
Yangi O‘zbekistonda otayotgan har bir yangi tong xayrli maqsadlarimiz sari yo‘l ochayotgani xalqimizning osoyishta va farovon hayotida yaqqol aks etmoqda. Mana shunday shukuhli kunlarda milliy istiqlolimizning o‘ttiz to‘rt yillik shonli sanasini har tomonlama munosib, yuksak saviyada nishonlash tadorigi shahar-u qishloqlarimizda, har bir mahallada qizg‘in boshlab yuborildi.
34 yil tarix uchun ko‘z ochib-yumgulik fursat. Ammo ushbu qisqa davrda, avvalo, el-u yurtimizning xohish-irodasi, kuch-qudrati, mashaqqatli va bunyodkorona mehnati evaziga jahon xaritasida yangi, o‘z kuchi va salohiyatiga tayangan, taraqqiyot yo‘lidan barqaror sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan suveren O‘zbekiston davlatining paydo bo‘lishi, hech shubhasiz, xalqimizning tarixiy g‘alabasidir. Ayniqsa, so‘nggi sakkiz yilda Vatanimiz rivojlanishning tom ma’noda yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Mamlakatning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy sohalaridagi islohotlari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotganiga barchamiz guvohmiz.
O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan uzoq muddatli maqsadlar orqali xalq farovonligini ta’minlash, iqtisodiyotni yanada mustahkamlash va siyosiy barqarorlikni saqlashga intilmoqda. Prezident tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi asosida jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini kuchaytirish, inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish, dunyo mamlakatlari bilan faol hamkorlik qilish jarayoni izchillik kasb etmoqda.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy hayoti keskin o‘zgardi. Barcha jabhada inson qadri va xalq manfaati ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi dadil islohotlar natijasida qisqa muddatda iqtisodiyotimiz shiddat bilan o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi tarixda birinchi marta 110 milliard AQSH dollaridan oshdi. Yurtimizda “yashil” va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish, muqobil energiya manbalarini yaratish bo‘yicha ulkan dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, ta’lim tizimida yangi rivojlanish bosqichi yo‘lga qo‘yildi. Xalq ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida zamonaviy imkoniyatlar yaratilmoqda. Yosh avlodga sifatli ta’lim berish uchun davlat budjetidan salmoqli mablag‘lar ajratilmoqda.
Mustaqillik kuni – O‘zbekiston xalqining milliy bayrami. Har yili bu kun o‘zgacha tantana bilan nishonlanadi, mamlakat bo‘ylab turli madaniy tadbirlar, konsertlar, ko‘rgazmalar va ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkaziladi. Ushbu bayram xalqimizning o‘z erki, yurtga muhabbati va kelajakka bo‘lgan ishonchini nishonlash kuni hamdir. Zero, milliy suverenitet va mustaqillik Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun xizmat qiladigan mustahkam siyosiy-ijtimoiy zamin hamda kuch-qudrat manbai hisoblanadi.
Dilbar MAMAJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 16.7.2025, №28