarida ochilgan va hozirda tizimli ravishda faoliyat ko‘rsatayotgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari nafaqat nogironligi bor shaxslar, shuningdek, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, zo‘ravonlikka uchragan ayollar kabi og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan hamyurtlarimizga har taraflama madad qo‘lini cho‘zib kelmoqda. Namangan viloyati shahar va tumanlaridagi «Inson» IXM tomonidan qilinayotgan ishlar, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash natijalarini o‘rganib, sohada yagona davlat siyosatini yurituvchi organning tashkil qilinishi ijtimoiy himoyani yangi bosqichga olib chiqqaniga yana bir bor ishonch hosil qildik.

Shu bilan birga viloyatda nogironligi bor shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha talay ishlar ham kutib turganini ko‘rdik. Misol uchun, Nogironlar jamiyati va Ko‘zi ojizlar jamiyatining tuman-shahar bo‘limlari uchun alohida, maxsus jihozlangan binolar kerak.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun banklar tomonidan kredit foizini pasaytirish maqsadga muvofiqdir.

Nogironligi bor shaxslar asosan jismoniy mehnat talab qilinadigan, daromadi kam bo‘lgan ishlarga jalb qilinayotgan holatlar ham, afsuski, bor. Bunday holatlarga yechim sifatida nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy kasblarga masofaviy o‘qitish tizimini yaratish hamda zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlash imkoniyatlarini kengaytirishning iqtisodiy va huquqiy asosini yaratish masalasini kun tartibiga qo‘ydik. Ayniqsa, ularning IT, dizayn va tarjimonlik kabi sohalar orqali masofaviy bandligini ta’minlash, tobora raqobatdoshligi ortib borayotgan mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishiga ko‘maklashish haqiqiy insonparvarlik namunasi bo‘ladi.

To‘raqo‘rg‘on tumanida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun elektr aravachalar, maxsus yurish, eshitish moslamalari, protez-ortopediya buyumlari yetishmasligi, borlarining ham sifati talabga javob bermasligi muammosi o‘rganildi. Korxona va tashkilotlarda nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun qulay sharoit yaratishga subsidiya berishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani va subsidiya berilishidagi to‘siqlarning ko‘pligi, inklyuziv ta’limning yetarli rivojlanmagani taassufli.

Ishchi guruhi o‘rganish jarayonida bu kabi muammolarni partiya a’zolari bilan chuqur o‘rganib, deputatlik so‘rovi yuborish, qator masalalarda esa qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashni belgilab oldi.

To‘g‘ri, ijtimoiy ko‘makka muhtoj insonlarni rozi qilish, turmush sifatini oshirish, barcha jabhada inklyuzivlik darajasini yuksaltirish bir zumda va oson kechadigan jarayon emas. Buning uchun davlat va jamiyatning hamkorlikda qat’iy yondashuvi kerak.

Xalq demokratik partiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini qat’iy turib himoya qiladi. Bu bizning ijtimoiy adolat tamoyillariga sodiqligimiz va sobitligimizni bildiradi.

 

Hech bir inson e’tibor va g‘amxo‘rlikdan chetda qolmasin!

O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikka asoslangan xalqparvar siyosat olib borilmoqda. «Inson qadri uchun» tamoyili asosida jamiyatdagi turli qatlamlarning manfaati, xohish-irodasini inobatga olish va ularni ro‘yobga chiqarishga katta e’tibor qaratilmoqda. Keksalar, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat va jamiyatimizning doimiy g‘amxo‘rligi ostida yashamoqda.

Albatta, bu boradagi islohotlar qanchadan-qancha odamlarning turmushida o‘zgarish yasagani, ularning hayotga ishonchi va umidini yuksaklarga ko‘targanini isbotlashga hojat yo‘q, nazarimizda. Bu yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratilgani natijasidir.

Xo‘sh, bu borada Farg‘onada nima gap? Jamiyatning ehtiyojmand qatlami himoyasi uchun viloyatda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

 

Ulug‘bek Vafoyev,

O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari:

– To‘g‘ri, e’tiborga arzigulik islohotlar olib borilyapti, ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlashga davlat tomonidan alohida ahamiyat berilyapti. Ammo qabul qilingan qonunlar va qaror, farmonlar ijrosi joylarda to‘liq bajarilmayapti. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqlarini amalda qo‘llash mexanizmlari to‘liq ishga solinmayapti.

Masalan, Ko‘zi ojizlar jamiyati Qo‘qon shahar bo‘limi faoliyatini o‘rganganimizda e’tibor qilinishi kerak bo‘lgan qator masalalar borligi ma’lum bo‘ldi.

Xususan, shahar ko‘zi ojizlar jamiyati atrofidagi yo‘llar qarovsiz holatda, ta’mirga muhtoj. Bu hududda ko‘zi ojizlar harakatlanishi uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda. Yurtimizda nogironligi bor odamlarning hammasi ham to‘shakka mixlanmagan. Aravacha, qo‘ltiqtayoq va boshqa ko‘makchi vositalar yordamida harakatlanadiganlar ham kam emas. Demak, avvalo, ularga to‘siqsiz muhit yaratilishi kerak.

Shuningdek, Ko‘zi ojizlar jamiyatiga davlat tomonidan pul ajratmalari tizimni rag‘batlantirishga yetmaydi. Shuning uchun tizimga homiy tashkilotlarni biriktirish, ko‘zi ojiz fuqarolar uchun ish o‘rinlari yaratish, ularni kasbga yo‘naltirish kurslarini tashkil qilish lozim.

Bundan tashqari, ishchi guruhi a’zolari Nogironlar jamiyatining Beshariq tumani hududiy bo‘linmasi faoliyati bilan ham tanishdi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, tuman Nogironlar jamiyatining hech qanday binosi yo‘q, vaqtinchalik «Fayziobod» MFY binosidan foydalanmoqda. Ushbu tashkilotda moddiy-texnik baza ham umuman yo‘q.

Tumanda eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga tibbiy xulosa berish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassisning (surdolog) faqatgina viloyat markazida faoliyat olib borishi chekka hududlardagi fuqarolarga qo‘shimcha noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Shularni inobatga olgan holda, tumanlar markaziy poliklinikalarida eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga tibbiy xulosa berish bilan shug‘ullanadigan surdolog faoliyatini tashkil qilish kerak, deb o‘ylaymiz. Hududlardagi Nogironlar jamiyati doimiy faoliyat olib borishi uchun muqim joy bilan ta’minlash va moddiy-texnik bazasini shakllantirish ham kechiktirib bo‘lmaydigan masala.

Mavzuga, real jarayonga yanada chuqurroq kirsak, viloyatda ehtiyojmand aholi vakillarini qo‘llab-quvvatlash, umuman olganda, ijtimoiy himoya tizimida hal etilishi kerak bo‘lgan ko‘p masalalar borligi oydinlashadi. Shuni unutmaylikki, ijtimoiy himoya, avvalo, huquqlar va imkoniyatlar tengligi masalasi, har bir inson insondek muomalaga loyiq, deganidir. Nogironligi bor insonlar ham ko‘p narsaga erishishi mumkin. Faqat ularni qo‘llab-quvvatlab, o‘ziga ishonchi, hayotga umidini oshirsak bo‘ldi.

Biz masalani shunchaki o‘rganmadik, shu joyga kelganda to‘xtab ham qolmaymiz. Mahalliy Kengashlardagi partiyamiz guruhlari bilan hamkorlikda bu boradagi nazoratni kuchaytirib, muammolarni xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasiga kiritamiz. Takliflarimiz amalga oshmaguncha tinchimaymiz.

 

Faxriddin Elmurodov,

O‘zXDP Markaziy Kengashi Tashkiliy-nazorat va kadrlar boshqarmasi boshlig‘i:

– Xalq demokratik partiyasi jamiyatimizda huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash tarafdori. Biz Farg‘onadagi o‘rganishlarimizda ham bu masalaga alohida e’tibor berdik.

Xususan, Ko‘zi ojizlar jamiyati Oltiariq tuman bo‘limi faollari bilan uchrashdik, bu boradagi muammolarni o‘rgandik.

Ma’lum bo‘lishicha, tumanda 550 ga yaqin ko‘zi ojiz, ko‘rishida nuqsoni bor fuqarolar yashaydi. Ko‘zi ojizlar jamiyati tuman bo‘limiga ma’muriy bino hamda nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash maqsadida kichik ishlab chiqarishlar tashkil etish uchun bino zarur. Shuningdek, ko‘zi ojiz fuqarolar uchun ixtisoslashtirilgan kutubxona hamda chet tillarini o‘qitish markazlarini tashkil etish lozim.

Bundan tashqari, tumanlardagi markaziy chorrahalarda ko‘zi ojiz fuqarolarning svetoforlardan mustaqil foydalanishi uchun ovozli qurilmalarni o‘rnatish zarur.

 

***

Partiyamiz faollarining ta’kidlashicha, viloyatda muhtoj oilalar va ehtiyojmand insonlar bilan manzilli ishlashni kuchaytirish kerak.

 

Taraqqiyot bilimli yoshlar bilan

Jamiyat taraqqiyoti, xususan, barcha soha va loyihalar muvaffaqiyati bilimli yoshlarga bog‘liq. Ilg‘or fikrlaydigan, yuqori salohiyatli kadrlarni shakllantirish, ilm-fan va innovatsiyalar rivoji avvalo, ta’limdan boshlanadi.

O‘qituvchi va o‘quvchiga o‘qitish va o‘qish uchun zarur sharoitlar yaratilsa, yoshlar o‘zini o‘zi rivojlantirish uchun qulay va zamonaviy muhitga ega bo‘lsa, kelajak poydevori shuncha mustahkam bo‘ladi.

Partiyamizning ishchi guruhi viloyatdagi ta’lim muassasalari faoliyati bilan ham tanishishdi. Hozir biz barcha jabhada jahon andozalariga bo‘ylashyapmiz. Xususan, ta’lim tizimida ham. Xo‘sh, vaziyatni viloyatdagi tuman va shaharlar misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, nimani ko‘ramiz?

 

Anvarxon Nabiyev,

xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashidagi O‘zXDP deputati:

– Nazorat-tahlil davomida Rishton tumanida yangi qad rostlayotgan 61-umumta’lim maktabida ham bo‘ldik. Ushbu maktab 2024 yil yakuniga qadar foydalanish uchun topshirilishi kerak edi. Ammo maktabda hanuzgacha to‘liq va to‘laqonli qurilish nihoyasiga yetmagan. Biz buning sababini o‘rgandik. Ma’lum bo‘lishicha, quruvchi firma kerakli mahsulotlarni yetkazib bermayapti. Partiya guruhi bilan hamkorlikda masalani chuqur o‘rganib chiqib, deputatlik so‘rovi yuborishni rejalashtirdik.

Shuningdek, ishchi guruhi a’zolari Buvayda tumanidagi 20-umumta’lim maktabida ham bo‘lishdi. «Oqtosh» qishlog‘ida joylashgan ushbu maktabda sport zali va oshxona yo‘q. Yo‘l chetida piyodalar yo‘laklari ham yo‘qligi uchun o‘quvchilar avtomobillarga mo‘ljallangan yo‘l atrofidan yurishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa avtohalokatlar bo‘lish xavfini oshiradi.

Bundan tashqari, faollarimiz bilan birga Qo‘shtepa tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabga ham bordik. Bu yerda barcha sharoitlar talabga javob beradi, o‘quvchilarning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi juda yuqori. Ammo maktabning 197 nafar o‘quvchisi 15-45 kilometr masofadan darsga qatnaydi. Yotoqxona tashkil qilish uchun bino bor, ovqatlanish sharoitlari bor. Yotoqxona tashkil etilsa, uzoqdan darsga qatnaydigan o‘quvchilar uchun ayni muddao bo‘ladi.

Ta’lim darajasi va sifati jamiyat istiqbolini belgilab beradigan muhim omildir. Shu ma’noda maktablarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, o‘quvchilar uchun barcha sharoitlarni yaratish masalasini eng oldingi o‘rinlarga qo‘yishimiz kerak. Busiz maqsadga erishib bo‘lmaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyatda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratilyapti. Biz Farg‘onadagi haqiqiy holatga nazar tashlaymiz. Kambag‘allikni kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va ularning natijalariga to‘xtalamiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun viloyatda 3,3 million aholi yashaydi. Shundan 2,2 million nafari mehnat qilishga tayyor iqtisodiy faol hisoblanadi. Ulardan 1,9 millioni iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilmoqda.

 

Javohir Bekturdiyev,

O‘zXDP Markaziy Kengashi tashkiliy-nazorat bo‘limi boshlig‘i:

– Kambag‘allikka barham berish qator tizimli masalalarni o‘z ichiga oladi. Bu iqtisodiy infratuzilma bilan birga, investitsiya yo‘naltirish, bandlik bilan bog‘liq barcha muammolarni yechish, ta’limni rivojlantirish kabi kompleks choralarni talab etadi. Mazkur masalalar Xalq demokratik partiyasi g‘oyalari bilan chambarchas bog‘liq.

Shundan kelib chiqib, biz bu yo‘nalishdagi nazorat-tahlil ishlarini viloyatning barcha tumanlarida olib bordik. O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘ldiki, hududlarda bu boradagi muammolar yetarli.

Fikrlarimizni Buvayda tumani misolida davom ettiramiz. Tumanda ishsiz fuqarolar uchun mehnat yarmarkalari o‘tkazilmoqda, ammo ular uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari o‘tkazishda biroz sustkashliklar bor. Mehnat migrantlari uchun amaliy yordam berish maqsadida onlayn o‘quv kurslari tashkil etilmagan. Xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini ishga joylashtirishda muammolar mavjud.

Shuningdek, biz Buvayda tumani sanoat zonasiga ham bordik. Bu yerda ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ustoz-shogird an’analari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Nogironligi bor shaxslarni ishga qabul qilishda beriladigan imtiyozlar xususida tadbirkorlar to‘liq ma’lumotga ega emasligi ham ma’lum bo‘ldi.

Nazorat-tahlil davomida har bir masalaga chuqur yondashishga harakat qildik. Soha mutaxassislari bilan suhbatlashdik, aholi bilan uchrashdik, e’tirozlarini tingladik, murojaatlarini o‘rgandik. Takliflarimizni ham shu asosda tayyorladik. Muammolarni sessiyalarda muhokama qilamiz.

Zarurat bo‘lsa, parlament va deputatlik so‘rovi yuborilib, mutasaddilar oldiga masala qat’iy qo‘yiladi. Maqsadimiz aholini o‘ylantirayotgan muammolarni qisqa vaqtda va tizimli hal etishdan iborat.

 

***

Albatta, elektoratimiz manfaatlari bilan bog‘liq har qanday masalaning nazoratga olinishi yaxshi. Bu mutasaddilarning xalqimiz oldidagi mas’uliyatini oshirish, aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan muammolarning yuzaga chiqishi, bartaraf etilishi uchun muhim. Chunki joylarda qayd etish va aytish bilan cheklanib qolinayotgan holatlar bor...

Partiyamiz faollarining nazorat-tahlil natijalaridan yana ko‘plab ma’lumot va raqamlar keltirish mumkin. Gap ko‘rsatkichlarda emas, aniqlangan muammolarni vaqtida bartaraf etishda, buning uchun asosli va o‘tkir takliflar tayyorlashda. Shu boisdan biz eng muhimlariga to‘xtalishni joiz topdik.

Eng muhimi, partiyamiz ishchi guruhi joylardagi o‘rganishlar, nazorat-tahlil tadbirlarida shunchaki ko‘rib, ma’lumot yig‘ish emas, balki natijagacha borish amaliyotini yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu ijtimoiy masalalar yechimiga ijobiy ta’sir qilishiga ishonamiz!

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari

Farida MAHKAMOVA,

Laziza Sherova

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 26.3.2025, №12

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish