Xalq uchun xizmat qiladigan qonunlar

 

Huquqiy adolat va davlat organlari faoliyati ochiqligining muhim shartidir

Mutaxassislarning fikricha, mehnat migratsiyasi tufayli ish o‘rinlari va mehnat taqchilligi bor mamlakatga «intilish» iqtisodiy rivojlanishning muhim xususiyati hisoblanadi. Iqtisodiyotning rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan moliyaviy «donor» esa tashqi mehnat migratsiyasi hisoblanadi. O‘zbekiston iqtisodiyoti yiliga o‘rtacha 300 mingga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda. Qariyb 200 ming fuqaro esa ish izlab, chet elga ketadi. Mazkur masaladagi mutaxassislarga ko‘ra, buni yuqori demografik o‘sish bilan izohlash mumkin. Jarayonning o‘zi esa «demografik dividend» sifatida baholanadi. Ya’ni, migratsiya degani fuqarolarni bir yoqqa chiqarib yuborish emas, migratsiya — bu ishchi kuchi eksportidir.

E’tiborlisi, ushbu tushuncha va amaliyot butun dunyoda mavjud. Davlatning vazifasi esa iqtisodiy salohiyatni oshirishga xizmat qiluvchi mazkur jarayonni sifatli tartibga solishdan iborat.

Masalan, mamlakatdan chiqib ketayotgan fuqaroning muayyan bilim-ko‘nikmalarni egallashi va til o‘rganishini ta’minlash talab etiladi. Shundan kelib chiqib, milliy qonunchiligimizda migratsiya masalalariga oid normalar yangilanib, takomillashtirib boriladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy haftadagi majlisida «Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Avvalroq ayni masala O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilingan edi.

Deputat Sayyora Imomova loyiha haqida fikrlarini bildirar ekan, migrant bo‘lish oson emasligini ta’kidladi. Va bu sinovdan o‘tish uchun katta sabr va matonat kerakligiga urg‘u berdi. Shuning uchun migratsiyaga oid muammolarni hal qilish uchun kompleks yondashuv talab etiladi.

Aytish kerakki, partiya o‘z Saylovoldi dasturida mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator masalalarni ilgari surgan. fraksiya a’zolari ushbu jihatni inobatga olgan holda o‘z takliflarini bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni ish beruvchidan yoki buyurtmachidan undirish tartibi bekor qilinmoqda. Qolaversa, sarhadlarimizdan tashqarida ish qidirayotgan shaxslardan respublikamizdan tashqaridagi ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun haq undirish bo‘yicha taqiq olib tashlanmoqda. Migratsiya agentligiga xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llash vakolati berilyapti.

Deputatlarga ko‘ra, bu ayni muddao. Chunki joylarga chiqqanda saylovchilar ushbu masalaga oid qator savollar bilan hamda yordam so‘rab, murojaat qilgan.

Qolaversa, xususiy bandlik agentliklariga xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ushbu jarayonga hamkor xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini kafolatlash, migratsiya sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirgan holda xususiy sektorni yanada kengroq jalb qilish hamda xizmatlarni raqamlashtirish jarayonlarini tartibga soladi. Ana shunga asoslanib, loyiha ma’qullandi.

 

Bir oy kelmagan jarima to‘lanmasligi mumkin

Sir emaski, yo‘llar tartibni yoqtiradi. Bu esa unda harakatlanuvchilar zimmasiga qator majburiyatlar yuklaydi. Aks holda, turli achinarli hodisalar kelib chiqishi muqarrar. Qonunchilik palatasining majlisi hamda partiya fraksiyalarida muhokama qilingan yana bir qonun loyihasi ushbu tizimga oid o‘zgarish xususida bo‘ldi. Ya’ni, «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda yo‘l harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda xavfsizlikni nazorat qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlashni sifat bosqichiga chiqarish, haydovchilar va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, shuningdek, yo‘l harakatining tashkil etilishini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.

Biroq bu hammasi iziga tushib, muammolarga barham berildi, degani emas. zamon insoniyat oldiga yangi imkoniyatlarni qo‘yar ekan, ularga mos ravishda majburiyatlarga ham ishora qiladi. Shu ma’noda xalqaro tajriba o‘rganilib, umume’tirof etilgan me’yorlarga amal qilish muhim sanaladi.

Qonun tashabbuskorlariga ko‘ra, ayrim xorijiy davlatlarda ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarima jazolaridan tashqari «og‘zaki ogohlantirish» va «ogohlantirish» jazosi mavjud. Bunda birinchi marta kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarni jarimaga tortish o‘rniga, sodir etgan qilmishining ijtimoiy oqibatlarini tushuntirgan holda ogohlantirish amaliyotda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olishda yuqori natijalarni bermoqda.

Shuning uchun taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga «ma’muriy ogohlantirish» jazo chorasini kiritish nazarda tutilgan. Ya’ni, ijtimoiy xavfligi kam bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish jazosini qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda. Misol uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 6-moddasida aks etgan qoidalar, ya’ni kamar taqmaslik, texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagani, tegishli anjomlar bilan jihozlanmagani, telefon, monitordan foydalanish, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik, majburiy sug‘urta qilinmagani, piyodalar va boshqalar tomonidan birinchi marta qoidabuzarlik sodir etilganda, jarima emas, ma’muriy ogohlantirish chorasi qo‘llaniladi. Bu chora bir yilda bir marta amal qiladi.

Muhim yangiliklardan yana biri, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun foto va video orqali rasmiylashtirilgan jarimalar bir oydan kech yuborilsa, ular haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Gap shundaki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasiga yangi norma kiritilmoqda. Xususan, yo‘l harakati qoidalari buzilgani maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir qilingan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin. Qolaversa, yo‘lning uzuksiz chizig‘ini bosish kabi ayrim holatlar foto-video moslamalar orqali qayd etilmasligi kutilmoqda.

Loyiha avtomobillardan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, sohada fuqarolarni qiynab kelayotgan ayrim muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. Taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar qanchalar hayotiy bo‘lmasin, modda va me’yorlar bir-birini inkor qilmasligi zarur. Shu ma’noda deputatlar ayrim savollar bilan murojaat qildi.

Jumladan, tegishli kodeksning boshqa bir moddasida sudlar tomonidan qoidabuzarlik uchun jazoni yengillashtirish huquqi belgilangan bo‘lib, ularda «ma’muriy ogohlantirish» javobgarligi qo‘llanilishi mumkinmi, degan savol yo‘llandi. Shuningdek, bir marta qo‘llaniladigan taqiq 33-moddaga zid bo‘lib qolmaydimi, deb so‘rashdi deputatlar.

Qayd etilishicha, ogohlantirishga oid jazo turli huquqbuzarlikning profilaktikasi maqsadida kiritilmoqda. Shu tariqa kelgusida boshqa qoidabuzarliklarning oldini olish uchun huquqbuzar ogohlantiriladi. Sud qarori bilan jazoni yengallashtirishga oid modda va unga aloqador normalar saqlanib qoladi.

Uzoq davom etgan muhokamada yana ko‘plab savollar berildi. Ikkinchi o‘qishgacha o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan jihatlarga aniqlik kiritildi. Quyi palata a’zolari fikricha, qonun qabul qilinsa, fuqarolar jarimalar haqida o‘z vaqtida xabardor bo‘ladi. Kech yuborilgan qarorlar esa bekor qilinishi mumkin. Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida loyiha konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.

 

Fraksiya e’tiroz bildirdi

Fraksiya yig‘ilishlarida qizg‘in muhokama qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tafovut hamda ziddiyatlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi palata majlisida ko‘rib chiqildi.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, mazkur qonunning zarurati bir qancha masalalarni qamrab olgan. Avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi bilan milliy qonunchilikni takomillashtirish nazarda tutilgan. Ushbu hujjatlarda qonun ijodkorligi jarayoni sifati va samaradorligini oshirish, huquqiy tartibga solish barqarorligini ta’minlash belgilangan.

Shuningdek, norma ijodkorligi faoliyatida huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar nazarda tutilgan hamda huquqni qo‘llash amaliyotining bir xilligini ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Bu esa ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Fraksiya yig‘ilishida uzoq davom etgan muhokamalarda ko‘plab masalalarga oydinlik kiritish kerakligi ta’kidlangan bo‘lib, deputatlar bu borada o‘z takliflarini bildirgan edi. Palata majlisida esa partiya fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov fraksiyaning e’tirozlarini bayon qildi.

Ta’kidlandiki, avvalo, qonun loyihasining nomi uning konsepsiyasi va mazmuniga mos kelmaydi. Ya’ni, loyiha 12 ta qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish bilan cheklanmaydi. Shuningdek, tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yilmagan va sohalar bo‘yicha pala-partish tahlil qilingan. Birinchidan, loyihada tarmoqlar va sohalar saqlanib qolmagan. Masalan, iqtisodiy qonunchilikka, sud-huquq tizimiga, sanoat, ijtimoiy sohadagi bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan va qonun nomiga ko‘ra ziddiyatlar emas, muvofiqlikka urg‘u berilgan.

Fraksiya rahbariga ko‘ra, bu qonun ijodkorligi nuqtai nazaridan loyihani sifatli muhokama qilishda noqulayliklarni yuzaga keltiryapti. Zero, loyiha yo‘nalishidan kelib chiqib, bir qo‘mitaga taalluqli bo‘lmay, aralashib ketgan.

Bundan tashqari, qonun loyihasining muqaddimasiga e’tibor beriladigan bo‘lsa, u yerda maqsad-vazifalar to‘liq aks ettirilmagan. Qonun loyihasi tafovutlarning oldini olishga qaratilgan, biroq inson huquqlari bilan bog‘liq konstitutsion normalarni amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish nazarda tutilmagan.

Partiya fraksiyasi mana shularni inobatga olgan holda, loyiha matnini tahrir qilib, keyin qayta kiritish kerak, degan fikrni bildirdi.

Fraksiya a’zolari boshqa yo‘nalishlardagi qonunlarda tafovutlar borligini, ularni ham tezroq bartaraf etish lozimligini ta’kidladi. Zero, deputatlar bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, yordamga tayyorligini ma’lum qildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, O‘zXDP ijtimoiy tenglik, aholi manfaatlarini himoya qilish, huquqiy adolat va davlat organlari faoliyatining ochiqligiga xizmat qiluvchi qonunlarni qo‘llab-quvvatlashni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi. Yig‘ilish yakunida fraksiya a’zolari kelgusida ham xalq manfaatlarini ifoda etuvchi, fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan qonunlar ishlab chiqilishida faol ishtirok etishini ma’lum qildi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 18.6.2025, №24

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish